08:08 / 16.08.2022
5792

Aleksey Navalniy jazo izolyatoriga joylashtirildi

Muxolifatchining so‘zlariga ko‘ra, u sanoat zonasida bo‘lganida o‘zi uchun juda kichik bo‘lgan ust kiyimining yuqori tugmachasini muntazam yechib yurgani uchun jazolangan. 

Foto: Picture Alliance

Vladimir oblastining Melexovo shahridagi qattiq rejimli 6-sonli koloniyada (IK-6) jazo muddatini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy jazo kamerasiga (ShIZO) o‘tkazildi.

«Meni barakdan komissiyaga chaqirishdi, u yerda videoyozuvlarda men sanoat zonasida bo‘lganimda bir necha o‘lcham kichik bo‘lgan ust kiyimimning yuqori tugmachasini muntazam yechib tashlashimni ko‘rsatishdi. Albatta, bu meni tuzatib bo‘lmaydigan yomon odam sifatida tavsiflaydi. Shuning uchun meni jazo izolyatoriga o‘tkazish qarori qabul qilindi», — deyiladi 15 avgust, dushanba kuni Navalniyning Facebook’dagi sahifasida. 

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u shu paytgacha ShIZOga uch kunga jo‘natilgan. «Ammo, boshliq shuni qo‘shimcha qildiki, sentabr oyining o‘rtalarida men qarindoshlarim bilan uchrashaman, bu har to‘rt oyda bir marta bo‘lishi kerak. ShIZOda bo‘lganlarga tashrif buyurish taqiqlanadi, shuning uchun agar men «o‘z munosabatimni qayta ko‘rib chiqmasam», u holda izolyator mening doimiy yashash joyimga aylanadi», - deya qo‘shimcha qildi Navalniy. 

O‘tgan hafta Aleksey Navalniy mahbuslar va qamoqxona xodimlari huquqlarini himoya qilish uchun «Sanoat zonasi» deb nomlangan «mahbuslar va qamoqxonachilar kasaba uyushmasi»ni tashkil qilganini ma’lum qilgandi. Avvaliga IK-6 ma’muriyati Navalniyning rasmiy bayonotini hazil sifatida qabul qildi, keyin esa kasaba uyushmasi tashkil etilishini «noqonuniy» deb bildirdi va muxolifatchiga ogohlantirish berdi.

Aleksey Navalniy fevral oyi boshida Moskvaning Simonovskiy tuman sudi «Iv Roshe» ishi bo‘yicha unga chiqarilgan shartli hukmni haqiqiy 3,5 yillik qamoq jazosiga o‘zgartirgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga jo‘natildi. Rasmiy sabab - muxolifatchi jazoni ijro etish komissiyasiga hisobot berish uchun belgilangan kunlarda kelmagan. Ammo, u 2020 yil avgustidan boshlab, «Novichok» bilan zaharlangani hamda Germaniyaga davolanish uchun olib ketilganidan so‘ng, umuman inspektor huzuriga kelishni to‘xtatgan. 

Navalniy va uning advokatlari sudga muxolifatchi jismoniy jihatdan inspektorning oldiga borish imkoniga ega bo‘lmaganini bildirgan, sababi u Germaniya klinikalaridan birida avval statsionar, keyin esa ambulator davolangan va bu haqda jazoni ijro etish inspeksiyasini xabardor qilgan. 

22 mart kuni sud Aleksey Navalniyni «firibgarlik va sudni haqorat qilish» ishi bo‘yicha to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etildi. Lefortovo sudining sayyor majlisi Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan Pokrovdagi 2-sonli koloniyada o‘tkazildi. Prokuror Nadejda Tixonova unga 13 yillik jazo muddati berilishini so‘radi. Navalniy 14 iyun kuni IK-6’ga o‘tkazildi.

Top