07:33 / 29.08.2022
8465

IT-parkda 20, 22 va 25 qavatli binolar qurib bitkazildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolarni borib ko‘rdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘ygan, o‘tgan yili dekabrda bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan edi. Bugungi kunda 20, 22, 25 qavatli binolar va konferensiya zali qurib bitkazildi.

Poytaxt Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki birinchi bo‘lib ikki qavatli binoda ochilgan edi. Bugungi kunda osmono‘par majmuaga aylandi. IT-park rezidentlari, xizmatlar turi ko‘payib bormoqda. Joriy yil 6 oyida ular tomonidan 53 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 100 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Davlat rahbari “Aloqabank” va “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi binolaridagi sharoitlarni kirib ko‘rdi. Ular pastki qavatlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish ofisi joylashgan. Yuqori qavatlar IT korxonalar uchun mo‘ljallangan. Yerto‘la qismida 3 ming avtomobilga mo‘ljallangan 3 qavatli turargoh ham bor.

IT-parkda qurilish 2 bosqichda olib borilmoqda. Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Sohadagi tashkilotlar, universitet, kovorking markazi o‘zaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, do‘konlar, sport maydoni, dam olish joylari ham bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top