21:49 / 28.07.2022
13485

The National Interest: O‘zbekiston afg‘on muammosini hal etish bo‘yicha yangicha yondashuv ishlab chiqilishida yetakchilikni zimmasiga oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 26 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” xalqaro konferensiyasi jahon bo‘ylab qator axborot agentliklari tomonidan yoritildi.

Foto: Kollaj

“Dunyo” axborot agentligining xabar qilishicha, tadbirni yoritish uchun “Kyodo News” AA (Yaponiya), “Arezu Radio TV” telekanali (Afg‘oniston), “Reuters” xalqaro axborot agentligi va “VVS” teleradiokompaniyasi (Buyuk Britaniya), “Fars News” AA (Eron), “Kazinform”, “Xabar” va “Atameken” agentliklari (Qozog‘iston), “Sinxua” AA (Xitoy), “Kabar” AA (Qirg‘iziston), “Rossiya 24” telekanali va “Moskovskiy komsomolets” gazetasi, “Rossiya segodnya”, “Fergana”, TASS, “Interfaks” AA (Rossiya), “Anadolu” AA va “TRT” teleradiokompaniyasi (Turkiya), “Frans-press” AA (Fransiya), “Al-Jazira” telekanali (Qatar) va boshqa ommaviy axborot vositalarining muxbirlari bevosita Toshkentda bo‘ldi.

Qator nashrlar e’lon qilgan xabarlarda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanning asosiy maqsadi jahon hamjamiyatining Afg‘onistonga nisbatan umumiy yondashuvlarini ishlab chiqish, jumladan, yangi hokimiyat organlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, afg‘on xalqiga nizodan keyingi mamlakat hayotini yo‘lga qo‘yish va mustaqil, barqaror va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat qurishda yordam berishdan iborat ekani haqida so‘z yuritildi.

Bir necha nashrlar tadbirni yoritarkan, anjuman 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ortiq ishtirokchilar, shuningdek, BMT, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti vakillarini o‘z atrofiga jamlaganini qayd etdi.

Islom hamkorlik tashkilotining “UNA – OIC” axborot agentliklari ittifoqi saytida “O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash ustuvorligini ta’kidladi” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashni umumiy ustuvor vazifa deb tan olishga chaqirgani, bu esa ushbu jafokash mamlakatda barqaror tinchlikka erishishning muhim sharti ekani yozilgan.

Qatarning “Al-Jazira” telekanali Toshkent konferensiyasidan videoreportajlar namoyish etib, anjuman chog‘ida xalqaro hamjamiyatning asosiy shartlari – keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, ayollar va milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash, afg‘on qizlari uchun to‘laqonli maktab ta’limi olish uchun imkoniyat berish bo‘yicha kelishuvlar bajarilishiga erishish imkoniyati ko‘rib chiqilganini xabar qildi.

Afg‘onistonning “TOLOnews” axborot agentligi Toshkent anjumani yakunlari bo‘yicha material tarqatib, Afg‘oniston hukumati delegatsiyasi rahbari, tashqi ishlar vaziri v.b. Amir Xon Muttaqiy matbuotga intervyu bergani va unda Afg‘oniston muammosini muloqot orqali hal qilish bo‘yicha maxsus maydon yaratgani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirganini ma’lum qildi.

Turkiyaning “TRT” teleradiokompaniyasi Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanning borishi haqida reportajni efirga uzatar ekan, O‘zbekiston prezidentining xalqaro tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati mazmuniga e’tibor qaratdi.

Reportajda Mirziyoyev Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishining oldini olishga chaqirgani, aks holda bu mamlakatda gumanitar vaziyat yanada yomonlashishi muqarrar ekani haqidagi fikrlari keltirilgan. Gap millionlab odamlarning taqdiri, shuningdek, tinch yo‘l bilan hal qilish uchun muayyan qadamlar qo‘yayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatishga intilayotgan mamlakatning muvaqqat hukumatini qo‘llab-quvvatlash haqida ketmoqda.

“O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan yangicha yondashuvni ishlab chiqishda yetakchilik qilmoqda, – deyiladi Amerikaning “The National Interest” jurnalida chop etilgan maqolada. – Toshkent nafaqat xavf-xatarni kamaytirishga intilmoqda, balki iqtisodiy aloqalar va mintaqaviy rivojlanishni rag‘batlantirish bo‘yicha ulkan dasturni amalga oshirmoqda”.

Amerikalik jurnalist Jyeykob Xeylbrunning qayd etishicha, Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo-sotiqni osonlashtiruvchi tranzit davlat sifatidagi konsepsiyasini ilgari surish Afg‘oniston hukumatini mafkuradan ko‘ra iqtisodiyot va savdoga e’tibor qaratishga undashi mumkin.

“Afg‘onistonning barcha qo‘shnilari ichida O‘zbekiston bu borada yetakchilik qilish uchun eng qulay maskan”, – deydi ekspert.

Rossiyaning “Interfaks” agentligi o‘z xabarlaridan birida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov konferensiyadagi nutqida Afg‘onistonning xorijdagi aktivlariga qo‘yilgan taqiqni yechish masalaga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaganini qayd etgan.

Bu agentlik, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Naziriy o‘z tashkiloti Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Afg‘oniston bilan hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga hissa qo‘shadigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirganiga ham e’tibor qaratgan.

TASSning xabar berishicha, tadbirda so‘zga chiqqan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri v.b. Amir Xon Muttaqiy uning mamlakati barcha qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishni istashini, xalqaro hamjamiyatga berilgan va’dani bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidlagan.

Bu agentlik tomonidan e’lon qilingan yana bir materialda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatidan iqtibos keltirilgan: “BMT Afg‘onistonda tinchlikni mustahkamlash, gumanitar yordam ko‘rsatish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va inson huquqlarini himoya qilishda davom etadi”.

Shuningdek, materialda O‘zbekiston Afg‘onistonning yangi hukumatini terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzishga chaqirgani qayd etilgan.

“Koalitsion hukumat va ayollar huquqlarini hurmat qilish Afg‘onistonda barqarorlik kafolatidir. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov aytib o‘tdi”, deb yozadi boshqa bir rus nashri “Fergana”.

Agentlik Afg‘oniston ishtirokida amalga oshirilayotgan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temiryo‘l qurilishi bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning xavfsizlik kafolatlari haqida ham ma’lum qilgan. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashevning Rossiya OAVga ma’lum qilishicha, Afg‘oniston tomoni yo‘l qurilishi xavfsizligini ta’minlaydi, bunda O‘zbekiston va Pokistondan xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar jalb etiladi. Ayni paytda mazkur loyihaga xalqaro investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Misrning “news.in-eg.com” elektron nashrida Vladimir Norovning Amir Xon Muttaqiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuviga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Unda qayd etilganidek, uchrashuv chog‘ida Afg‘oniston delegatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusi o‘z vaqtida bo‘lgani, bu xalqaro hamjamiyatga Afg‘onistondagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot olish imkonini berishi ta’kidlangan.

“Bundan tashqari, afg‘on delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami, jumladan, Termiz shahridagi ko‘p tarmoqli transport-logistika xabi faoliyati, shuningdek, energetika va infratuzilma loyihalari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, – deyiladi materialda. – Vladimir Norov afg‘on tomonini xalqaro hamjamiyatning asosiy talablarini imkon qadar tezroq bajarish, jumladan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish, qizlarning to‘liq maktab ta’limidan foydalanishini ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga da’vat etdi”.

Top