20:28 / 25.08.2022
63450

Samarqandda IIB qari ayolni zo‘rlagan “manyak”ni qochirib yuborgan

Ojiz ahvoldagi keksa ayolni zo‘rlik ishlatib, qiynab nomusiga tekkan shaxs darhol aniqlanib, IIBga olib kelinadi. Ammo og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumonlanishi kerak bo‘lgan kimsa nimagadir qo‘yib (qochirib) yuboriladi. Zo‘ravonlikka uchragan ayol ko‘p o‘tmay vafot etadi.  

Marhumaning qizi IIB ayblanuvchini olti oydan ortiq vaqt o‘tsa-da, topolmayotganidan norozi bo‘lib, Kun.uz’ga murojaat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhuma tumandagi ko‘p qavatli uylarda qizi va nabiralari bilan istiqomat qilib kelgan. U uch marta insultni boshidan o‘tkazgan. Biroq o‘zi mustaqil harakat qilgan, qo‘ni-qo‘shnilar bilan muloqotga kirisha olgan.

“2022 yilning 9 mart kuni 19:00 lar atrofida uyga keldim. Eshik qulf ekan. Taqillatdim, ichkaridan notanish erkak chiqdi. “Meni ham, o‘zingni ham sharmanda qilma” deb qochib ketdi. Ortidan yugurib pastga tushdim, qo‘shni bolalarga uyga o‘g‘ri tushdi, deb baqirdim. Birozdan so‘ng uyda onamning borligi yodimga tushib, ichkariga oshiqdim. Qarasam, onam bir ahvolda yotibdi. Yuz va bosh qismlari jarohatlangan, chap tomonlarida zarb oqibatida turli xil ko‘karishlar bor edi.

Shundan so‘ng hudud profilaktika inspektoriga xabar berdim. Tez yordamga telefon qildim. Tez yordam onamni shifoxonaga olib ketdi. Uyga kelsam, erkakka tegishli kurtka turgan ekan. Cho‘ntagidan telefon chiqdi. Uydan qochib chiqqan odamga tegishli bo‘lsa kerak deb, IIB xodimlariga topshirdim. Telefon yordamida erkakni topishibdi. Ertasi kuni menga o‘sha odamni ko‘rsatishdi, tanidim.

Onam bilan boshqa suhbatlasha olmadik, tildan qoldi. Shifoxonada komaga tushgunicha imo-ishora bilan o‘sha odam o‘zini urgani, nomusiga tegmoqchi bo‘lganini tushuntirdi. Uch kundan so‘ng ekspertiza qilindi. 21 mart kuni onam shifoxonada jon berdi”, - dedi marhumaning qizi Rahmonova.

Rahmonovaning qo‘shimcha qilishicha, onasiga tajovuz qilgan odam bir haftadan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Biroq mana, olti oydan oshibdiki, jinoyatchi topilmayapti. IIB xodimlari D.K.ga nisbatan jinoiy ish ochilgani, gumondor sudgacha qo‘yib yuborilmasligini ma’lum qilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Samarqand viloyati IIB axborot xizmati Jahongir Sagdullayev bilan telefon orqali bog‘landik. U biz bilan suhbatda D.K.ga nisbatan 12 mart kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“Shaxsga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan. Ayni vaqtda ushbu shaxsni topish yuzasidan tezkor qidiruv harakatlari davom etmoqda”, - dedi Sagdullayev.

Sagdullayev gumondor qanday qilib qochirib yuborilgani haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.

Darvoqe, Past Darg‘om tumani prokuraturasi Rahmonovaga javob xati berar ekan, 2022 yilning 12 mart kuni D.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. 20 aprel kuni sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan. Prokuratura bir necha marta IIBga ayblanuvchini topishni so‘rab, tezkor topshiriq berganini, biroq natija bo‘lmayotganini bildirgan. Shundan so‘ng, 11 may kuni JPKning 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan jinoyat ishi to‘xtatilgan. Ya’ni, ayblanuvchining qayerda ekanligi noma’lum bo‘lgani sababli ish to‘xtatilgan.

Ekspertiza marhumaning chap yelkasida shilinmalar, boshining peshona, chap yanoq, chap quloq osti va orti, bo‘yin chap tomoni, chap yelka kamarida qontalashlar mavjud bo‘lsa-da, bu o‘limga olib boruvchi sabab emas, deb ko‘rsatgan.

Marhumaning qizi aynan mana shu holatdan norozi. Nega ehtiyot chorasi qo‘llanmagani, ayblanuvchining qochib ketishi aniq bo‘la turib qo‘yib yuborilganiga tushunmayapti. Shuningdek, nega tan jarohatlari bo‘yicha ertaroq ekspertiza tayinlanmagani ham xodimlarning mas’uliyati masalasi jiddiy o‘rganilishi kerakligiga ishora qiladi .

Rahmonova IIBning noprofessional harakatidan norozi bo‘lib bir nechta tashkilotlarga murojaat qilgan. Ammo naf yo‘q. Mana olti oydirki, ichki ishlar xodimlari shundoqqina qo‘llarida bo‘lgan odamni qochirib yuborib, endi uni izlash bilan ovora!

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top