08:19 / 03.08.2022
5545

Shavkat Mirziyoyev YeXHT oliy komissari bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha oliy komissari Qayrat Abdurahmonovni qabul qildi.  

Foto: Prezident matbuot xizmati

Amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari hamda millatlararo totuvlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

YeXHT institutlari bilan ustuvor yo‘nalishlarda – xavfsizlik, iqtisodiyot va ekologiya sohalarida, gumanitar yo‘nalishdagi konstruktiv muloqot va sermahsul hamkorlik bugungi darajasi qayd etildi. O‘rta muddatli istiqbolda qariyb 50 ta tadbirni o‘tkazish nazarda tutilgan “yo‘l xaritasi” birgalikda amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda oliy komissar mamlakatda bag‘rikenglik va gumanizm madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo anglashuv va totuvlikni ta’minlash, shu asosda yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatga yuksak baho berdi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, Afg‘oniston tinch rivojlanishi va iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Qo‘shma tadbirlar – millatlararo totuvlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy seminar, xalqaro tajriba va YeXHT tavsiyalari taqdimotini o‘tkazish, O‘zbekiston delegatsiyasining millatlararo munosabatlar muammosiga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etishi yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ko‘p tilli ta’lim sohasida, shu jumladan Markaziy Osiyo ta’lim dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid
Top