17:19 / 29.07.2022
13865

AQShdagi auksionda «Hitlerning qo‘l soati» sotildi

Nemis natsistlari yetakchisiga tegishi ekani taxmin qilinayotgan aksessuar bir million dollardan ko‘proqqa sotildi. Auksion tashkilotchilari yahudiy tashkilotlari tomonidan keskin tanqidga uchradi.

Foto: watchpro

Bir paytlar Adolf Hitlerga tegishli bo‘lgan qo‘l soati 28 iyul, payshanba kuni AQShning Merilend shtatidagi Alexander Historical Auctions auksion uyida 1,1 mln dollardan (1,08 million yevro) ko‘proqqa sotildi. Buyum oltin qutisiga burgut, svastika va nemis natsistlari yetakchisining bosh harflari o‘yib yozilgan. Lot boshlang‘ich narxidan ancha past sotildi: aksessuar uchun 2 milliondan 4 million dollargacha mablag‘ tushishi kutilgandi.

Kimoshdi savdosida natsistlar davriga oid yana bir qancha artefaktlar ham sotildi. Xususan, Alexander Historical Auctions auksion uyi sayti ma’lumotiga ko‘ra, Berlindagi reyxskanselyariyada joylashgan imperator burguti uchun 200 ming dollar to‘langan. Hitler Chexoslovakiyaning nemislar yashaydigan chegara hududlarini natsistlar Germaniyasiga qo‘shib olish to‘g‘risida 1938 yilda Myunhen bitimini imzolagani iddao etiladigan bronza byuvar (papka, portfel turi) 290 ming dollarga sotib olindi. 

Kimoshdi savdo uyi ma’lumotlariga ko‘ra, oltin soat Hitlerga 1933 yilda NSDAP a’zolari tomonidan sovg‘a qilingan. Ular 1945 yil 4 mayda - Hitler Berlinda o‘z joniga qasd qilganidan to‘rt kun o‘tib - Hitlerning Berxtesgadendagi sobiq Alp qarorgohida fransuz askari tomonidan topilgan. Soat bir necha o‘n yillar davomida askar oilasida bo‘lgani aytiladi. 

Kimoshdi savdosi boshlanishidan oldin ham auksion tashkilotchilari keskin tanqidga uchradi. Yevropa yahudiy tashkilotlari assotsiatsiyasi (EJA) hatto auksionni bekor qilishga chaqirdi. «Bunday narsalarni sotish - jirkanch», dedi EJA raisi, ravvin (yahudiylar ruhoniysi) Menahem Margolin kimoshdi savdosi tashkilotchilariga ochiq xatida. 

Natsizm merosi, agar kerak bo‘lsa, muzeylarda o‘z o‘rniga ega, ammo kimoshdi savdosida emas, deb ta’kidladi Margolin. Hitler - «genotsid tashkilotchisi»ga tegishli narsalarni sotish natsistlar davrining dahshatlaridan saboq olishga yordam bermaydi, dedi u natsistlar qurboni bo‘lgan olti million yahudiyni nazarda tutib. 

Maktubni Yevropa va Isroildan kelgan yahudiy tashkilotlarining 30 dan ortiq vakillari, jumladan Berlindagi Germaniya-Isroil jamiyati imzolagan. 

2017 yilda Alexander Historical Auctions urush tugaganidan keyin Berlindagi «fyurer» bunkeridan topilgan Hitlerning qizil telefonini 243 ming dollarga savdoga qo‘ygan va bu ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. 

Mavzuga oid
Top