09:48 / 04.08.2022
2618

Astraxanda O‘zbekiston savdo uyi ochilishi mumkin

3 avgust kuni Toshkent shahar hokimligida Jahongir Ortiqxo‘jayev Rossiyaning Chelyabinsk va Astraxan oblastlari delegatsiyasi bilan uchrashdi. Delegatsiyaga Chelyabinsk oblasti gubernatori Aleksey Teksler boshchilik qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

A.Teksler hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish, turistik taklif va yo‘nalishlarni standartlashtirish, logistikani yaxshilash ahamiyatini ta’kidladi. Bu turizmni, jumladan, stomatologik va oftalmologik sohalarda tibbiy turizmni yo‘lga qo‘yish va yaxshilashga xizmat qilishini aytib o‘tdi. U sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda davom etish, hamkorlik shartnomasini tuzish va madaniy almashinuvni yo‘lga qo‘yish takliflarini bildirdi.

Astraxan oblasti sanoat va tabiiy resurslar vaziri Ilya Volinskiy Kaspiy dengiziga yo‘lni ochib turgan viloyat zamonaviy logistik xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini ma’lum qildi. U Astraxanda savdo uyini ochish taklifini bildirdi – bu korxonalarga butun Rossiya bozorini qamrab olish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini, xususan, piyoz va kartoshkani yetishtirish va yetkazib berish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini beradi. 1000 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar tahsil olayotgan Astraxan universiteti muvaffaqiyatini ta’kidlab, I.Volinskiy kasb ta’limi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni taklif qildi.

J.Ortiqxo‘jayev mehmonlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, ularning taklif va fikrlariga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida taraflar o‘zaro foydali va istiqbolli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid
Top