15:28 / 04.08.2022
7632

«Past kuchlanishli tarmoqlarimizda yo‘qotishlar ko‘lami ancha yuqori» – vazir o‘rinbosari bilan suhbat

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekistonda past kuchlanishli tarmoqlarda yo‘qotishlar ko‘lami ancha yuqori ekanini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqsimlovchi tarmoqlarda o‘rta hisobda 13-14 foiz elektr energiyasi iste’molchiga yetib kelguncha yo‘q bo‘lib ketadi. Rivojlangan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 6-7 foizdan oshmaydi.

– Elektr energiyasi tizimi o‘rgamchak to‘ri shaklida birlashtirilgan. Shu tizimda avariya bo‘lib keng tarqalishining eng yuqori quvvati aniqlanganmi? Qaysi miqdordagi yuqori kuchlanish mana shunday yirik avariyalarga olib keladi?

– Aslida avariya kuchlanish darajasiga ko‘p ham bog‘liq emas. Mamlakat miqyosida juda katta avariya 500 megavattli tarmoqlarda nosozlik yoki yuqori kuchlanish kelib chiqsagina kuzatilishi mumkin. Bu faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyo tajribasini o‘rganganimizda bunga amin bo‘lganmiz.

Blekautlarning kelib chiqish sabablari va olingan xulosalar chuqur tahlil qilinadi, shu jumladan, O‘zbekiston hamda qo‘shni davlatlarda bo‘lib o‘tgan blekaut sabablarini ham boshqa mamlakatlarning ekspertlari tahlil qiladi. Ya’ni energetiklar orasida avariyalar sabablarini sir tutish odati yo‘q. Hamma bir-biriga ochiq va mavjud muammolarni ko‘rsatib berishga harakat qiladiki, maqsad – bu muammolar qaytarilmasin.

– To‘raqo‘rg‘on IESda 2020 yil noyabrida yuz bergan avariyada-chi? Qanday quvvatda tizim ishdan chiqdi?

– To‘raqo‘rg‘onda katta avariya kuzatilmadi. Ochig‘ini aytish kerak. Ba’zan bug‘-gaz qurilmalari qandaydir nuqsonlarni bartaraf etish uchun kutilmaganda, ya’ni rejalashtirilmagan holda o‘chiriladi. Lekin biror marta ham To‘raqo‘rg‘onda rejadan tashqari elektr stansiyasini o‘chirganimiz tizimli avariyaga olib kelgani yo‘q.

– Risoladagidek releli himoya vositalari, kabelni himoya qiluvchi avtomat, harorat yuqori bo‘lganda tizimni o‘chirib qo‘yadigan mexanizmlar bilan jihozlanganda transformatorlar yonib ketmasligi kerak. Lekin ularning yonib ketayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez ko‘z tushmoqda. Balki ularni ta’mirlash yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgandir. Balki ta’mirlash jarayonida zarur ehtiyot qismlarning sifatsizlari ishlatilayotgandir?

– Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ko‘p holatlarda ekspluatatsiyadagi kamchiliklar tufayli yong‘inlar kelib chiqadi. Aytganingizdek, himoya vaqtida ishlamaydi. Yoki sun’iy ravishda o‘chirib qo‘yilgan bo‘ladi. Sababini tushuntirib berishga harakat qilaman.

Masalan, bitta transformatorga avtomat o‘rnatilgan bo‘ladi. Ortiqcha yuklama bo‘lgandan keyin u o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi. Bir necha marta o‘chgandan keyin aholidan shikoyatlar ko‘payib ketgach, ba’zan elektromontyorlar avtomat orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab qo‘yishadi. Bu – albatta ekspluatatsiya xatosi.

Oddiy misol sifatida Chilonzor 5-mavzesida 29 iyul kuni sodir bo‘lgan avariya tafsilotlarini aytib beraman (suhbat 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan). U yerga ikkita kabel tarmog‘i borgan. Bittasi kuygandan keyin mavzening bir qismida svet o‘chgan va shu sababli aholidan juda ko‘p shikoyat kelib tushgan. Tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan iste’molchilarning shikoyatlarini kamaytirish maqsadida mavzening svetsiz qolgan qismida yashovchi aholi ikkinchi kabel tarmog‘iga ulab berilgan. Yo‘riqnoma bo‘yicha bunday qilish mumkin emas.

Mavzening yarmi elektrsiz qolgach yuzlab shikoyatlar kelib tushgandan so‘ng majburlikdan shu ishni qilishgan. Mas’ullar qisqa vaqt ichida o‘chib qolgan kabel tarmog‘ini ta’mirlab ulgurishlariga ishonishgan. Natijada bu qaror ikkinchi kabel tarmog‘i ham ishdan chiqishiga olib kelgan. Bitta tarmoqning o‘rniga ikkitasini ta’mirlashga majbur bo‘ldik.

Bunday holatlar ko‘plab kuzatiladi. Lekin masalaning yana bir boshqa tarafi bor. Aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan transformator punktlarimizni ochib, avtomatlarga ta’sir ko‘rsatish, ya’ni ularni o‘chirib qo‘yish yoki elektr tarmog‘iga avtomatni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish holatlari ham uchrab turadi. Tez-tez kuzatiladi demayman, lekin o‘z tajribamda bunday holatlarni juda ko‘p kuzatganman.

– Bunday vaziyatda siz aytayotgan ishga qo‘l urgan iste’molchilarga qandaydir chora ko‘riladimi? Qonunchilikda bunday harakat uchun javobgarlik bormi?

– Qonunchilikda bor. Bunday vaziyatlarda elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganlarga nisbatan chora ko‘rish nazarda tutilgan. Lekin ming afsuski, transformatorlarimiz kameralar bilan jihozlanmagan, shu bois bu ishni kim qilganini isbotlash juda qiyin.

– O‘zbekistonda elektr yo‘qotishlari qancha? Qanchasi iste’molchiga yetib kelguncha yo‘qoladi?

– Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir qismi mana shu stansiyalarning o‘zida generatordan chiqib to tarmoqqa uzatilguncha yo‘qoladi, bu – texnik yo‘qotish. Uning me’yori 0,65 foiz. Dunyo miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, taxminan xalqaro standartlarga mos keladi.

Magistral tarmoqlarimizdagi yo‘qotishlar 2,5 – 2,6 foiz. Bu ham dunyo miqyosidagi yaxshi ko‘rsatkichlarga teng. Lekin taqsimlovchi tarmoqlarimizda, ya’ni past kuchlanishli tarmoqlarimizda yo‘qotishlar ko‘lami ancha yuqori. Bu ko‘rsatkich hududdan hududga qarab o‘zgaradi, o‘rta hisobda 13-14 foizni tashkil etadi. Bu yerda qiladigan ishimiz ko‘p, rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ikki barobar pastroq, ya’ni yo‘qotishlar 6-7 foizdan oshmaydi.

– Yo‘qotishni kamaytirish uchun nimalar qilinyapti? Bu borada qaysi davlatlarning tajribasi o‘rganilyapti? Bizda ham joriy etilishi yaqin bo‘lgan xorijiy tajribalar mavjudmi?

– Bu yerda qandaydir bir mamlakatning tajribasi deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki xalqaro tajriba bor, xalqaro standartlar bor. Bugungi kunga qadar biz olti yuzga yaqin xalqaro standartlarni O‘zbekistonda qo‘llash bo‘yicha adaptatsiya ishlarini yakunladik, ya’ni biz ushbu standartlarni qo‘llay olamiz.

Tabiiyki, bu standartlarni qo‘llash xarajatlar bilan bog‘liq. Hozir yangi standartlar bo‘yicha tarmoqlarni loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish mumkin, lekin bu kapital xarajatlar ortishiga olib keladi. Hech kimga sir emas, elektr energiyasi yo‘qotishlarini 5-6 foizgacha tushira olgan rivojlangan mamlakatlarda tarmoqlarga sarflangan mablag‘lar biznikiga nisbatan bir necha barobar ko‘proq.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov, Asadbek Kuryazov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov.

Top