16:42 / 04.08.2022
11544

AI: UQK harbiy texnikani aholi yashaydigan tumanlarda joylashtirmoqda

UQK aholi yashaydigan tumanlarda, jumladan maktablar va kasalxonalarda harbiy bazalarni joylashtirmoqda, deya ma’lum qildi Amnesty International. Tashkilot bu RFga fuqarolik obektlariga zarba berish huquqini taqdim etmasligini ta’kidladi.

Foto: Picture Alliance

Ukraina qurolli kuchlari aholi yashaydigan tumanlarda harbiy bazalar tashkil qilmoqda va harbiy texnikani joylashtirmoqda, bu esa tinch aholiga xavf tug‘diradi. Bu haqda Amnesty International (AI) inson huquqlari tashkiloti 4 avgust, payshanba kuni e’lon qilgan hisobotida aytiladi. Tashkilot press-relizida ta’kidlanishicha, bunday taktika xalqaro gumanitar huquqni buzadi - biroq u Rossiya qo‘shinlari tomonidan pala-partish, shu jumladan fuqarolik obektlariga zarbalar berilishini oqlamaydi. 

Aprel-iyun oylarida AI ekspertlari RF QKning Xarkiv, Donetsk va Mikolaiv oblastlarida shahar va qishloqlarni o‘qqa tutganini bir necha hafta davomida tekshirishdi. Mahalliy aholi ko‘rsatmalari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, UQK ko‘rsatilgan davr mobaynida kamida 19 ta aholi punktining turar joylarida joylashgan bo‘lib, ulardan Rossiya pozitsiyalariga o‘q uzgan va shu tariqa mahalliy aholini xavf ostiga qo‘ygan. Shu bilan birga, ekspertlar ukrainalik harbiy xizmatchilar tinch aholidan ushbu hududlarni tark etishni so‘ragani yoki bunday evakuatsiyada ularga yordam bergani bo‘yicha hech qanday dalilga ega bo‘lmagan. 

Amnesty International xodimlari beshta joydagi kasalxonada UQK bazalari tashkil etilganini hujjatlashtirib oldi. Bundan tashqari, ular tashrif buyurgan 29 ta maktabdan 22 tasida ukrainalik askarlarning borligi qayd etilgan. Xususan, gap bu obektlarda harbiy texnika joylashtirilgani haqida ketmoqda. Baxmutda Ukraina qo‘shinlari mahalliy universitet binosidan baza sifatida foydalangan, undan eng yaqin turar joy binolari atigi 50 metr narida joylashgan. 21 may kuni RF QK unga hujum qilib, Ukraina tomoniga ko‘ra, yetti nafar askarni o‘ldirgan.

Shu bilan birga, boshqa ko‘plab holatlarda AI ekspertlari turar joy hududlari va Rossiya qo‘shinlari raketa-artilleriya zarbalari bergan obektlarda UQK mavjudligining alomatlarini topmadi. Jumladan, bunday zarbalar Xarkivdagi huquq himoyachilari tomonidan qayd etilgan, xalqaro qoidalar bilan taqiqlangan kassetali o‘q-dorilar yordamida amalga oshirilgan. Ba’zi hollarda RF QK yetarli darajada aniq bo‘lmagan qurollar bilan zarba bergan, boshqasida esa uning aniqligi tinch aholiga beixtiyor zarba berishning oldini olish uchun yetarli bo‘lgan. 

Amnesty International mojaroning har ikki tomonini jangovar harakatlar paytida tinch aholi halok bo‘lmasligi yoki jarohatlanmasligi uchun hamma narsani qilishga chaqirdi. Xususan, «Ukraina hukumati zudlik bilan o‘z qurolli kuchlarini turar joylardan uzoqroqqa joylashtirayotgani yoki u yerda harbiy amaliyotlar o‘tkazilsa, bunday hududlar aholisi evakuatsiya qilinishiga ishonch hosil qilishi kerak», dedi xalqaro inson huquqlari tashkiloti bosh kotibi Anes Kalamar. 

Press-relizda aytilishicha, AI 29 iyul kuni o‘z xulosalarini Ukraina Mudofaa vazirligiga yetkazgan, biroq hozircha idoradan javob olmagan. 

Top