07:44 / 25.08.2022
9786

Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashida: «Bizning mustaqilligimiz - sizning xavfsizligingiz»

Ukraina prezidenti o‘z mamlakatining Rossiya agressiyasiga qarshi kurashi global ahamiyatini ta’kidladi. Mustaqilligimizga butun dunyo muhtoj, dedi u BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi ishtirokchilariga video-aloqa orqali.

Foto: AFP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 avgust, chorshanba kuni Nyu-Yorkdagi BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi ishtirokchilariga video-aloqa orqali murojaat qilib, o‘z mamlakatining Rossiya tajovuziga qarshi mudofaaviy kurashi global ahamiyatini ta’kidladi. «Bugun mamlakatimiz Mustaqillik bayramini nishonlamoqda, hozir butun dunyo mustaqilligimizga qanchalik bog‘liq ekanini hamma ko‘rib turibdi», dedi u.

«Agar Rossiya hozir to‘xtamasa, Rossiyani Ukraina g‘alabasi to‘xtatmasa, unda bu qotillarning barchasi oxir-oqibat Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasidagi boshqa mamlakatlarga ham kelishi mumkin», - dedi Ukraina prezidenti. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuz uchun javobgarlikka tortilishi kerak.

Zelenskiy kelasi yili Kiyevda BMT shafeligida Kelajak sammitini o‘tkazishni taklif qildi. «BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish kelasi yili «Kelajak sammiti»ni tashkil qilmoqchi. Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz va umumiy kelajagimizni qurish uchun insoniyatning tinchlikda, ya’ni bosqinchilik, mustamlakachilik ambitsiyalaridan xoli yashashiga imkon bermagan narsalarni tarix chiqindisiga qoldirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaymiz», deb ta’kidladi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «bu sammitni Ukrainada, umuman kelajagi bor-yo‘qligi hal qilingan mamlakatda o‘tkazish ramziy ma’noga ega bo‘lardi». «Bu masala Zaporijjya AESda, dengiz portlarimizda, Donbassda, Qrimda ham hal qilinmoqda. Bizning mustaqilligimiz - sizning xavfsizligingiz», - dedi Ukraina prezidenti. 

Avvalroq Rossiya Zelenskiy bilan videokonferensiya o‘tkazishga to‘sqinlik qilishga urinib ko‘rgan edi. RFning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya o‘z pozitsiyasini Rossiya delegatsiyasi «faqat Ukraina prezidentining Xavfsizlik kengashi majlisida shaxsan ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashi» bilan asosladi. Nebenzyaning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy kengash yig‘ilishi uchun Nyu-Yorkka uchib kelishi mumkin edi. BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 13 tasi esa Rossiya talabini qo‘llab-quvvatlamadi. Xitoy betaraf qoldi. 

BMT bosh kotibi Guterrish Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi olti oyni qayg‘uli va fojiali voqea deb atadi. Xavfsizlik kengashining Ukraina Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘zlagan Guterrish Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarni «bema’ni urush» deb atadi. 

Bosh kotib Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan va so‘nggi paytlarda tez-tez o‘qqa tutilayotgan Zaporijjya AESdagi vaziyatdan alohida xavotir bildirdi. «Bundan keyin har qanday keskinlashuv o‘z-o‘zini yo‘q qilishga olib kelishi mumkin», deb ogohlantirdi Guterrish. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top