08:53 / 16.08.2022
4512

Myanma sobiq bosh vaziri Aun San Su Chji yana olti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Myanma hukumatining sobiq rahbari sog‘liqni saqlash va ta’limni moliyalashtirgan jamg‘arma mablag‘larini o‘zlashtirganlikda aybdor deb topildi. 77 yoshli Aun San Su Chji bu ayblovlarni rad etdi. 

Foto: Reuters

Myanmada harbiy xunta nazoratidagi sud hokimiyatdan chetlatilgan bosh vazir Aun San Su Chjini korrupsiya bilan bog‘liq to‘rtta ish bo‘yicha ayblab, qo‘shimcha olti yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda 15 avgust, dushanba kuni Myanmar Now axborot portali vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi. 

Ularga ko‘ra, 77 yoshli Su Chji o‘zi tashkil qilgan va onasi Do Kxin Chji nomini olgan xayriya jamg‘armasi mablag‘larini o‘zlashtirganlikda aybdor deb topilgan. Sobiq bosh vazirga tashkilotning sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini moliyalashtirishga mo‘ljallangan mablag‘lari uy qurish va davlat yerlarini imtiyozli stavkada ijaraga olishga sarflangani haqida ayblov qo‘yildi. Aun San Su Chji buni rad etmoqda. 

Sud jarayoni jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokisiz yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Su Chjining advokatlariga bu jarayonning tafsilotlarini oshkor qilish taqiqlandi. 

Avvalgi sud jarayonlarida 1991 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Aun San Su Chji fitnadan tortib pandemiya cheklovlarini buzishgacha bo‘lgan ayblovlar bilan 11 yilga qamalgan edi. Agar barcha holatlarda aybdor deb topilsa, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. 

Myanmada 2021 yil fevral oyida harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Generallar to‘ntarishni 2020 yilgi saylovlardagi qonunbuzarliklar yuz bergani, natijada Aun San Su Chji yirik g‘alabaga erishgani bilan oqladi. Harbiylar bu qonunbuzarliklar haqida dalillar keltirmadi. To‘ntarishdan so‘ng Myanma tobora tartibsizlik va zo‘ravonlikka botib bormoqda. 

Huquq himoyachilarining aytishicha, Su Chji atayin uyushtirilgan sud jarayonining qurboni bo‘lgan. Mutaxassislarga ko‘ra, harbiy xunta o‘tmishda ko‘p yillarni uy qamog‘ida o‘tkazgan siyosatchining ovozini abadiy o‘chirish niyatida. 2022 yil iyun oyida Su Chji uy qamog‘idan mamlakat poytaxti Neypidoda bir kishilik kameraga o‘tkazildi. 

Mavzuga oid
Top