19:25 / 05.09.2022
47293

Mavhumlik va xaos: Toshkent yana uysiz talabalar shahriga aylandi

OTMlarda darslar boshlandi. Lekin minglab talabalarga bu quvonch tatiyotgani yo‘q: hozir ularning xayolida o‘qish emas, yashashga joy topish muammosi. Kun.uz Toshkentdagi talabalar shaharchasida bo‘lib, boshpana izlab sarson yurgan yoshlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi.

Ko‘p yillik muammo – o‘sha-o‘sha. Ko‘rpa-to‘shaklari bilan poytaxtga ko‘chib kelgan talabalar va ularga hamroh ota-onalar universitet xiyobonida biror yangilikdan umidvor bo‘lib kutishyapti.

Ota-onalardan biri grantda o‘qiydiganlarga yotoqxona berilmasligi aytilganidan og‘rinadi. Ijara narxlari esa osmonda.

Ko‘plar umid qilayotgan yotoqxona masalasi esa mavhum. Bu borada shunchaki xaos yuzaga kelgan.

2021 yil sentabrida qabul qilingan hukumat qarori bilan, 2022 yilda Toshkent shahridagi 11ta OTMda yotoqxonalar qurilishi kerak edi. Lekin Kun.uz avvalroq yozganidek, ulardan faqatgina O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yangi yotoqxonasi tayyor.

O‘zbekiston Milliy universitetining mavjud yotoqxonalaridan birida esa hamon ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmaganiga guvoh bo‘ldik. Yangi yotoqxona borasida esa ma’lumot yo‘q.

Avvalroq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi respublikada 30890 o‘rinli 60ta loyiha amalga oshirilayotgani, shundan 16050 o‘rinli 30ta loyihada qurilish jarayoni ketayotganini ma’lum qilgandi.

Kun.uz talabalarning xotirjam bilim olishiga to‘siq bo‘lib kelayotgan turar joy muammosi haqida bir necha yildan beri yozib keladi:

Top