18:22 / 24.08.2022
63940

“Obuna ixtiyoriy-majburiy, tushundingmi?” - Bobolovning yangi audiosi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning navbatdagi audiosi tarqaldi. Audioda Bobolov “Surxon tongi” gazetasini kerakli miqdorda obuna qila olmayotgan mutasaddilarga qattiq tanbeh bergani eshitiladi.

Masofaviy tarzda kechgani anglashiladigan muloqot quyidagicha bo‘lgan:

– Qani, shaharning nimasi, xalq ta’limi [bo‘limi boshlig‘i]?

– Assalomu alaykum.

– Assalomu alaykum. Menga qara, obuna ixtiyoriy-majburiy, tushundingmi?

– Tushunarli!

– Qo‘rqma, nimadan qo‘rqasan? Yo Sho‘rchining xalq ta’limi [bo‘limi boshlig‘i]ga o‘xshayapsanmi sen ham?

– Yo‘q-yo‘q.

– Xalq ta’limi [boshqarmasi]dan kim bor hozir? Qani, Ilhom Ochilovich Safarov (viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, ungacha 2018-2021 yillarda viloyat XTB boshlig‘i bo‘lgan).

– Assalomu alaykum, To‘ra Abdiyevich.

– Siz og‘ayni xalq ta’limidan chiqqansiz-da, boshqarma boshlig‘i hozir kasal, hammasini yig‘ing, tushuntiring domullalarga...

– Tushundim, To‘ra Abdiyevich, to‘rt-besh kunda o‘zgarish bo‘ladi... men nazoratga olaman.

– Ixtiyoriy-majburiy!

– Shunday bo‘ladi, To‘ra Abdiyevich!

– Gapimni tushundingmi, Angor?

– To‘ra Abdiyevich, 3-4 ta qilmagani bor, bugun hammasi bilan gaplashib, oxiriga yetkazib qo‘yamiz.

– Besh mingta obunadan mingtaginasini qilgan bo‘lsang, qanday oxiriga yetkazib qo‘yasan, gapir?

– Tashkilotlar kesimida bilib olganmiz, To‘ra Abdiyevich, [obuna] qilmaganlarni qildiramiz.

– Sen direktorlarni yig‘ib: “Obuna bo‘lishimiz kerak, nima uchun qilmading, nima uchun bajarmading”, deb ayta olasanmi? Gaplasha olasanmi yoki gaplasha olmaysanmi?

– Gaplashaman, hozir hammasi zalda, kelishib olamiz.

– Qo‘y-yey, og‘ayni, gaping o‘tmaydi, bilib qo‘y. Qo‘rqasan, prokuror sening orqangdan poylab yuribdi. Kuning shu endi sening! Men to‘g‘ri tushunaman seni. Prokuroring [Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonov nazarda tutilmoqda] tomoshabin bo‘lib o‘tiribdi. Yo tomoshabin qilib tashlayman u bolani, bilib qo‘y. Eshityaptimi?

– Ha, eshityapti.

– Ber telefonni. Trubkani ber!

– Assalomu alaykum, To‘ra Abdiyevich.

– Qani, nimaga yordam beryapsan tumanda turib? Prokurorsan, ...lashing kerak (yaxshi eshitilmaydi), sektor rahbarisan! Birorta shularga yordam bermaysan, bilib qo‘y.

– Hamma soha bo‘yicha yordam beryapman...

– Yordam berish niyating yo‘q! Yordam berayotganing yo‘q!..

Obuna mavzusi shu joyga kelganda 18 avgust kuni internetga sizdirilgan audioga ulanib ketadi. To‘ra Bobolov suhbat davomida Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlaydi.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, viloyat hokimi obunasini zo‘r berib targ‘ib qilayotgan nashr “Surxon tongi” gazetasi bo‘lib, uning muasssisi xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashi hisoblanadi. Gazetaning 17 avgust kuni chop etilgan 36-soni 9430 nusxada bosilgan. Yil boshidagi tiraj esa 15620 nusxani tashkil etgan. Nashrning ruscha muqobili ham bor. Bugungi kunda gazetaga Salohiddin Norqobilov bosh muharrirlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 14 avgustdagi 3907-sonli qarori bilan mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan har xil nashrdagi gazeta va jurnallarga majburiy obuna, kommunal to‘lovlar uchun oylik ish haqidan olib qolinishi yoki boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishi qat’iyan taqiqlangan.

Bobolovning matbuot xizmati yuqoridagi audio bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, 2022 yilda viloyat hokimi rahbarligida obuna masalasida yig‘ilish yo uchrashuv o‘tkazilmagan. Rasmiy munosabatda mazkur audioyozuv “2021 yildagi yig‘ilishlardan montaj qilingani” ta’kidlangan.

“Hududlardagi davlat muassasalariga o‘z sohasiga aloqador bosma nashrlarga yillik obuna uchun mablag‘ ham ajratiladi. Viloyat rahbari “majburiy” so‘zini ishlatganida ana shu mablag‘ asosida obuna bo‘lishga e’tibor qaratgan”, deyiladi izohda.

Matbuot kotibi ijtimoiy tarmoq faollaridan “pashshadan fil yasab, viloyat hokimining fikrlarini noto‘g‘ri talqin qilmaslikni, davriy bosma nashrlar obunasi haqida noo‘rin tushunchaga bormaslik”ni so‘ragan.

Ma’lumot uchun, yaqinda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan, davlat xizmatchilarining o‘z rahbari noqonuniy topshiriq berganda bajarishdan bosh tortish huquqiga ega ekani belgilandi.

Top