12:01 / 27.08.2022
7673

Yangi mavsumga yangiliklar bilan. Futzal rivoji yo‘lida jon kuydirayotgan BMB FC taqdimot marosimini o‘tkazdi

O‘zbekistonda hukumat tomonidan yoshlar va bolalar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda amalga oshirilayotgan loyihalar o‘zining samarasini bera boshlamoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish (seleksiya) tizimi va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, futbol bo‘yicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini yaxshilash, o‘tkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish muhim masala bo‘lib qolmoqda.

BMB Trade Group investitsion-konsalting kompaniyasi yurtimizda sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda sohaga zamonaviy menejmentni joriy qilish yo‘nalishida muhim loyihalarni amalga oshirmoqda.

Kompaniya tomonidan asos solingan «BMB FC» futbol klubi birinchi mavsumning o‘zidayoq futzal bo‘yicha 1-liga musobaqalarida chempionlikka erishib, O‘zbekiston Oliy ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Yuqori divizionda ham chempionlikni maqsad qilgan jamoa 26 avgust kuni «Hilton» mehmonxonasida yangi futzalchi va xorijiy mutaxassislarni tanishtiruv marosimini o‘tkazdi.

Tadbirni BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi va BMB futzal klubi prezidenti Bekzod Mamatqulov ochib berdi: «So‘nggi 5 yilda iqtisodiyotimizda ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y berdi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan xususiy sektorga keng yo‘l berildi. Davlat rahbarimiz tez-tez tadbirkor biznesidan orttira olsa, ijtimoiy sohalarga va sportga e’tibor qaratishi kerakligini aytadilar.

Biz ham sport bilan hamnafasmiz. Bugungi kundagi asosiy maqsadlarimizdan biri — futbol hamda futzalni rivojlantirish. Futzalimiz Osiyo va jahonda o‘z o‘rniga ega. Lekin bu ham yetarli emas. Shu sabab Braziliyadan legionerlar jalb qildik, bu orqali yoshlarimizning malakasini oshirmoqchimiz.

BMB FC prezidenti Bekzod Mamatqulov

Bizni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat aytaman. Maqsadlarimiz jiddiy. 5 yillik strategiyamiz bor. Faqat BMB emas, butun mamlakatimiz futzalini rivojlantiramiz. Kelajakda milliy jamoamizni doim jahon chempionatiga chiqadigan darajaga yetkazamiz».

Shundan so‘ng yangi futzalchilar tanishtirildi. Oliy ligaga chiqqan klub yozgi transferlar oynasida braziliyalik Paulo Enrike Suares De Souza (Paulino), Olivera De Jyesus Souza Hebbert (Bolt), Fernando Rodrigez De Souza (Fernandino) va bosh murabbiy maslahatchisi Vitor Viannalar bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qildi.

Shuningdek, tarkibga O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolari — Ravshan Eliboyev, Akbar Usmonov, Mashrab Odilov, Husniddin Nishonov, Davron Choriyev va bir qator yosh iqtidorlar qo‘shib olindi.

Darvozabon Ravshan Eliboyev so‘zga chiqib, Yevropadan takliflar bo‘lganiga qaramay, aynan BMBni tanlagani sababini izohladi: «Yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘tgan mavsumni Qozog‘iston chempionatida o‘tkazdim. Ushbu mavsum arafasida ham Yevropadan bir qator takliflar bo‘ldi, ammo BMBni tanladim. Chunki bu klubda jahon darajasidagi sharoitlar yaratilgan va maqsadlar ulkan. Yoshlarga o‘z tajribam bilan yordam berib, futzalimiz kelajagi uchun hissa qo‘shishga harakat qilaman. Olg‘a, BMB ».

 

Shundan so‘ng klub bosh direktori Rustam Zuparov haqida taqdimot yuqori darajada tashkil etilgani haqida fikr bildirdi: «Hammani ko‘rganimdan xursandman. Ko‘ryapsizlar, yigitlar ham hayajonda. Bundan tadbirlar futbol demayman-u, ammo futzalimizda aniq bo‘lmagan.

BMB futzalimizni rivojlantirib, bu sport turiga yoshlarning qiziqishini oshirmoqchi. O‘ylaymanki, bu, albatta, ijobiy natija beradi».

Taqdimotda O‘zbekiston uchun tarixiy yangilik ham e’lon qilindi — kompaniya tomonidan italiyalik Berluskonilar oilasi bilan hamkorlikda «ORO ROSSO MILANO» brendi ta’sis etilgani, endilikda BMB Za’faron milliy mahsuloti dunyo bozorida «ORO ROSSO MILANO» brendi nomi bilan yuritilishi ta’kidlandi. Brendni jahonda keng targ‘ib qilish maqsadida Italiyaning «Milan» va «Monsa» futbol klublari bilan uzoq muddatli rasmiy hamkorlik shartnomalari imzolangani aytildi.

Marosimda braziliyalik legionerlardan Hebbert Boltga ham so‘z berildi: «Bunday tadbirda ilk bor ishtirok etyapman. BMB tomonidan sog‘lom turshush tarzini targ‘ib qilish va futzalni rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor bu yerga kelishimga sabab bo‘ldi. Maqsadim — klub bilan chempion bo‘lish va mamlakatingizda yoshlar o‘rtasida futzalga bo‘lgan qiziqish oshishiga yordam berish. Bizning oilamiz, albatta, chempion bo‘ladi. Olg‘a, BMB ».

 

Klub prezidenti Bekzod Mamatqulovning sevimli «7» raqamini olgan O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Akbar Usmonov futzalga bo‘lgan e’tibordan xursandligini yashirmadi: «Futzalga e’tibor kuchayayotganidan xursandman. Bizga ajoyib sharoitlar yaratib berilmoqda. Buning uchun Bekzod akaga minnatdorchilik bildiramiz».

Umuman olganda, Oliy ligaga chiqqan futzal jamoasining taqdimot marosimi O‘zbekistonning katta futbol klublari ham havas qiladigan darajada tashkil etildi.

Jurnalist A’zamjon Izzatillayev

Mavzuga oid
Top