10:40 / 02.08.2022
9951

DXX katta miqdordagi narkotik moddalarni musodara qildi 

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda xizmat xabarida aytilgan.

Foto: Videodan kadr

DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Paxtachi tumanidagi “Samarqand muntazam” YPX maskanida “Spark” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi

Natijada, avtomashinada Urgut va Oqdaryo tumanlarida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ketayotgani ma’lum bo‘lib, ular yonida 10 kilogramm “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlandi va o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi. Ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu moddani Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Termiz tumanida yashovchi, 1983 va 1986 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro 2 kilogramm 60 gramm “opiy” moddasini 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ular Tojikistondan keltirilgan ushbu giyohvandlik vositasini Termiz shahrida istiqomat qiluvchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqarodan 28 ming AQSh dollariga sotib olgani aniqlanib, u ham ushlandi.

DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod-Guliston yo‘nalishida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtomashina Boyovut tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Tojikiston fuqarosi bo‘lgan, 1964 yilda tug‘ilgan shaxs yonida 1 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, u mazkur narkotikni Qozog‘istonga o‘tkazishni rejalashtirgan. 

Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi esa o‘z shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, 1992 yilda tug‘ilgan ayol bilan Surxondaryo viloyati Denov tumaniga borib, Tojikistondagi narkosavdogardan 11 ming AQSh dollariga sotib olingan 976 gramm “opiy” va 994 gramm “gashish” giyohvand moddalarini kontrabanda yo‘li bilan mamlakat hududiga o‘tkazadi. So‘ng ular narkotik moddalarni olib qaytayotgan vaqtlarida Marg‘ilon shahrida DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Boshqa holatda esa Yozyovon tumanidan Marg‘ilon shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1979 va 1983 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki nafar fuqaro yonida Qirg‘izistondan olib kelingan 698 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan shaxs 1 kilogramm 961 gramm “gashish” moddasini shartli xaridorga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bu yo‘nalishda DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaro yonida 968 gramm “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi. U mazkur narkotik moddani Qirg‘izistondagi tanishidan 7 ming AQSh dollariga sotib olib, uchinchi shaxslar imkoniyatlari orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 14 kilogramm 734 gramm “opiy” va 3 kilogramm 923 gramm “gashish” moddalari musodara qilindi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top