20:24 / 30.08.2022
49932

Nega finlar – dunyodagi eng baxtli xalq?

Finlandiya 5 yildan beri baxtiyorlik indeksida birinchi o‘rinni egallaydi. Dunyoda iqtisodiy farovon davlatlar ko‘p bo‘lsa-da, ularning hammasi ham baxtiyorlik indeksida yuqori natija ko‘rsatmagan. Bu borada finlarning o‘ziga xos jihatlari bor.

Fotokollaj: Kun.uz

Baxtiyorlik indeksi nima?

Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida har yili bir necha omillar asosida odamlarning yashash sifati o‘rganiladi. Davlatlardagi odamlarning yashash tarzi haqidagi maqolalar, aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar yig‘ilib, Dunyo davlatlari baxtiyorlik indeksi hisoboti tayyorlanadi.

Odatda hisobotda 150 davlatdagi jon boshiga yalpi ichki mahsulot miqdori, ijtimoiy yordam, yashash tanlovlarini qilishda shaxsiy erkinlik, sog‘lom hayot davomiyligi, bag‘rikenglik va korrupsiya darajasi haqidagi ma’lumotlar to‘planadi. Shu mezonlar bo‘yicha oxirgi 3 yildagi holat bo‘yicha ko‘p sonli ishtirokchilar orasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, 0 dan 10 gacha baholanadi.

Oxirgi hisobot 2022 yil mart oyida e’lon qilingan bo‘lib, unda odamlarning COVID-19 pandemiyasidan oldingi va keyingi ruhiy holatlari ham o‘rganilgan.

5 yildan beri Finlandiya – aholisi eng baxtli mamlakat

2022 yil mart oyida e’lon qilingan Dunyo davlatlari baxtiyorlik indeksiga ko‘ra, Finlandiya eng yuqori ko‘rsatkichda turibdi. Eng qizig‘i, bu Finlandiyaning qatorasiga beshinchi yil dunyoning eng baxtiyor mamlakati deb topilishidir. Shuningdek, baxtiyorlik indeksi Skandinaviya davlatlarida dunyoning boshqa davlatlariga qaraganda ancha yuqori.

Hisobotda odamlarning hayotdagi muvozanat va uyg‘unlik darajasi ham o‘rganilgan. Skandinaviya davlatlari aholisining ko‘pi o‘zini muvozanatli hayot kechirayotganini ma’lum qilgan. Bu ko‘rsatkich Finlandiya va Maltada 90,4 foiz chiqqan. Bu yerda aholining jismoniy holatidan to iqtisodiy holatigacha bo‘lgan faktorlar inobatga olingan.

Shuningdek, Skandinaviya davlatlari pandemiyani ham nisbatan yaxshi nazoratda tuta olgan. Bu mamlakatlarda 2020-2021 yillarda COVID-19’dan har 100 000 kishining 27 nafarida o‘lim qayd etilgan bo‘lsa, bu – G‘arbiy Yevropada 80 nafar bo‘lgan.

Baxtiyorlik siri

Har qanday mamlakatning iqtisodiy farovonligi – aholining yaxshi yashashi uchun birlamchi omil. Dunyoda iqtisodiy farovon davlatlar ko‘p bo‘lsa-da, ularning hammasi ham baxtiyorlik indeksida yuqori natija ko‘rsatmagan. Demak, bu borada finlarning o‘ziga xos jihatlari bor. Bu finlarning madaniyati bilan ham bog‘liq.

Finlandiyaning Espoo shahrida aloqa koordinatori bo‘lib ishlaydigan Liisi Hatinen Finlandiyada insonning birlamchi ehtiyojlari qondirilganini aytadi. “Kafolatlangan sog‘liqni saqlash tizimi, bepul maktab, yashash uchun maosh va arzon uy-joy to‘liq hal etilgan. Bu dasturlar juda yaxshi o‘ylangan va samara ham beryapti. Shu narsalar baxtli bo‘lishning asosiy poydevordir", – deydi u.

Finlandiyada ma’lum muddat yashagan Washington Post muxbiri Kinsey Gidick ham Liisining fikrini qo‘llab-quvvatlagan. Uning kuzatuvlariga ko‘ra, finlar yashash uchun talab etiladigan birlamchi ehtiyojlar uchun qayg‘urmaydi.

“Finlarning yuzida kamtarona xotirjamlik bor”, – deb yozadi u.

Finlardek hayotdan xursand yashash haqida kitob yozgan Katja Pantza qiziq ma’lumotni keltiradi. Uning yozishicha, finlarning yuzida tabassum bo‘lmasa ham, hayotidan butunlay qoniqayotgan bo‘lishi mumkin, lekin buni bildirishmaydi. Ular jamiyat manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishadi.

Fin madaniyatiga ko‘ra, baxtli bo‘lsang, buni yashirishing kerak. Va bu yerda boylik bilan maqtanish madaniyatsizlik hisoblanadi.

Foto: iStock

46 yoshli fotograf Essi Ala-Kokko finlar oddiy narsalardan xursand bo‘lib, o‘ziga qoniqish hosil qila olishga o‘rganishganini aytadi.

“Juda muvaffaqiyatli martabaga ega bo‘lishimiz yoki ko‘p pulimiz bo‘lishi shart emas. O‘rmonda sayr qilish va do‘stlar bilan uchrashish kabi hayotdagi oddiy narsalarni yaxshi ko‘ramiz”, – degan u.

Finlandiyadagi o‘rta maktab direktori Joanna Ovaska mamlakatning baxtiyorlik ko‘rsatkichida ayollarning jamiyatdagi roli katta deb hisoblaydi.

“Hukumatimizni ko‘rdingizmi? Bizda ayol bosh vazir bor. U 36 yoshda. Yana to‘rtta asosiy vazirimiz ham yosh ayollardir”, – degan u.

Ijtimoiy yordam shakllari

Finlandiyada ijtimoiy dasturlar 2ga bo‘linadi:

  • odamlar daromadsiz qolmasligini kafolatlovchi dasturlar;
  • ijtimoiy va tibbiy xizmatlarni kafolatlovchi dasturlar.

Daromad xavfsizligi dasturlari ham 2 toifaga bo‘linadi. Birinchisi – keksalik, kasallik, homiladorlik, ishsizlik yoki ish jarayonida yetkazilgan jarohatlar uchun ijtimoiy sug‘urtadir.

Ikkinchisi – farovonlikni belgilaydigan daromad xavfsizligi bo‘lib, bunga bolalar to‘lovlari, onalik nafaqalari, urush qurbonlari va ularning tirik qolganlariga to‘lovlar, nogironlik yoki zaruriy ehtiyojlardan aziyat chekkanlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish kabilar kiradi.

Farzandli bo‘lganlar uchun ota-onalik ta’tillari

Finlandiyada ko‘zi yorigan ayollarga bola uchun muhim bo‘lgan 63 buyumni o‘z ichiga olgan bolalar qutisi hadya qilinadi. Bu buyumlar bilan ota-ona bolasining 2-3 oylik bo‘lgunicha taglikdan boshqa narsa sotib olmaydi.

Sovg‘alardan tashqari, Finlandiya va boshqa Skandinaviya mamlakatlarida 10 oylik ota-onalar ta’tili beriladi. Buning 9 haftasi otaga beriladi.

Dastlabki 3 hafta davomida ota-ona ham uyda qoladi va qolgan vaqt chaqaloq 9 oylik bo‘lgunga qadar ota-onalar o‘rtasida taqsimlanadi. Ota-ona farzandi 3 yoshga to‘lgungacha ishdan bo‘shamagan holda uyda qolishi mumkin, albatta bu holatda ularda kamroq pul to‘lanadi.

Ayol yoki uning chaqalog‘i kasal bo‘lib qolsa, qanday tashxis qo‘yilishidan qat’i nazar, davolanish uchun oilani qiynab qo‘yadigan miqdordagi pul talab qilinmaydi.

Ishchilar va ishsizlarni qo‘llab-quvvatlash

Hukumat, shuningdek, ish qidirayotganlarni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Ular ish topgunlaricha nafaqa olib turishadi.

Ish jarayonida xodim jarohatlansa, uning tibbiy va reabilitatsiya xarajatlari qoplanadi. Agar jarohatlar doimiy nogironlikka olib kelgan bo‘lsa, ishchi maoshining 85 foizi miqdorida haq olib turish huquqiga ega. Dafn marosimi uchun ham nafaqa olishlari mumkin. Bular to‘liq ish beruvchi tomonidan moliyalashtiriladi.

Davlat odamlar hayotini osonlashtiradigan tizimlar yaratgan

Finlandiyada ham hayot mukammal emas. “Arman Pohjantahden alla” hujjatli filmi muallifi Toni Tikkanen Finlandiyada ham dunyoning boshqa mamlakatlaridagi kabi irqchilik, tengsizlik, zo‘ravonlik, ruhiy tushkunlik va o‘z joniga qasd qilish holatlari yuz berishini aytadi. Biroq uning fikricha, Finlandiyani baxtli mamlakat qiladigan narsa – millat sifatida yaxshi tomonga o‘zgarish uchun harakat qilish va aholini kuchli qo‘llab-quvvatlash tizimidir.

Xulosa qilib aytganda, aholi ishsiz qolsa yoki biror jiddiy muammo bilan to‘qnashsa, ko‘chada qolmasligini, unga yordam ko‘rsatadigan jamiyat borligini his qilib yashaydi. Finlandiyada odamlarning birlamchi ehtiyojlari qondirilgan, ular yashab qolish uchun kurashmaydi, chunki hukumat yaratgan tizim odamlarning yashashini qiyinlashtiruvchi emas, aksincha osonlashtiruvchidir.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid
Top