14:50 / 24.08.2022
22040

«Rossiya Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozona olmaydi» - NATO bosh kotibi

NATO Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Yyens Stoltenberg ukrainaliklarni Mustaqillik kuni bilan tabriklar ekan.

Foto: AFP

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozona olmaydi, deydi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg. U 24 avgust, chorshanba kuni Ukraina Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan murojaatida: «Ukraina g‘alaba qozonishi kerak, Ukraina g‘alaba qozonadi», deya ma’lum qildi. Shimoliy Atlantika alyansi rahbari NATO Kiyevni qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi, dedi. 

«Kuchli va mustaqil Ukraina yevroatlantika mintaqasi barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega», dedi Stoltenberg. Shu bilan birga, yarim yildan beri davom etayotgan Rossiyaning bu mamlakatga bostirib kirishi «Ikkinchi jahon urushidan beri Yevropa xavfsizligi uchun eng jiddiy inqirozga aylandi», dedi u. 

Milliy bayram kuni Shimoliy Atlantika alyansi rahbari Ukrainaga «kuch va muvaffaqiyat» tiladi. Ukraina Qurolli kuchlari va butun ukrain xalqi o‘z mamlakatini himoya qilishda ulkan jasorat va qat’iyat ko‘rsatmoqda, butun dunyoni o‘z namunasi bilan ilhomlantirmoqda, deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu kuni prezident Volodimir Zelenskiy ukrainaliklarga videomurojaat bilan chiqdi. «Olti oydan so‘ng ular bizni yo‘q qilmoqchi bo‘lyapti, ammo biz mustaqil Ukrainaning ozod xalqimiz. Bu bizning kelajagimiz haqidagi haqiqat», - deya ta’kidladi u. Zelenskiyga ko‘ra, ukrainaliklar o‘z mamlakatlari mustaqillik kunini «turli sharoit va vaqtda», biroq ayni paytda «yagona maqsad – mustaqillik va Ukraina g‘alabasini saqlab qolish» bilan nishonlashmoqda. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top