16:04 / 21.08.2022
16670

Toshkent maktablari: Hali darslar boshlanmasidan yig‘-yig‘lar boshlangan

Yangi o‘quv yili arafasida Toshkentdagi qator maktablarda turli sabablar bilan ota-onalardan bir necha yuz ming so‘mdan pul yig‘ilyapti. Ayrim ota-onalar avvalgi yillarda turniket uchun pul yig‘ilgani, lekin hozir ular yo yo‘qligi, yo ishlamayotganini aytmoqda. Hozir esa kamera o‘rnatish trendda, biroq bu ham turniketlar hikoyasini takrorlamasligiga kafolat yo‘q.

Foto: Kun.uz

5 sentabrdan yangi o‘quv yili boshlanadi. Hozir ota-onalar farzandlarini yaxshi maktab, o‘qituvchilarga berish uchun yelib-yugurishi tabiiy. Bundan esa ayrim maktablar rahbarlari foydalanib qolish payida bo‘ladi.

Facebook'dagi “Potrebitel.uz” guruhida Misha Kim ismli foydalanuvchining yozishicha, bir maktabning rahbari muassasaga kamera o‘rnatish uchun pul so‘ragan.

“Hali o‘quv yili boshlangani yo‘q, lekin men hozirdan asabiylashishni boshladim… Kimning maktabiga kamera o‘rnatilib, buning uchun 1 mln 700 ming so‘m so‘rashyapti?” – deya yozgan u.

Shu postning muhokamasiga fikr yozib qoldirganlar ham maktab uchun ma’lum summalarda pul berishganini yozishgan.

“2019 yilda (Yunusobod tumanidagi 246-sonli) maktabda turniketi uchun ikki nafar farzandimizning har biriga har biri 60 ming so‘mdan 120 ming so‘m to‘laganmiz. Oxirida mana, na turniket, na pullar bor”, deydi foydalanuvchilardan biri.

“Ko‘plar qatori mendan ham, maktabimizda esa jami 2–2,5 ming nafar odamdan 25 ming so‘mdan pul yig‘ilgan. Hozir pul ham, turniket ham yo‘q”, – deydi boshqa bir fuqaro.

Biz suhbatlashgan ota-onalardan biri bu yil farzandini Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan biriga joylagani, o‘quv yili boshlanishidan oldin maktab direktori pul so‘raganini aytdi.

“Men ham 550 ming so‘m berdim. Direktor o‘g‘limni 1-sinfga qabul qilayotganda: “Sinflarga audioyozuvli kamera o‘rnatyapmiz, yordam qila olasanmi?” degandi, noiloj ha dedim. Chunki avvalroq bolam yaxshiroq o‘qituvchiga tushishini so‘ragandim. Sharti shu bo‘ldi menimcha”, – deydi u.

Suhbatdoshga ko‘ra, xarid qilingan kamerani o‘rnatish xarajatlari uchun ham yana 200 ming so‘m so‘rashgan, lekin u bermasligini aytgan.

Boshqa bir suhbatdoshimiz esa shu oy farzandini Yakkasaroy tumanidagi maktablardan biriga joylagan.

“O‘zimizning emas, boshqa hududga berayotganimiz uchun direktor olmayman deb paysalga soldi, keyin narx qo‘ydi. 200 dollar bersak, farzandim shu maktabda, yaxshi o‘qituvchilarning qo‘l ostida o‘qishini aytdi. Keyin noiloj bolam uchun berdik shu mablag‘ni”, – deydi u.

Xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamovaning Kun.uz'ga aytishicha, maktablarni kameralar bilan jihozlash hech qaysi hujjatda belgilanmagan, ota-onalarga bunday majburiyatlar yuklash noqonuniy hisoblanadi.

“Bolaning maktabda ta’lim olishi mutlaqo bepul.

Maktab hududiga kamera o‘rnatilsin degan topshiriq bermaganmiz. Markazlashtirilgan mablag‘ ham ko‘zda tutilmagan kamera uchun. Xalq ta’limiga ajratiladigan budjetning 95 foizi bu – oylik maosh”, dedi vazirlik rasmiysi.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Top