19:48 / 06.08.2022
9101

Chilonzorda ko‘p yillik daraxtlarga ziyon yetkazilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Toshkentning Chilonzor ko‘chasida yo‘lni kengaytirish ishlari sabab eman daraxtlariga ziyon yetkazilgani fakti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Kun.uz

Ish shu ko‘chadagi 7-uy ro‘parasida joylashgan 7 dona eman daraxtining tomir qismi ochilishi natijasida ularga shikast yetkazilgani holati yuzasidan, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi asosida ochilgan. Bu haqda Chilonzor tumuni prokurori o‘rinbosari Saidahror Abdurahmonov Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Abdurahmonovning aytishicha, zudlik bilan chora ko‘rilmagan taqdirda daraxtlar qurishi va tabiatga 348,9 mln so‘mlik zarar yetishi mumkinligi soha mutaxassislari tomonidan aniqlangan.

JKning 198-moddasi 3-qismi – ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishini nazarda tutadi.

Bu jinoyat uchun 150–200 BHM (45–60 mln so‘m) jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zarar (348,9 mln so‘m)ning o‘rni 3 karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Top