11:37 / 01.08.2022
8241

Qarshida qaynisinglisini oftoba bilan urib o‘ldirgan shaxs ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochgani ma’lum bo‘ldi

Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan shifoxona xodimlariga tegishli tartibda chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshida qaynisinglisini oftoba bilan urib o‘ldirgan shaxs qotillikdan avval ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati SSB axborot xizmati holatni tasdiqladi.

SSB munosabatida yozilishicha, Qarshi shahrida qaynisinglisini oftoba bilan urib o‘ldirgan shaxs 2018 yildan beri dispanser nazoratida bo‘lgan. Muntazam ambulator va statsionar tartibda davolanib kelgan. U avval ham o‘z yaqinlariga tan jarohati yetkazgani tufayli 2019 yildan 2021 yilgacha Buxoro viloyatida joylashgan nazorati kuchaytirilgan shifoxonada majburiy davolangan. Davo muddatini o‘tab bo‘lgandan so‘ng yashash joyiga mutaxassis nazoratiga jo‘natilgan. 2021 yilda “Tajovuzkor bemorlar” maxsus hisobiga olingan.

Keyingi paytlarda uning ruhiyatida yana o‘zgarish bo‘lgani sababli IIB xodimining aloqa xatiga asosan 2022 yil 21 may kuni viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan. 2022 yil 17 iyul soat 6:40 da nonushtaga olib chiqilayotgan paytda navbatchilikda bo‘lgan xodimlar mas’uliyatsizligi sababli bemor bo‘limdan qochib ketgan. Bu haqda darhol uning oilasiga xabar berilgan. Bemorning shifoxonadan qochgani haqida IIB xodimlariga xabar berishga ulgurilmasdan u jinoyatga qo‘l urgan.

«Mazkur holat viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasida muhokama qilinib, ruhiyatida o‘tkir o‘zgarishlar kuzatilayotgan bemorlarda o‘rnatiladigan alohida nazorat tadbirlariga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha qat’iy choralar belgilangan. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan shifoxona xodimlariga tegishli tartibda chora ko‘riladi», deyiladi viloyat SSB munosabatida.

Top