08:03 / 25.08.2022
9645

IHeS Rossiyani Mariupolda «azovchilar»ni sud qilishdan tiyilishga chaqirdi

Ukrainalik harbiy asirlar ustidan sud o‘tkazilishi inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining buzilishi bo‘ladi. Rossiya 16 sentabrgacha IHeS qarorlarini bajarishga majbur.

Foto: Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi binosi

Rossiya tomonidan Mariupolda ukrainalik harbiy asirlarni sud qilish uchun tashkil etilgan tribunal inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining buzilishi bo‘ladi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) 24 avgust, chorshanba kuni e’lon qilgan bayonotida ogohlantirdi. Strasburg sudi 30 iyundagi qaroriga ishora qilib, Rossiyani Yevropa konvensiyasiga, jumladan, yashash huquqi, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani taqiqlash va tibbiy yordam ko‘rsatish haqidagi moddalarga rioya qilishga chaqirdi. 

Muayyan ukrainalik askarga taalluqli bo‘lgan ushbu qarorda ta’kidlanganidek, u «tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazish xavfi» mavjudligiga ishonish uchun asoslar mavjud bo‘lgan har qanday holatda qo‘llaniladi. 

sud uchun tayyorlanayotgan temir panjaralar

Xalqaro kuzatuvchilar yaqin orada Mariupolda «Azovstal» zavodini himoya qilgan ukrainalik askarlar ustidan sud jarayoni boshlanishi mumkinligidan xavotirda. Dalil sifatida Mariupol filarmoniyasi binosida sudlanuvchilar uchun metall qafaslar o‘rnatilayotganini ko‘rsatuvchi fotosuratlar va videolar keltiriladi. BMTga ko‘ra, ukrainalik askarlar qiynoqqa solingan, deyishga asos bor va ular o‘limga hukm qilinishi mumkin. 

Bir kun avval Ukraina hukumati IHeSdan Rossiyaga nisbatan Sud qoidalarining 39-moddasiga asosan vaqtinchalik chora ko‘rishni so‘ragan edi. Kiyev o‘z iltimosini Mariupolda «Azovstal» himoyachilari ustidan «ko‘rgazmali sud» o‘tkazilishidan tashvishdaligi bilan asosladi. Rossiya, Kiyevga ko‘ra, mahbuslar ahvoli haqidagi har qanday ma’lumotni yashiradi va ularni o‘limga hukm qilishni rejalashtirmoqda. 

Adliya organi IHeS bo‘lgan Yevropa kengashi 16 may kuni Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi sababli Rossiyani o‘z a’zoligidan chiqarib yubordi. Olti oylik o‘tish davrida, ya’ni 16 sentabrgacha Rossiya IHeS qarorlarini bajarishga majbur. Strasburg sudining qarorlari majburiydir, ammo IHeS o‘z qarorlarini ijro etish uchun vositalarga ega emas. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top