08:35 / 09.09.2022
2362

Folker Tyurk BMTning inson huquqlari bo‘yicha yangi komissari etib tayinlandi

Avvalroq jahon tashkiloti bosh kotibining siyosat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan avstriyalik Folker Tyurk BMT inson huquqlari bo‘yicha yangi oliy komissariga aylandi. Tyurk bu lavozimda Chili sobiq prezidenti Mishel Bacheletni almashtiradi. 

Foto: unhcr

Avstriyalik Folker Tyurk BMTning inson huquqlari bo‘yicha yangi oliy komissariga aylandi. Uning nomzodi 8 sentabr kuni jahon tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan tasdiqlandi, keyin esa bosh kotib Antoniu Guterrish tomonidan ma’qullandi. Bu haqda BMT saytida xabar berildi. 

Tyurk lavozimga tayinlanganidan so‘ng, Twitter’dagi sahifasida bu sharafdan «juda ta’sirlanganini» yozdi: «Men katta mas’uliyatni his qilyapman va inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillarini hamma uchun, hamma joyda targ‘ib qilish uchun bor kuchimni sarflayman». 

57 yoshli Tyurk ma’lumoti bo‘yicha huquqshunos bo‘lib, faoliyatining katta qismini Birlashgan millatlar tashkilotida o‘tkazgan va asosan qochqinlar masalasiga e’tibor qaratgan. OAV xabarlariga ko‘ra, u Birlashgan millatlar tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligini (UNHCR) boshqarganida Guterrish bilan yaqindan hamkorlik qilgan. Tyurk Jyenevadagi bosh qarorgohga tayinlanishidan oldin Kosovo va Kongo Demokratik Respublikasi kabi bir qancha mamlakatlarda BMT Qochqinlar oliy komissarligining idora va missiyalarida muhim lavozimlarni egallagan.

Tyurk BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari sifatida 2018 yildan buyon bu lavozimni egallab kelayotgan Chili sobiq prezidenti Mishel Bacheletning o‘rnini egallaydi. Muddati avgust oyida tugagan Bachelet Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi haqida bir qancha shov-shuvli bayonotlar berdi.

Xususan, 5 iyul kuni u Rossiya va Ukraina harbiylari qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik va boshqa inson huquqlari buzilishida, jumladan tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanishda aybdor ekanligini aytdi. 24 avgust kuni Bachelet Rossiyani Zaporijjya atom elektr stansiyasini zudlik bilan demilitarizatsiya qilishga chaqirdi va uning yaqinidagi janglar «tasavvur qilib bo‘lmaydigan xavf»larni keltirib chiqarishini ta’kidladi. 

Top