13:39 / 08.08.2022
8538

BMT bosh kotibi: AESga qilingan har qanday hujum o‘z joniga qasd qilishdir

BMT Zaporojye AESni o‘qqa tutish to‘xtatilishiga va AEXA stansiyaga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishiga umid qilmoqda, dedi tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Foto: Reuters

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Zaporojye atom elektr stansiyasini (ZAES) o‘qqa tutishni to‘xtatishni va xalqaro inspektorlarning unga kirishiga ruxsat berishni talab qildi. «Atom elektr stansiyasiga qilingan har qanday hujum o‘z joniga qasd qilishdir», dedi u 8 avgust, dushanba kuni Yaponiyada Xirosimaga atom bombasi tashlanishining 77 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida.

«Umid qilamanki, bu hujumlar to‘xtaydi va shu bilan birga, AEXA stansiyaga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi», — dedi Guterrish hujumda hech bir tomonni ayblamay. «Biz AEXAni ZAESdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun shart-sharoit yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», deya qo‘shimcha qildi BMT bosh kotibi.

Guterrish, shuningdek, yadroviy qarama-qarshilik xavfi o‘nlab yillar o‘tib qaytganini ta’kidlab, yadroviy davlatlarni birinchi bo‘lib qurol ishlatmaslik majburiyatini o‘z bo‘yniga olishga chaqirdi. «O‘ylashimcha, agar yadroviy qurol qo‘llanilsa, unda, katta ehtimol bilan, bunga qandaydir tarzda reaksiya bildiradigan BMTning o‘zi qolmaydi», dedi u yaponiyalik jurnalistning BMT Rossiyaning Ukrainada yadro qurolidan foydalanish ehtimoliga qanday munosabatda ekani haqidagi savoliga javob berib.

Bir kun avval Ukrainaning «Energoatom» atom energetikasi milliy kompaniyasi ma’lum qilishicha, 6 avgust kuni Rossiya qurolli kuchlari Zaporojye atom elektr stansiyasi va Zaporojye oblasti shimoli-g‘arbidagi Energodar shahri hududiga navbatdagi raketa hujumini amalga oshirgan. O‘z navbatida, RF tomonidan oblastning vaqtincha bosib olingan qismida joylashgan Energodarning mustaqil «ma’muriyati» o‘qqa tutilishida Ukraina qurolli tuzilmalarini aybladi va «Uragan» yalpi o‘t ochish reaktiv tizimidan 220 mm kalibrli kasseta snaryadi otilganini bildirdi.

Ukraina bosh prokurori ofisi otishma bo‘yicha sudgacha tergov boshlanganini e’lon qildi - u urush qonunlari va odatlarini buzish bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan olib borilmoqda. Avvalroq «Energoatom» 5 avgust kuni stansiyaga uyushtirilgan hujum natijasida uning xavfsiz ishlashiga jiddiy xatar tug‘ilganini bildirgan edi. Ukraina korporatsiyasi ZAESni o‘qqa tutishdan maqsad uning infratuzilmasini yo‘q qilish va Ukraina janubini elektr energiyasiz qoldirish, deb hisoblaydi. 

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi 6 avgust kuni Zaporijye AESning o‘qqa tutilishidan jiddiy tashvish bildirdi hamda bu yadroviy falokatning «juda real xavfini» ko‘rsatishini aytdi. Grossi shaxsan o‘zi rahbarlik qilishga tayyor bo‘lgan AEXA delegatsiyasini obektga kiritishni talab qildi. Biroq u bu qadam uchun Ukraina, Rossiya hamkorligi, shuningdek, BMT qo‘llab-quvvatlovi talab etilishini tan oldi. 

AESdagi murakkab vaziyat munosabati bilan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Rossiya yadro terrori»ga xalqaro miqyosda yanada qat’iy javob berishga chaqirdi. 7 avgust kuni Ukraina rahbari Yevrokengash rahbari Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yadro sanoatiga, shuningdek, Rossiya yadro yonilg‘isidan foydalanishga qarshi sanksiyalar zarur. 

Top