13:50 / 04.09.2022
11555

«Bekobod shamoli kuchli, shamol stansiyalari uchun esa kuchli shamol kerak emas» – vazir o‘rinbosari

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekistonda quyosh va shamol energiyasi imkoniyatlari haqida ma’lumot berarkan, Bekobod shamoli ko‘pchilik o‘ylagandek muqobil energiya uchun samarali emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shamol stansiyalari o‘rtacha 8-9 metr sekundiga esgan shamol ta’sirida yaxshi ishlaydi, Bekobod shamoli esa barqaror emas.

– O‘zbekistonda generatsiya yetishmasligini quyosh stansiyalari bilan qoplashning imkoni mavjudmi?

Yo‘q, nazariy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, generatsiya yetishmovchiligini quyosh stansiyalari bilan to‘liq qoplab bo‘lmaydi. Sababini tushuntiraman.

O‘zbekistonda eng yuqori talab qish oylarida kuzatiladi. Unda ham kechki soat 16 dan 22 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida. Bu soatlarda aksariyat quyosh stansiyalari ishlamaydi. Lekin umuman olganda, quyosh generatsiyasi bugungi kunda ommalashib boryapti, kelajak uchun esa bu eng asosiy texnologiyalardan biri bo‘ladi. Negaki, quyosh energiyasini saqlash akkumulyatorlarining narxi yildan yilga arzonlashib boryapti.

Energiya kunduz kuni ishlab chiqarilib, ortiqchasini akkumulyatorga yig‘ib, kechqurun ishlatish mumkin. Bizning hisob-kitobimiz bo‘yicha taxminan 2030 yilga borib, akkumulyatorlarning narxi shu darajada tushib ketadiki, quyosh elektr stansiyalari oddiy stansiyalar bilan raqobatlasha oladigan bo‘ladi.

Mamlakatimizda shamol energiyasi barqarormi? Shu masalani qaysidir tashkilot ilmiy jihatdan o‘rganganmi? Deylik, Qoraqalpog‘iston yoki Bekobodda sershamol hududlarimiz bor.

– Birinchidan, Energetika vazirligining o‘zida ham chet elda tahsil olgan, tajribali, yosh mutaxassislar yetarli. Ular mana shu shamol energiyasi bo‘yicha mutaxassislardir. Ular birlamchi o‘rganishlarni o‘tkazishadi.

Bundan tashqari, xalqaro moliyaviy institutlaridan birinchisi, albatta Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, qolaversa, Jahon banki bilan birgalikda shamol potensiali xalqaro xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda o‘rganiladi. O‘zbekistonda shamol potensialining asosiy kuchi g‘arbiy qismga to‘g‘ri keladi. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlariga. Cho‘l hududlarimizda shamol haqiqatan ham yaxshi salohiyatga ega.

Bekobod shamoli esa kuchli, ammo bir maromdagi shamol emas. Shamol stansiyalari uchun u qadar kuchli shamol kerak emas. Aksariyat shamol stansiyalari o‘rtacha 8-9 metr sekundiga esgan shamol ta’sirida yaxshi ishlaydi. Bekobodda 20 metr kuzatiladi. Lekin ba’zan umuman shamol bo‘lmaydi.

– Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi doim ta’mirlanishda. Uning quvvati oshirilib, deyarli bitta stansiya qursa bo‘ladigan mablag‘ sarflab yuborildi. Yaqinda yana ikkita yangi stansiya qurilayotgan ekan. Bu iqtisodiy jihatdan qanchalik to‘g‘ri? Shunda avvalgi mablag‘lar behuda sarflangan bo‘lib chiqyaptimi? Yoki xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarilib yangi stansiyalar qurilyaptimi?

– Aslida sarflangan mablag‘larning puliga bitta stansiya qurish mumkin edi degan iddao bu – umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Har bir energiya bloki uchun sarflangan mablag‘lar xuddi shunday energiya blokini qurish uchun sarflangan mablag‘lardan 10 karra kam.

Foto-1. Sherzod Xo‘jayev, energetika vaziri o‘rinbosari Foto: Kun.uz

Oddiy qilib aytganda biz 30 yil davomida birinchi marta mavjud 10 ta energiya stansiyasining bosqichma-bosqich sakkiztasini ta’mirladik. Ya’ni har 4-5 yilda qilinishi kerak bo‘lgan narsani 30 yilda birinchi marta qildik desak ham bo‘ladi.

Biz nimaga erishdik? Shu energiya bloklarining quvvati 300 mVt bo‘lsa, oxirgi yillarda ularning birortasi 220 megavattdan yuqori darajada ishlay olmayotgan edi. Mana shu mukammal ta’mirdan keyin 325 megavattgacha yetkazildi ularning quvvati.

Qish oylarida ham shu quvvat bilan ishlayapti. Nimaga unda yoniga boshqa elektr stansiya qurilyapti degan savol tug‘ilyapti. Albatta, elektr bloklarni qanchalik mukammal ta’mirlamang, baribir birlamchi zavodda ishlab chiqarilgandan ko‘ra yaxshiroq samaradorlikka erisha olmaysiz. Oddiy misol Sirdaryo stansiyasi samaradorligi mukammal ta’mirlashdan keyin 30 foiz bo‘lsa, yangi qurilgan stansiya samaradorligi 60 foizni tashkil qiladi.

Yangi qurilayotgan stansiyaga davlat tomonidan 1 so‘m mablag‘ ham sarflanmayapti. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy investitsiyalar orqali amalga oshirilyapti.

– To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi nega 2-3 barobar qimmatga qurilib, to‘laqonli darajada ishlay olmayapti?

– To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi nominal quvvati 900 mVt. Ikkita 450 megavattli qurilmasi bor. To‘la quvvatda ishlay olmayapti desak, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Qish oylarida 920-930 mVt quvvat bilan ishlaydi. Yoz oylarida esa boshqa bloklar singari uning ham quvvati tushib ketadi. Bu harorat bilan bog‘liq bo‘lgan holat.

Foto-2. Sherzod Xo‘jayev, energetika vaziri o‘rinbosari Foto: Kun.uz

Endi bir necha barobar qimmatga qurilgan degan iddao ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Stansiyani qurish narxlari ma’lum. Bugungi kunda biz boshqa tenderlarni ham o‘tkazdik. Yoki bo‘lmasa, mana shu sarmoya evaziga qurilayotgan stansiyalarga qancha mablag‘ sarflayotganini investor bizga ochiqlashi shart.

Haqiqatan ham birmuncha qimmatroq qurilgan. Lekin bir necha barobar emas. Bugungi kunda mana shunday stansiyalarni taxminan 15 foizga arzonroq qurish mumkin.

Issiqlik elektr stansiyalari gaz yordamida ishlaydi. Kelajakda bu tabiiy resursimiz o‘z-o‘zidan kamayib boraveradi. Yangi qurilayotgan issiqlik elektr stansiyalari uchun gaz yetarlimi? Yetmay qolgani uchun boshqa zavodlarning elektr quvvati tushirilyapti degan gaplar bor. Shu rostmi?

– Yuqorida yangi qurilayotgan stansiyalarimiz 60 foiz samaradorlik bilan ishlaydi deb aytdim. Ya’ni bugungi eski issiqlik elektr stansiyalarini to‘xtatsak, masalan, 1000 mgvattli eski stansiyani to‘xtatsak, o‘rniga 2000 mgvattli yangisi ishga tushadi.

Gaz sarfi kamaysa kamayadiki, ortmaydi. Bu birinchi yo‘nalish, ikkinchisi, shamol va quyosh energetikasi rivojlangani sari, bugungi kunda asosiy yukni ular ko‘tarayotgan bo‘lsa, ertaga ular shamol va quyosh stansiyalarining yoniga turadigan yordamchiga aylanadi. Faqat kerak bo‘lgan soatlardagina ishlaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov, Asadbek Kuryazov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Top