18:31 / 03.09.2022
19659

Erdo‘g‘an Gretsiyani tarixdan saboq olishga chaqirdi

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya texnologiyalarni rivojlantirayotganining sababi yangi urushlarga urinish emas, balki mamlakat qudratini mustahkamlashga qaratilgan majburiy chora hisoblanadi.

Foto: AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat geosiyosiy nuqtai nazardan murakkab mintaqada o‘zining zaif bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.

«Biz Turkiyani har tomonlama mustahkamlashga majburmiz. Turkiya texnologiyalarni rivojlantirayotganining sababi yangi urushlarga urinish emas, balki mamlakat qudratini mustahkamlashga qaratilgan majburiy chora», - dedi u Samsun shahrida o‘tkazilayotgan TEKNOFEST KARADENIZ aviatsiya, kosmonavtika va texnologiyalar festivalida.

Turkiya prezidenti Gretsiya hukumatini tarixdan saboq olishga chaqirdi.

«Agarda hozirgi provokatsiyalarni davom ettiradigan bo‘lsangiz, buning badali katta bo‘ladi. Afinaga faqat bir gapim bor: Izmirni esdan chiqarmang!».

U bu gapi bilan 100 yil avval Mustafo Kamol Otaturk qo‘mondonligi ostidagi turk armiyasi grek qo‘shinlarini Anatoliya va Izmirdan quvib chiqarganini eslatdi.

«Gretsiya orollarni bosib olgani Turkiyani to‘xtata olmaydi. Biz kerakli vaqtda kerakli harakatni amalga oshiramiz. Bu kutilmaganda va har qanday tunlarning birida sodir bo‘lishi mumkin», - dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Mavzuga oid
Top