09:41 / 08.09.2022
46654

Internetdagi muhokama: Qorako‘lda aslida nima bo‘lgandi?

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimining yangi asfalt qilingan ko‘chada gilam ustida turgani tasvirlangan surat muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz holatni tanqidiy yoritgan bloger va hokimning o‘zi bilan suhbatlashib, holatga oydinlik kiritdi.

Troll.uz loyihasi muallifi Umid G‘afurovning fikricha, suratni tarqatgan tuman hokimligi matbuot xizmati holat jamoatchilik o‘rtasida e’tiroz va istehzolarga sabab bo‘lishi mumkinligini oldindan ko‘ra bilishi kerak edi.

— Umuman olganda, ko‘chalarni asfalt qilish, biror obektni foydalanishga topshirish olamshumul yangilik emas (hokim tadbir asfalt bilan bog‘liq bo‘lmaganini aytmoqda, batafsil quyiroqda – tahr.) Ammo bizda bu kabi istalgan jarayonni tadbirga aylantirib yuborish hech gap emas. Bu xato, nazarimda.

Aholi yashash punktlarining asfaltlanishi davlatning majburiyati bo‘lib, uni hokim kelib ochib berishi maqsadga muvofiq emas. Yana bir tarafdan, hokim menga gilam to‘shab beringlar deb aytmagan bo‘lishi mumkin. Ammo u oyoq ostidagi gilamni ko‘rganda uni oldirib tashlash haqida o‘ylab ham ko‘rmagan. Aslini olganda 10-20 kishidan iborat yig‘inda na gilamga, na mikrofonga hojat bor edi.

Jig‘achi mahallasida o‘tkazilgan mustaqilllik bayrami tadbiri. Foto: Facebook / Qorako‘l tumani hokimligi

Andijondagi voqeani olaylik. U yerda ham hokim fuqarolarni qabul qilish jarayonida alohida ayvonchada o‘tirganini ko‘rish mumkin. Balki ular shunday takallufga o‘rganib qolishgandir. Bu bizning xalqimizda bor odat. Agar yuqori lavozimli insonni ko‘rib qolishsa, unga alohida munosabatda bo‘lishadi. Rahbarlarga ham bu muomala yoqsa kerakki, bunga hech qanday qarshilik ko‘rsatishmaydi. Shuning uchun ham ko‘chalarimiz asfaltlanishini ham bayramdek qabul qilishga odatlandik.

Bu bilan amaldorlar o‘zlarini xalqdan ustun qo‘yayotganliklarini ko‘rsatib qo‘yishmoqda. Aslida ular bizning xizmatkorlarimiz. Ularning oyliklari biz to‘layotgan soliqlar tomonidan qoplanadi. Buni yoritishimdan maqsad biror g‘arazlik emas, balki noto‘g‘riligini odamlarga ko‘rsatish edi.

Necha yillardan beri hokimlar xalq tomonidan saylanadigan bo‘ladi deyishadi. Balki o‘zim ko‘rmasman buni. Farzandlarim ko‘rar. Shunda vaziyat o‘zgarishi mumkin.

— Hokimlar xalq tomonidan saylansa, vaziyat o‘zgaradi deb o‘ylaysizmi?

— Bilasizmi, xalqda shunday vakolat bo‘lishi kerakki, agar saylangan hokim yaxshi natija ko‘rsatmasa yoki shu hudud uchun samarali ishlay olmayotgan bo‘lsa, kichik bir yig‘in qilib, hokimni almashtirish imkoni bo‘lsa. Xalqda shunday “richag” bo‘lishi kerak.

Jig‘achi mahallasida o‘tkazilgan mustaqillik bayrami tadbiri. Foto: Facebook / Qorako‘l tumani hokimligi

Hokim yaxshi ishlamaslikdan qo‘rqishi, xalq uchun xizmat qilishi kerak. Aks holda holat shu shaklda qolsa, korrupsion holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin mening nazarimda, qaysidir tumanda vaziyat qanaqa ekanini o‘sha hududdagi xalq yaxshiroq biladi. Agar agro sohasida muammolar bo‘lsa, u yerga shu sohadagi hokim kerakligini xalq yaxshiroq tushunadi.

Hokimlarni saylashga xalq tayyor emas deb aytishadi. Axir prezidentni o‘zimiz saylayapmiz-ku. Prezidentni saylagan xalqning hokimni saylashga ham kuchi yetadi. Yuqoridagi masalada hokim oyoqlari ostiga gilam solish haqida buyruq bermagan bo‘lsa-da, uni oldirib tashlamagani uchun aybdor deb hisoblayman, – deydi Umid Gafurov.

Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov biz bilan suhbatda o‘sha kuni tumandagi Jig‘achi mahallasida mustaqillik bayrami nishonlangani, gilam esa san’atkorlar va tadbirda so‘zga chiquvchilar uchun minbar o‘rnida to‘shalganini bildirdi. U, shuningdek, ro‘y bergan voqeadan tegishli xulosa chiqarganini, bundan keyin bu kabi holatlarga e’tiborli bo‘lishini ta’kidladi.

— Mahalla faollari bayram o‘tkazyapmiz, keling, qatnashib keting, deb taklif qilishdi. Shuning uchun bordik. Hech qanday yo‘lni foydalanishga topshirish uchun bormaganmiz. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, u yerda hokimiyat vakillari yo‘q. Bayramni mahalla ahlining o‘zi tashkillashtirishgan. Bu gilamni minbar sifatida to‘shashgan ekan. U yerda mengacha san’atkorlar ham chiqish qilgan, mahalla oqsoqollari odamlarni tabriklagan. Ya’ni men borguncha gilam to‘shalib bo‘lgan, men borishimga to‘shalgani yo‘q.

Bu mahalla tuman markazidan 30 km masofa uzoqlikda joylashgan. Tuproq yo‘llarining ta’mirlanishi bu yerdagilarning orzusi bo‘lgan. Bu yo‘l ham mustaqillik arafasida foydalanishga topshirilgan edi.

Mustaqilllik bayrami arafasida asfalt qilingan 2,5 km yo‘l. Foto: Telegram / Qorakoluzofficial

Bu yil mustaqillik bayramini boshqacha nishonladik. Ellikdan ortiq mahalla bo‘lsa, 10 dan ortig‘ida shaxsan ishtirok etdim. Qayerga bormaylik, tadbirlarni o‘sha yerning o‘zidagilar tashkil qilishgan. Biz faqat ularga madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun san’atkorlar tomonidan yordam berganmiz. Jig‘achidagi bayramning tashkiliy ishlariga ham men yoki hokimiyat vakillarining aloqasi yo‘q. Biz bormasak ham u bayram o‘tayotgan edi.

Prezidentimiz xalqning orasiga kirib borish, ularning og‘irini yengil qilish haqida ko‘p aytyaptilar. Agar xalq taklif qilsa, qayerga bo‘lsa ham boramiz. Hokim ham odam. Taklif qilingan joyga borib, bayramiga sherik bo‘lib qaytib chiqib ketdik. Bo‘lgan voqea shu.

Internetdagi muhokamalardan xabarim bor. Bizda jamoatchilik nazorati kuchli. Xususan, rahbarlarga nisbatan. Bundan buyon bu kabi holatlarda hushyor bo‘lamiz. Yordamchilarimga ham, o‘rinbosarlarimga ham bu voqeadan saboq chiqarishimiz kerakligini aytdim.

— Bu voqealar ortidan hokimlar xalq tomonidan saylanishi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Bu ko‘pdan beri aytib kelinayotgan masala. Hokim bo‘lish barobarida fuqaro hamsiz. Fuqaro sifatida hokimlarning saylanishiga munosabatingiz qanday?

— Davlat boshqaruvi tizimida prezidentimiz tomonidan juda katta islohotlar o‘tkazilyapti. Davlat xizmatchilari to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi. Hokimlarning mahalliy kengashlarga rais bo‘lmasligi to‘g‘risida ham islohotlar ketyapti. Umuman, biz baribir hokimlarning saylanishiga ham kelamiz. Bu albatta kerak. Bu islohotlar bo‘ladi va hokimlar saylanadi. Buni juda to‘g‘ri qabul qilaman va buni kerak deb hisoblayman.

Xurshid Tohirov mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida. Foto: Telegram / Qorakoluzofficial

Hozirgi holatda qorako‘lliklarning ko‘pchiligi meni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib xursand bo‘ldim. Men uchun baribir qorako‘lliklarning fikri muhimroq. Ro‘y bergan holatda meni tanimay-bilmay fikr bildirayotganlar ham bor. Har bir narsaga obektiv yondashilsa va avval nima bo‘lganini bilib keyin munosabat bildirilsa to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman.

Men bilan sodir bo‘lgan voqea boshqa hokimlarga ham qaysidir ma’noda ta’sir qilgan bo‘lsa, hammadan uzr so‘rayman. Hokimga baho berganda, bu hamma hokimga tegishli bo‘lib ketadi-da, qaysidir ma’noda. Shuning uchun hammadan uzr so‘rayman.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Mirvohid Mirrahimov.

 

Top