08:49 / 10.09.2022
3454

Bryussel rossiyaliklar uchun viza rejimini kuchaytirishni tavsiya qildi

Yevrokomissiya Yevropa ittifoqi mamlakatlari uchun rossiyaliklar uchun yangi viza rejimi bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Viza berish muddati oshiriladi, tekshiruvlar kuchaytiriladi.

Foto: Unsplash

8 sentabr kuni Yevrokomissiya Yevropa ittifoqi mamlakatlari tomonidan rossiyaliklar uchun viza rejimini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Qat’iylashtirish zarurati unda «Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi kontekstida Yevropa ittifoqi duch keladigan xavfsizlik xatarlari» bilan oqlanadi. Hujjatda aytilishicha, bu xatarlarni hisobga olish Rossiya fuqarosiga «vizani rad etish yoki amaldagi vizani olib tashlash»ga olib kelishi mumkin.

Tavsiyalarga ko‘ra, endilikda Yevropa ittifoqi davlatlari konsullik idoralari rossiyaliklarning viza arizalarini 45 kun ichida (avvalgidek 15 kun o‘rniga) ko‘rib chiqishlari, «yuqori darajadagi tekshirishni ta’minlash» uchun ulardan qo‘shimcha hujjatlarni so‘rashlari, shuningdek, YeIga safari zarurat bilan oqlanmagan arizachilar, shu jumladan sayyohlar uchun ustuvorlik bo‘yicha pastroq daraja belgilashlari mumkin.

«Yevropa ittifoqiga sayyoh sifatida sayohat qilish imkoniyati asosiy huquq emas», - dedi YeKning ichki ishlar bo‘yicha komissari Ilva Yoxansson rossiyaliklar uchun viza rejimining kuchaytirilishini izohlar ekan. 

Hujjatda, shuningdek, Rossiya fuqarolarining arizalarini qabul qilishda konsulliklar vizaga murojaat etuvchining jamoat xavfsizligiga yoki Yevropa ittifoqi davlatlaridan birining xalqaro munosabatlariga tahdid solishini «alohida ehtiyotkorlik bilan tekshirishi» kerakligi aytiladi. Shunga o‘xshash tekshiruvlar amaldagi qisqa muddatli vizalar egalariga nisbatan ham o‘tkazilishi va agar asoslar mavjud bo‘lsa, bekor qilinishi belgilangan. Yevropa komissiyasi Yevropa ittifoqi mamlakatlariga faqat bitta qisqa muddatli sayohatlar uchun vizalar berishni tavsiya qildi va butun Shengen hududiga emas, balki bitta aniq davlatga tashrif buyurish uchun vizalar berish imkoniyatini eslatdi. 

Shu bilan birga, YeI «muhim sabablarga ko‘ra sayohat qilayotgan Rossiya fuqarolari, jumladan, Yevropa ittifoqi fuqarolarining oila a’zolari, jurnalistlar, dissidentlar va fuqarolik jamiyati vakillari uchun ochiq qoladi», deyiladi hujjatda. Bunday toifalar uchun viza so‘rovini ko‘rib chiqishning standart tartibida yengillik bo‘lishi mumkin - masalan, viza to‘lovi miqdorini kamaytirish. 

31 avgust kuni Pragada Yevropa ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiya bilan 2007 yildan beri amalda bo‘lgan viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatib turishga kelishib oldi. Shu bilan birga, Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi, Finlandiya, Daniya va Niderlandiya, shuningdek, Ukraina tomonidan talab qilinganidek, ruslarga Yevropa vizalarini berishga to‘liq taqiqni joriy etishdan voz kechishga qaror qilindi. Germaniya va Fransiya bunday choraga qarshi chiqdi. 

Umumevropa qaroridan qat’i nazar, Estoniya, Latviya, Litva, Finlandiya va Chexiya milliy darajada Rossiya fuqarolariga vizalar berishni keskin cheklab qo‘ydi yoki yaqin kelajakda buni amalga oshirish niyatida. Polsha bu imkoniyatni o‘rganmoqda. 

Yevropa ittifoqining tashqi chegaralar xavfsizligi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan beri Yevropa ittifoqi mamlakatlariga Rossiyadan millionga yaqin odam kirib kelgan, ularning aksariyati Estoniya va Finlandiya orqali kirgan. Boltiqbo‘yi mamlakatlariga ko‘ra, ruslar hozirda 10 milliondan 12 milliongacha Shengen vizasiga ega. OAV xabarlariga ko‘ra, Yevrokomissiya ushbu vizalar bilan qanday yo‘l tutish masalasini o‘rganmoqchi. 

Top