18:19 / 03.08.2022
25188

«Intervyularimdan keyin ayrimlar o‘zini yomon his qilyapti». Alisher Nikimbayev bilan ochiq suhbat

O‘z vaqtida O‘FAda ishlagan, hozirda Qatar FAda faoliyat yuritayotgan, JCh-2022 tashkiliy qo‘mitasi vakili Alisher Nikimbayev bilan mundialga tayyorgarlik, O‘zbekiston milliy jamoasi, O‘FA va PFL faoliyati haqida gaplashdik.

– Alisher aka, avvalo, hozirgi faoliyatingizdan savol bersam. 2022 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng yaxshi turnir bo‘lishi mumkinmi?

– Albatta. Bunga ko‘p sabablar bor. Faqat ilk jahon chempionati bir shaharda bo‘lgan — 1930 yili Urugvay poytaxti Montevideoda. Undan keyingilari kamida ikki shaharda o‘tkazilgan.

Bu safar ham bir hududda deyishimiz mumkin. Geografik jihatdan 5ta shahar ko‘rsatilgan ammo eng shimoliy va janubiy shaharlar o‘rtasidagi masofa — 55 km, ya’ni 1 soatli yo‘l. Jamoalar uzoq yo‘l yurishmaydi. Masalan, Rossiyadagi mundialda Angliya milliy jamoasi Kalingradda turib, o‘yinlarga boshqa shaharlarga qatnagandi. 1 kun oldin yo‘lga chiqishiga to‘g‘ri kelgan. Qatarda jamoalar stadion yaqinidagi mehmonxonada turishadi. Faqat ikki jamoa shahardan chetroqda, ammo ular ham stadionga avtobusda 1 soat ichida yetib kelishadi.

Bu mundial mavsum o‘rtasida bo‘ladi. Futbolchilar jismoniy jihatdan eng yaxshi formada yetib kelishadi.

Muxlislar stadionlar orasidagi masofa yaqinligi uchun bir kunda 2ta o‘yinga borishlari mumkin. Aslida 4ta bahsga ulgursa ham bo‘ladi, ammo FIFA bir muxlisga bir kun uchun ikkitadan ortiq chipta sotmaydi.

Texnologiyalar borasida ham yangiliklar bor. Kiyinish xonasida monitorlar bo‘ladi, hatto FIFA har bir jamoaga ikkitadan planshet beryapti — murabbiylar o‘yin paytidayoq takroriy lavhalarni turli rakurslardan ko‘rishlari, futbolchilarning qancha masofa yugurgani va boshqa jismoniy imkoniyatlari haqida ma’lumot olishlari mumkin.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bilan solishtirsak. Menga aytishdiki, Superligada «Surxon» murabbiyi o‘yin vaqtida planshet ishlatgani uchun uni chetlatishibdi. FIFA XXI asrda yashayapti, biz esa hamon XX asrda qolib ketganmiz.

– Qatarda stadionlar qurilishida bangladeshlik, hindistonlik quruvchilar nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunday ayblovlarga qanday qaraysiz?

– Stadionda ishchilar o‘layotganini ko‘rganim yo‘q. Bu haqda rasmiy manbalar ham yozishmadi. Hech kimda aniq ma’lumot bo‘lmasa kerak. Raqamlarga e’tiborli bo‘lishni aytardim.

Yana bir narsani tushunish kerakki, Qatarda 2,8 mln aholi bo‘lsa, shularning 80 foizga yaqini — chet elliklar. Shu sabab o‘lim soni xorijliklar orasida ko‘p bo‘lishi tabiiy hol.

– FIFA jahon chempionatini har 2 yilda o‘tkazish masalasini tez-tez kun tartibiga qo‘ymoqda. Bunga munosabatingiz?

– Menimcha, bu noto‘g‘ri. FIFAga moliyaviy jihatdan foyda bo‘lishi mumkin, lekin Olimpiya o‘yinlari va Yevropa chempionatlari borligini unutmaslik kerak. Bu mavzu martdagi kongressda ko‘tarilishi kerak edi, lekin indashmadi. Demak, bu g‘oya yetarlicha ovoz to‘play olmagan.

– 2005 yili O‘FF JCh saralashi pley-offida Bahraynga qarshi o‘yindan keyin yaponiyalik hakam xatosi sabab FIFAga xat yozgan. Buni siz yozmaganingizni ta’kidlab kelasiz. Ammo nega o‘sha ishdan so‘ng «FIFA» tok-shousida buni oqlab bergansiz. O‘FF xodimi bo‘lganingiz uchunmi?

– 1:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng Bahraynga uchganmiz. U yerga borganimizdan so‘ng FIFAdan javob bahsi bo‘lmasligi, o‘yinlar oktyabrda qaytadan o‘tkazilishi borasida xat keldi.

Charter-reys bilan ortga qaytdik. Zafar Imomxo‘jayev ko‘rsatuvga O‘FAning bir vakili kelishini so‘ragan. Rahbariyat meni yuborgan. Borib, O‘FF pozitsiyasini tushuntirishga harakat qildim.

Xat yuborishga qarshi bo‘lganman. Ammo 17 yil o‘tdiki, «sen aybdorsan», deyishadi. Nima ham qilamiz? Sizlar orqali bu mavzuni boshqa ko‘tarmaslikni iltimos qilmoqchiman. Shaxsan, men qo‘rqmayman. Lekin ayrimlar o‘zini yomon his qilyapti.

– Kuperning milliy jamoaga olib kelinishini xato deb aytgansiz. Savolim boshqacharoq. Ayrimlar Falastindan (0:2) uchralgan mag‘lubiyatda futbolchilarning sabotaj qilganini aytishadi. Bunga qo‘shilasizmi?

– Yo‘q, ishonmayman. «Bunday bo‘lmagan» deb ham 100 foiz ishonch bilan aytmayman, chunki u yerda bo‘lmaganman.

Futbolchilarning ko‘pchiligini yoshligidan taniyman. Ular uchun JCh — orzu. Orzudan kechib, murabbiyni iste’foga chiqarish uchun yutqazib berishlariga ishonmayman.

– Shu kunlarda Maksim Shatskix haqida «Ukrainada urush bo‘layotgani uchun majburlikdan qaytdi» qabilida turli gaplar yangramoqda. Milliy jamoada ishlagansiz, Maksni bilasiz. U shunaqa insonmi?

– Bunday gaplarga qo‘shilmayman. U professional. Kimgadir shunday tuyulayotgan bo‘lishi mumkin, lekin unda 2-3 yildan beri O‘zbekistonda ishlash varianti bor edi.

Maks bilan qo‘ng‘iroqlashib turamiz. Unda vataniga qaytish xohishi yo‘q edi, deb ayta olmayman. Qachondir kelishi aniq edi, bunga sabab urush emas.

– Milliy jamoa uchun milliy chempionat kuchli bo‘lishi kerak degan fikr bor. Ayrimlar bunga bog‘liqmas, deydi. Sizning fikringiz?

– Milliy chempionat kuchli bo‘lishi kerak. Chunki Maksim Shatskix, Vitaliy Denisov, Ilyos Zeytullayev va Sanjar Tursunov kabi istisnolarni inobatga olmasa, futbolchilar milliy chempionatdan chiqadi. Jamoalarimiz kuchli bo‘lsa, milliy jamoa ham o‘sadi.

– Asr boshida «Paxtakor» milliy jamoa bazasi sifatida shakllantirildi. Hozir «Olimpik» loyihasi bor. Bunday loyihalarga qanday qaraysiz?

– Farqi bor. «Paxtakor»ga tayyor futbolchilar kelgan — Jeparov, Kapadze, Nikolayev, Nesterov, Koshelev. «Olimpik» esa tanilmagan, asosan, o‘rinbosarlar jamoalarida o‘ynaganlardan iborat.

Bu yerda meni qiziqtirayotgan savol — «Olimpik» 2024 yilgachami yoki davom etadimi? Kelajagi qiziq. «Paxtakor» markazlashtirishgacha ham klub sifatida bor edi. Kapadze jamoasi esa faqat loyiha uchun tuzilgan. U professional klubmi? Ertaga Milliy Olimpiya qo‘mitasi budjetlashtirishni to‘xtatsa, nima bo‘ladi? Natijaga erishib, Parijga bordik deylik. Los-Anjyelesga ham shu loyiha ishlatiladimi? Kapadze 2028 yilgacha qoladimi yoki milliy jamoaga o‘tib ketsa-chi? Yana yangidan yosh yigitlar to‘planadimi?

– Hozir Qatar FAda ishlayapsiz. Milliy jamoasi o‘sdi: ispanlarni olib kelishdi, Aspire akademiyasi. Tizimli ishlar samara berdimi yoki oltin avlod ham chiqib qoldimi?

– Ikkalasi ham. Avvalo, tizim. Akademiya tashkil etilganiga 20 yil bo‘lmoqda. Ikkinchidan, Qatarning tub aholisi 300 ming kishidan iborat — Toshkentning bir tumanidan ham kam. Har doim ham yaxshi futbolchilar chiqishi imkonsiz. Mana, ko‘rdingiz, 23 yoshgacha bo‘lgan jamoasi Toshkentda Osiyo chempionatida qanday natija qayd etdi. «Guruhdan chiqsa ham, katta gap» deb turgandik. Chiqa olmadi.

– Qatardagidek tizimni O‘zbekistonda ham yaratsa bo‘ladimi?

– Qatarda barcha klublardagi eng yaxshi yosh futbolchilar haftasiga 5 kun Aspire'da shug‘ullanadi va faqat 6-kun jamoasiga qaytib, o‘ynaydi.

O‘zbekistonda buni amalga oshirish qiyin. Yaxshi o‘yinchilar Qoraqalpog‘iston yoki vodiyda bo‘lsa, ularni Toshkentga chaqirib 5 kun mashg‘ulot o‘tkazish oson emas. To‘g‘ridan to‘g‘ri «Copy+Paste» qila olmaysiz.

Lekin yaxshi tomonlarini o‘ylab ko‘rish kerak. Ularda hamma yoshdagi jamoasi bir xil uslubda o‘ynamoqda. Bizda ham shunday bo‘lishi kerak, ammo turli uslubdagi murabbiylar boshqarishadi. Shuning uchun yosh futbolchi keyingi jamoaga o‘tishda yo‘qolib qoladi.

– O‘zbekiston milliy jamoasiga mundialga chiqish asosiy planka bo‘lishi kerakmi?

– Har doim aytaman: JChga chiqishning ikki xil yo‘li bor — Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya yo‘li. Janubliklar har doim qatnashadi. Hatto JCh-2018 saralashida eng kuchsiz avlodi ham bizni ortda qoldirib, Rossiyaga bordi va u yerda Germaniyani mag‘lub etdi.

KXDR esa 2010 yili mundialga bordi, ammo hozir nima qilayotganini bilmaydi. Shuning uchun, yo‘lni to‘g‘ri tanlash lozim. Bir marta chiqib, «bo‘ldi endi» deyish kerak emas. Har doim JChga olib boradigan tizim kerak.

– Xitoy Osiyo Kubogi-2023ni o‘zida qabul qila olmasligini ma’lum qildi. Hozir da’vogarlar bor. Nega O‘zbekiston mezbonlik uchun kurasha olmaydi?

– 40-50 minglik stadionlar yo‘q. Bu oddiy narsa emas. Hukumat darajasida hal qilish kerak bo‘ladi. Faqat chempionat o‘tkazib olaylik, deyish bilan ish bitmaydi. To‘g‘ri reja kerak.

– O‘FA va PFL haqidagi savollarga o‘tamiz. Superliga klublaridan badal puli olinishi qanchalik to‘g‘ri?

– Noto‘g‘ri. Ammo bu iqtisodiy imkoniyatlarga bog‘liq. Bizning futbolda biznes tizimi yo‘q.

Birinchidan, translatsiya sotilmaydi. Bu bir kunlik masala emas. Lekin o‘zgarishlarni ko‘ryapman. Masalan, «Sport» va «UzReport» top ligalar translatsiyalari uchun raqobatlashmoqda. Shu raqobat o‘zimizning futbolda ham aks etsa, yaxshi bo‘ladi.

Bugungi kunda xususiy klublarimiz faqat xo‘jayinning cho‘ntagidan yashayapti. Masalan, «Paxtakor». Katta tadbirkorlar kelishdi, ancha mablag‘ sarflashdi va 3 yildan so‘ng «bo‘ldi, bizga kerakmas» deb ketishdi. Chunki pul tikib, foyda topishmadi. Va klub yana hokimiyatga qoldi.

APLdan «Nyukasl»ni olaylik. Nega saudiyaliklar bir necha yil davomida sotib olishga harakat qilishdi? Chunki bu klubdan yiliga kamida 200 mln funt sterling foyda olsa bo‘ladi. Klubning minimal bazasi bor. Bizda istalgan jamoani oling: minimal bazasi yo‘q, faqat xarajatlar.

– Superligada 5-6 jamoa chempionlik uchun kurashmoqda. Bu sizga tabiiy tuyulyaptimi?

– Birinchi navbatda, «Paxtakor»ning pasayishi va boshqa klublar, jumladan, «So‘g‘diyona» bosqichma-bosqich kuchaydi. «Qizilqum»dan kutmagandim, ammo xursand qilmoqda.

– 10 yil avval OFK komissiyasi tarkibida Oliy liga klublarining infrastrukturasi, stadionlarini o‘rganish va talablarni belgilash borasida kelib turardingiz. Solishtirsak, hozir klublar o‘sha talablarni qanchalik bajargan?

– Infrastruktura bo‘yicha katta o‘zgarish yo‘q. 10 yil avval juda ko‘p stadion qurilgan yoki rekonstruksiyadan chiqarilgan. Menimcha, faqat «Turon» yangi stadionga ega bo‘ldi. Yana bir bor aytaman: hukumat yordam bermasa, klublarning o‘zi infrastrukturasini yaxshilay olmaydi. Hamma davlatda shunday. Qatarda ham klubning o‘zi yangi stadion qura olmaydi.

– 10dan ortiq klubimiz litsenziya oldi. OFKdan litsenziya olish shunchalik osonmi?

– Lisenziya olish qiyin emas. Talablar umumiylashtirilgan. Bundagi eng qiyin masala — klubning moliyaviy holati, qarzdorligi bor-yo‘qligi. Bizda bir tomondan klublar litsenziya olyapti, ammo ertasiga FIFAdan transferlarga taqiq kelyapti. Shunda hayron bo‘lyapman.

Masalan, Eronning kuchli klublari futbolchilardan qarzdorlik sabab litsenziya ololmadi. Eron FA beryapti, ammo OFK bekor qilyapti. Balki bizda ham bugun-erta shunday hol bo‘lar.

– Yaqinda bergan intervyularingizdan birida O‘zbekistondan kelishilgan o‘yinlar kamaygani haqida aytgansiz. Bu O‘FA va PFLning samarali kurashimi yo klublarda boshqaruv yaxshilandimi?

– To‘g‘risini aytsam, kurashni ko‘rganim yo‘q. Klublarda kelishilgan o‘yinlarda qatnashadiganlarning ko‘pchiligi ketgani sabab bo‘lgandir. Va bunday bahslar asosan quyi ligalarda kuzatilyapti.

Futbolchilarga vaqtida maosh berilmasa, bunday o‘yinlar ko‘payadi. Maosh olmagan o‘yinchilar totalizatorga o‘rganadi. Kutilmaganda birinchi bo‘limda futbolchini almashtirishadi, chunki shunga pul tikkan bo‘lishadi.

– Ravshan Ermatov va O‘FA faoliyatiga qanday baho berasiz?

– Juda qiyin. Bunga sabab — professional kadrlar yetishmasligi. 100 foizga qoniqqanim yo‘q, buni o‘zlariga ham aytdim.

Mana, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini o‘tkazishdi. Xatosiz emas. Kelasi yil martda Toshkentda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida qit’a chempionati ham bo‘lib o‘tadi. Ko‘ramiz. Xatolar qaytarilmasa, demak, o‘sish ko‘rinadi.

– Toshkentda o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalida chiptalar sotuvi masalasida muammo yuzaga keldi. Bunda adolatli tizim yaratsa bo‘ladimi?

– JChni olaylik: faqat elektron chiptalar o‘tadi. Onlayn sotuv va turniket masalasiga e’tibor qaratish kerak.

Elektron chipta sotilishida nazorat qilish mumkin. Masalan, FIFA saytiga kirib, bir o‘yinga 6tadan ortiq chipta sotib ololmaysiz. Limit bor.

– Bizda finalda Ravshan Ermatov 400ta, Odil Ahmedov 100ta chipta sotib olgani tanqidlarga sabab bo‘ldi.

– O‘sha chiptalar kimlarga berilganini o‘zlaridan so‘radingizmi? Shunaqa vaziyatlar bo‘ladiki, rahbarlar qaysidir tashkilotlarga berishga majbur.

O‘zimdan misol keltiraman: 2010 yil, O‘zbekiston — BAA o‘yini. Menga qo‘ng‘iroq qilishdi: «Shayxontohur hokimiyatidanmiz. Bizga chipta kerak». Men aytdim: «Akalar, uzr. Chiptalar kassada». Keyin so‘kib ketishdi: «Bizlar mahalliy hokimiyatdanmiz. Hurmat qilmaysanlar».

Hurmat qilganimiz uchun aslida shahar hokimiyatiga berganmiz, lekin ulargacha yetib bormagan. Rahbarlarda shunday vaziyatlar bo‘lib turadi.

– Diyor Imomxo‘jayev bilan ko‘p bor g‘oyibona munozaralarga kirishasiz. Yuzma-yuz gaplashib olsanglar, bo‘lmaydimi?

– 1,5 yildan beri bahslashmayapman. PFL ham, o‘zi ham qiziqmas.

Yuzma-yuz kelish? Anchadan beri gaplashmaganmiz.

– Diyor Imomxo‘jayev tufayli Axbor va Abror Imomxo‘jayevlar bilan ham munosabatlar buzildimi?

– Bilmadim. Ular bilan ham anchadan beri uchrashmaganman.

– Bunday savol berishimga sabab, qozoq sharhlovchisi olamdan o‘tganida kanalingizda «qozoqlarning Axbor akasi vafot etdi» deb yozdingiz. Axbor Imomxo‘jayev vafotlarida hech narsa yozmadingiz?

– Buni kanalda ham kimdir so‘radi. Shunday javob berdim. Birinchidan, bu yangilik kanali emas. Ikkinchidan, o‘sha kunning o‘zida yana bir qancha tanishlarim vafot etgandi. Shular bilan band bo‘lganman.

Bu rasmiy kanal emas. Qachon vaqtim bo‘lsa, yozaman. Masalan, so‘nggi 2-3 haftadan beri deyarli yozmayapman.

– Qatar yoki boshqa mamlakatlardan moliyaviy tomondan yaxshi takliflarga ega bo‘lsangiz ham, O‘zbekistonga qaytish istagingiz sezilib turadi. Bunga sabab vatanda ishlash xohishimi yoki o‘zbek futbolini rivojlantirish uchun imkoniyatingiz borligini his qilasizmi?

– Ikkalasi ham. Avvalo, bu vatan. Shu yerda tug‘ilganman. 1991 yildan boshlab 20 yil davomida o‘zbek futbolida faoliyati yuritdim. Undan keyin ham yordam berganman, haligacha shunday. Odamlar bilishadi.

Qayerda ishlasam ham, O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘rashsa, doim tayyorman. Qaytamanmi yoki yo‘q, bu — boshqa masala. 

A’zamjon Izzatillayev suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi — Asadbek Kuryazov

Top