13:45 / 26.07.2022
4934

Sirdaryoda sport anjomlari xarid qilishda 1,2 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘i talon-toroj qilindi

DXX cport sohasida yana bir katta talon-torojlikni aniqladi. Sirdaryoda sport anjomlari xarid qilishda 1,2 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi.

O‘zA xabariga ko‘ra, 2021 yilning dekabr oyida Sirdaryo viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan 24 turdagi jami 2612 dona sport anjomlarini xarid qilish uchun 7 ta firma bilan umumiy qiymati 1 mlrd 976 mln 778 ming so‘mlik 31 ta shartnoma tuzilgan. 

Lekin, bosh boshqarma hamda firmalarning mansabdor shaxslari o‘zaro kelishgan holda sport anjomlarining sun’iy qimmatlashtirilgan narxlarda oldi-sotdisini amalga oshirishgan.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan sudga oid tovarshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, umumiy o‘rtacha bozor qiymati 720 mln 361 ming so‘mni tashkil etgan sport anjomlari 1 mlrd 976 mln 778 ming so‘mga sotib olingan.

Bundan oldin suzish federatsiyasida 1 mlrd so‘m talon-toroj qilingani xabar berilgandi.

Top