08:44 / 08.08.2022
9501

Kosovoda josuslikda gumonlanib ushlangan rossiyalik jurnalist ozod etildi

Kosovo IIV rahbari Svechliyaning aytishicha, «Komsomolskaya pravda» gazetasi xodimi Darya Aslamova jurnalistlik faoliyati niqobi ostida Rossiya razvedkasi uchun ishlaydi.

Darya Aslamova

Kosovoda respublika shimolidagi chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lganida «Komsomolskaya pravda» gazetasi jurnalisti Darya Aslamova vaqtincha qo‘lga olindi. 7 avgust, yakshanba kuni ertalab u o‘z gazetasi tahririyatiga kechasi qo‘yib yuborilgani, Serbiya bilan chegaraga yetib kelgani va Serbiyaning Rashka shahrida ekanligini aytdi.

Kosovo IIV rahbari Jalol Svechlyaning aytishicha, Aslamova respublikada persona non grata deb e’lon qilingan, unga Kosovoga kirishi besh yilga taqiqlangan.

Bir kun avval Svechlya Aslamova josuslikda gumonlanib qo‘lga olinganini aytgan edi. «Ko‘plab davlatlar uning Rossiya razvedkasi uchun josuslik bilan shug‘ullanganini va jurnalistik niqob ostida harakat qilganini isbotladi. U Ukrainadagi jangovar harakatlarda ham qatnashib, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini targ‘ib qilgan», deb yozdi Svechlya Facebook’da.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kosovo rasmiylari Aslamovaning faoliyatidan xabardor bo‘lgan, uning bir qator davlatlarga kirishi esa allaqachon taqiqlangan. «Uning mamlakatimizga kirib borishga urinishi, mamlakat shimolidagi voqealar rivojiga to‘g‘ri kelishi bilan bir qatorda, Rossiyaning bizning mamlakatimizni beqarorlashtirishga qaratilgan tashviqoti haqida aniq dalolat beradi», - deya ma’lum qildi Kosovo IIV rahbari. 

«KP»ning xabar berishicha, Aslamova tahririyat ko‘rsatmasi bo‘yicha Serbiyada bo‘lgan va serb-kosovo mojarosining keskinlashuvi munosabati bilan maxsus reportaj tayyorlashi kerak edi. Hozir ayol aloqaga chiqmayapti, deya aniqlik kiritdi tahririyat. Rossiyaning Serbiyadagi elchixonasi gazetaga xabar berishicha, ularda Aslamovaning qo‘lga olingani va qayerda ekani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. 

2017 yilning sentabrida Aslamova Moldovaga kiritilmagan, u yerda jurnalist mamlakat prezidenti lavozimida ishlagan Igor Dodondan intervyu olishni rejalashtirgandi. O‘shanda Aslamova chegarachilar hech qanday izoh bermasdan uni Ruminiyaga uchayotgan samolyotga kuzatib qo‘yishganini aytgandi.

31 iyul kuni kechqurun Kosovoda Serbiya bilan chegaradagi «Brnyak» va «Yarine» nazorat-o‘tkazish punktlari yaqinida transport harakati yuk mashinalaridagi etnik serblar tomonidan to‘sib qo‘yildi, ular Serbiyada o‘zlariga berilgan avtomobil raqamlari va shaxsiy hujjatlarni almashtirishga qarshi chiqdi. Kosovo hukumati o‘z qarorini Serbiyaga kirib kelayotgan Kosovo fuqarolariga ham xuddi shunday talab qo‘ygan Belgrad harakatlariga javob deb atadi. 

Kosovo hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar (KFOR) Kosovo barqarorligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda, Belgrad va Prishtina o‘rtasidagi chegara mojarosiga aralashishga tayyorligini bildirdi. Keyinchalik Prishtina serblarni g‘azablantirgan choralarni 1 sentabrgacha qoldirdi. 

Mavzuga oid
Top