14:22 / 02.08.2022
25726

Qozog‘iston qirg‘izlarning Qambarota-1 GESini qo‘llamoqda: bunga sabab nima?

Qozog‘iston prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi yakunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi investitsion bob ochib beradi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra asosiy yangiliklardan biri Qosim-Jo‘mart To‘qayevning Qambarota-1 GESini qurish bo‘yicha loyiha taklif qilgani bo‘ldi, deb yozadi Eurasiatoday.

Nashrga ko‘ra, bu Qirg‘iziston uchun nihoyatda muhim yangilik, chunki u istiqbolda respublikada energiya taqchilligi muammosini hal etish bilan birga suv-energetika tartibga solish tizimi imkoniyatlarini yaxshilab, Norin daryosi basseynidagi hamkorlik salohiyatini ham mustahkamlaydi. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasi uchun birinchi raqamli mavzu.

Voqeaning muhimligini tushunish uchun GES barpo etish tashabbusi sobiq ittifoq davridayoq muhokama qilinganini esga olish kifoya. Shundan so‘ng Rossiya bilan kooperatsiya qilishga urinishlar bo‘ldi, lekin nimagadir kutilgan natijaga erishilmadi.

Boshqacha aytganda, loyiha uzoq yillar noaniqlik tumani ichida qolib ketdi. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli, chunki transchegaraviy daryolarni «jilovlash»ga faqat qo‘shnilarning roziligi bilan erishish mumkin. Bu o‘rinda o‘zaro tushunishga erishilmagandi.

SSSR parchalangach Markaziy Osiyodagi bir vaqtlar yagona bo‘lgan suv-energetika kompleksida qarama-qarshiliklar va o‘zaro gina-kuduratlar yig‘ilib qolgan edi.

Markaziy Osiyo daryolarining suv taqsimoti

Jumladan, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bu obekt qurilishiga qarshi chiqib, sug‘orish uchun foydalaniladigan suv Qirg‘iziston tomonidan tovlamachilik va nayranglar vositasiga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ya’ni ishonch bo‘lmagan, Tojikistondagi Rog‘un GESiga nisbatan ham tushunish bo‘lmaganidek. Daryolarning quyi oqimida joylashgan davlatlar doim suv oqimlarini tartibga solishga urinishlarga sergaklik bilan munosabatda bo‘lishadi.

Tojkistondagi Rog‘un GESi.
Foto: fb.com/khadamotimatbuot

Bunday loyihalar ko‘pincha keskin munosabatlar va hattoki jangovar ritorikaga sabab bo‘ladi. G‘arbdagi ko‘plab hamkorlar aynan suv bo‘lishish masalalarida yirik mojaro salohiyatini ko‘rishgan, bu muammo «halokatli iqlim», muzliklar erishi va suvdan nooqilona foydalanish tufayli yanada chuqurlashadi.

Shu sababli, vaziyatni o‘zgartirish uchun qilinadigan birinchi ish — o‘zaro ishonch muhitini yaratish, yanada jips va o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatish.

Bu yo‘lda muhim qadam 2019 yilda tashlandi, uzoq tanaffusdan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari nihoyat bir stol atrofiga yig‘ilib, maslahatlashuv uchrashuvini o‘tkazishdi. Shundan buyon mintaqaviya evolyutsion jarayon intensivroq rivojlana boshladi.

Qambarota-1 GESi loyihasi bo‘yicha hamkorlik niyati mintaqadagi yangi siyosatning ko‘plab timsollaridan biri. Bu tashabbusni O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatlagan. Faqat birgalikdagi harakatlar bilan suv-energetika tizimida to‘planib qolgan muammolarni hal qilish mumkinligi anglab yetildi.

Hamkorlar yangi generatsiya quvvatlari Qirg‘iziston uchun juda muhimligini ham tushunib turishibdi. Chunki 2010 yilgacha mamlakatda elektr energiyasi zaxiralari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda uning taqchilligi kuzatilmoqda.

Yangi GES ishga tushishi bilan qirg‘izlar qo‘shimcha 1860 MW elektr energiyaga ega bo‘ladi, bu esa mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash bilan birga, uni eksport qilish imkonini ham beradi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qambarota-1 GESi qurilishiga start bermoqda. Foto: Sulton Do‘saliyev

Qishloq xo‘jaligidagi vaziyat yuqoridan keladigan suv hajmiga bog‘liq bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘z navbatida, gidroinshootlarning ishlash rejimiga ta’sir o‘tkaza olish uchun loyihada ishtirok etishni istamoqda.

Sirasini aytganda, o‘zaro manfaatlar manaman deya bo‘y ko‘rsatib turibdi. Markaziy Osiyo davlatlarining, kengroq olinadigan bo‘lsa — butun turk olamining kooperatsiyasisiz, YeOII va ShHT bo‘yicha qo‘shnilarning o‘zaro harakatisiz, to‘siqlarni olib tashlamasdan, infratuzilmani rivojlantirmasdan turib, barqaror rivojlanish haqida gap ochib bo‘lmasligi ham ravshan.

Yanada jips munosabatlar obrazli qilib aytilganda geosiyosiy kontekstdagi «yong‘inlarni o‘chirish»da ham qo‘l keladi. Chunki global qarama-qarshilikning yangi halqasi Markaziy Osiyo uchun biror yaxshilik va’da qilayotgani yo‘q. Yirik barqudrat davlatlar manfaatlari o‘rtasida ustalik bilan jon saqlar ekan, mintaqa respublikalari manfaatlar muvozanatini saqlashga, birlashuvni mustahkamlashga intilmoqda.

Shu sababli suvni bo‘lishish masalalari birinchi planga chiqmoqda. Sayyoramizda kutilayotgan oziq-ovqat inqirozi (hammasi shunga qarab ketmoqda, axir) mamlakatlarimiz iqtisodiyotiga zarba bermasligi, qaytaga yangi imkoniyatlar darchasini ochishi juda muhim. Bunga esa bahamjihat erishsa bo‘ladi, albatta.

Markaziy Osiyo davlatlarining strategik manfaatlar umumiyligi mavjud, inson, tabiat va sanoat salohiyati bor. Mintaqada 60 million aholi istiqomat qiladi, umumiy yer maydoni esa 4 mln kvadrat kilometrni tashkil etadi: butun Yevropa Ittifoqi davlatlari shuncha yer maydoniga ega.

Nihoyat, davlatlarimizni tarixan madaniyat, til mushtarakligi, shuningdek, din, an’analar va qarindoshchilik rishtalari bog‘lab turadi. Bularning barchasi mintaqaviy birlik, umumiy iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy kenglik yaratish amalga oshirsa bo‘ladigan vazifa ekanidan dalolat berib turibdi. 

Mavzuga oid
Top