09:30 / 11.09.2022
13233

Yangi darsliklar borasida ikki yillik mehnat puchga chiqmasligi kerak - RTM direktori bilan suhbat

So‘nggi kunlarda internetda maktab darsliklari ijarasi narxi qizg‘in muhokama bo‘ldi. Ota-onalar darsliklar idara narxi 2–3 barobar oshib ketganidan noroziliklarini bildirishdi. Masalaga prezidentning maktab darsliklarini bepul tarqatish bo‘yicha bergan topshirig‘i nuqta qo‘ydi.

Kun.uz maktab darsliklari yaratilishi, sohaga joriy etilayotgan yangi texnologiyalar bo‘yicha Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov bilan suhbat uyushtirdi.

– Prezidentning 2020 yildagi tegishli farmoniga ko‘ra, maktab darsliklarini chop etish Respublika ta’lim markazi zimmasiga yuklatilgan. Bizga maktab darsliklari yaratilishi borasida, ularning formatlari haqida aytib bersangiz.

– 2020 yildan shu dargohda ish boshladim. Oldimizga maktab ta’limining mazmunini yangilash topshirig‘i qo‘yildi. Shundan so‘ng ko‘p izlandik. Bugungi kunda ta’lim mazmunini nimalar tashkil qiladi, xorijiy davlatlarniki biznikidan qanday farqlanadi, degan masalani ko‘tardik. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, butun dunyoda o‘quvchilarni hayotga tayyorlash tendensiyasi davom etayotgan ekan.

Bu yerda ikkita omil bor: birinchisi, o‘quvchining sinfxonadagi mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni o‘qituvchi sinfxonadagi yagona hokim emas, balki o‘quvchini yo‘naltirib turuvchi, xolos. Shunga ko‘ra, yigirmaga yaqin jihatlarni saralab oldik: ijodiy va kreativ, nostandart fikrlash kabi.

Ikkinchisi — individual qiziqishlarga asoslangan ta’limni yo‘lga qo‘yish. Bu o‘quvchining qiziqishlarini hisobga olgan holda unga ta’lim berish. Davlat ta’lim standartlarida har bir fanning oldiga maqsad qo‘yiladi. Eng katta yutug‘imiz ham shu deb o‘ylayman. Milliy o‘quv dasturida har bir fanning konsepsiyasi mavjud. Shu konsepsiyada har bir fanning oldiga maqsad qo‘yib chiqildi. Shunga ko‘ra, o‘qituvchi dars o‘tayotganda davlat ta’lim standartlari bilan ishlashi kerakligi belgilandi.

Bu vazifani bajarish avvalida darsliklarni qanday tayyorlash borasida juda o‘ylandim. Nashriyotlar ochiqchasiga darslik tayyorlash salohiyatiga ega emasmiz deyishdi. Buning eng katta sababi – mualliflar maktabi keksayib qolganida edi. Yillar davomida bu tizimda shogird tayyorlanmagan. Yosh mualliflar maktabiga ehtiyoj borligini sezdik.

Hozirgi kunda bitta milliy o‘quv dasturini yaratish uchun 246 nafar mahalliy ekspertlar qatnashdi. 20 dan ortiq xalqaro ekspertlar bilan ishlayapmiz. Bugun 350 dan ortiq o‘qituvchi, metodist, olimlar va xalqaro ekspertlardan iborat mualliflar maktabi shakllandi.

Mualliflarimizning o‘rtacha yoshi 40–45 atrofida. Darsliklar 17 yil avval yangilangan ekan. Format masalasi ham xuddi shunaqa.

Format masalasini oladigan bo‘lsak, ko‘plab mamlakatlardan darsliklarni olib keltirdik. Xalqaro ekspertlar fikrini o‘rgandik. Masalan, yangi joriy etilgan «Tabiiy fanlar» darsligini olaylik. Bu darslikni tayyorlashda bevosita taqrizchi sifatida ishtirok etgan ekspertimiz tabiiy fanlar yo‘nalishida Oksford nashriyotining muallifi hisoblanadi. U kishi bizga darslikning mazmun-mohiyatidan tashqari dizayni va formati bo‘yicha ham doimiy tavsiyalar berib kelgan. Butun dunyoda darsliklar mana shu formatda nashr etiladi. Bu o‘quvchi uchun qulay. Bu sumkaga sig‘masligi, ko‘tarib yurishga noqulay bo‘lishi mumkin albatta.

— Kitob javoniga ham sig‘mas ekan. Aslida kitob javonda ham turmasligi, o‘qilishi kerak. Shaxsan fikrimni aytadigan bo‘lsam, kitobni varoqlab ko‘rdim. Illyustratsiyaga juda boy. Rangli va avvalgilardan farqli o‘laroq, boshqacha dizaynda chop etilayotgan ekan. Demak, bu butun dunyo standartiga mos format, shundaymi? Kitoblarning standarti masalasiga kelsak, yirik formatda chiqarishga nima sabab bo‘ldi?

— Bu yerda asosiy sabab bu kitob o‘quvchi uchun qiziq va jozibali tuyulishi kerak. Avvalgi daftar shaklidagi darsliklarda yozuv va tasvirlar kichrayib ketgan. Bugungi bolalarni bu shakldagi tasvir va illyustratsiyalar bilan ushlab tura olmaysiz. Ular aqlli texnologiyalar va vizual dunyoda yashayotgan bolalar. Agar darslik bu jarayondan orqada qolib ketadigan bo‘lsa, o‘z jozibadorligini yo‘qotadi.

— Kitobning bosma tobog‘i ortishi uning og‘irligiga ham ta’sir qiladi. Bu belgilangan normalarga zid bo‘lib qolmaydimi?

— Har bir darslik «sampin» tekshiruvidan o‘tkaziladi. Unda kitobning og‘irligi, qog‘oz sifati va formati – barchasi tekshiriladi. Bugungi kunda darsliklar uchun nisbatan yengil qog‘ozlar ishlatiladi. Format o‘zgargani bilan og‘irlik o‘zgarmaydi.

— Birinchi sinf darsliklari juda ko‘payib ketibdi. Bilishimcha, ularning yarmi mashq daftari. Hatto musiqa fani ham alohida kitob tarzida chop etilgan. Mana shunga o‘xshagan darsliklarni  multimediyali qilib, elektron shaklda chop etsa yaxshi emasmi? Barchasiga qog‘oz sarf qilmasdan.

— Dunyoda hozir fanlarni optimallashtirish jarayonlari ketmoqda. Ya’ni umumlashtirish davom etyapti. Masalan, Finlandiyada fanlar mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqib tanlanadi. Masalan, bugungi kunda axborot texnologiyalari mutaxassislari, grafik dizayn sohalarini oladigan bo‘lsak, shu kasbni egallashi uchun o‘quvchiga qaysi fanlar kerak bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida o‘sha fanlarni o‘qitish kerak bo‘ladi.

To‘g‘ri, hozir siz aytganingiz kabi qorishiq fanlar ko‘payib ketyapti. Masalan, musiqa fanidan multimediyali dastur yaratilmoqda. Bizda yana bir taklif borki, antologiyalar tayyorlash va maktablarga yetkazish. Bu orqali o‘qituvchiga mustaqil ravishda o‘z dasturini tuzish imkonini berish.

Bu moslashuvchan dastur bo‘ladi. Deylik, musiqa darsligida biz kimnidir kiritsak, butun O‘zbekistonda o‘shani o‘qish va kuylash kerak bo‘ladi. Misol uchun, xorazmlik o‘quvchi uchun bu qiziq bo‘lmasligi mumkin. Biz taklif qilayotgan usul o‘qituvchiga o‘z dasturini mustaqil tashkil qilish imkonini beradi.

Endi multimediyali qilishga keladigan bo‘lsak, biror yangilikni joriy etish juda ham qiyin. Misol uchun, biz 5-sinfga kelganda to‘satdan kimyo, biologiya, geografiyaga duch kelib qolamiz. 80 foiz o‘quvchi bu fanlarni tushunmaydi. Qiynaladi. Chunki 1-sinfdan boshlab bu fanlarni o‘rganishga yordam beradigan bilimlar berib kelinmaydi. Tayyorlab borilmagan o‘quvchi oldidan murakkab fanlar chiqqach, o‘quvchi uni yomon ko‘ra boshlaydi. Yomon ko‘rishning tagida bilmaslik va tushunmaslik yotadi. Tushunmaslikning tagida esa noto‘g‘ri ta’lim turadi.

Tabiiy fanlarni 1-6-sinflarga joriy qildik. Yaxshi tarafi shundaki, fizika, kimyo, geografiyaga o‘quvchilarni 1-sinfdan tayyorlab kelamiz. Ushbu fan 5-6 fan asosida tayyorlangan bo‘lib, spiralsimon o‘qitish tizimi tarzida o‘quvchilarga yetkazib boriladi. Yana bir yaxshi tomoni, fanlarni uyg‘unlikda o‘rganadi.

Qiyinchiligi shunda bo‘ldiki, quyi sinflarda bu mavzu uchun soatlar yetishmasligi kuzatildi. Buning natijasida o‘qituvchilar orasida juda katta norozilik kuzatildi soatlar borasida. O‘qituvchilar muammosi ham hal qilinishi kerak muammolardan biri. Deylik, juda kam sonli o‘qituvchilar bu yangi yondashuvni tushunishi mumkin. Agar fidoyi o‘qituvchi bo‘lsa, buni albatta tushunadi.

Kuni kecha poytaxtimizdagi bir maktabga borganimda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tajriba qilib ko‘rayotganiga guvoh bo‘ldim. To‘g‘ri, bu oson emas. Lekin baribir qilishimiz kerak.

– Bilishimcha, mingga yaqin darsliklar ustida ishlaysizlar va ular yetti tilda chop etiladi. Ularning ayrimlari tarjimalar. Til borasida qanday mutaxassislarni jalb etyapsizlar?

– Darslikning eng qiyin jarayoni ularni tarjima qilish jarayonidir. Birinchidan, kadrlar yetishmovchiligi, ikkinchidan, sifat masalasi bor. Ayniqsa, rus, turkman tillari bo‘yicha jiddiy kadrlar yetishmovchiligiga duch kelamiz.

Markazimizda mana shu tillar bo‘yicha metodistlar bor. Biz ularning atrofiga tarjimon, muharrir, musahhihlarni yig‘ganmiz. Markazimizda 700 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib kelmoqda. 350 nafarini mualliflar tashkil etadi, 20 dan oshiq metodist, 50 dan ziyod olimlar, 53 nafar musahhih va hokazo bor.

Darslik 15 bosqichda tayyor holga keladi. Qo‘lyozmadan boshlanadi va bosqichma-bosqich nashr etish jarayoniga o‘tadi. Taqriz olish jarayonlari ham bor.

— Ta’lim markazi darslikni chop etishga tayyor holatga keltirib beradi. Undan keyingi jarayonlar ham sizning vakolatingizga kiradimi yoki shu yerda vazifangiz o‘z nihoyasiga yetadimi?

— Darslik fayli tayyor bo‘lgach, vazirlikka taqdim etiladi. Vazirlikdagi vakolatli komissiya tender tashkil qiladi. Tender tugagach, biz ularga faylni o‘zimiz olib boramiz. Sababi biz olib borgan fayl ularning texnika standartiga tushmasligi, rangi o‘zgarib ketishi mumkin. Yoki formati va o‘lchamini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelib qoladi. Mana shu jarayonlarda bizning texniklarimiz ishtirok etishadi.

— Darsliklar narxi oshishi ko‘pchilikda norozilik keltirib chiqardi. Bu siz rahbarlik qilayotgan tashkilotga ta’na toshlari otilishiga sabab bo‘ldi. Bunga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz? Chunki markaz faqat darslikning sifat darajasiga javob berar ekan. Tender komissiyasida faqatgina o‘rinbosaringiz nomi qayd etilgan.

— To‘g‘ri, bu jarayonda nashriyotlarning moddiy-texnik bazasini o‘rganish masalasi ham bor. Shu nuqtayi nazardan tashkilotimizdan tenderda vakil bor. Lekin tenderni o‘tkazuvchi asosiy tashkilot biz emasmiz. Bizga nisbatan noma’lum akkauntlar tomonidan juda katta axborot xuruji uyushtirildi. Bu darsliklar yaratish tizimini bilmaslikdan, deb o‘ylayman. Ikkinchi tomondan, bu maqsadli uyushtirilgan deb o‘ylayman.

Ish boshlagan dastlabki paytlarda o‘zgarishga tayyor bo‘lgan mualliflarni olib qolib, eski uslubida qolganlaridan voz kechgan edik. Ko‘plab xodimlar bilan xayrlashishga majbur bo‘ldik. Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarish uchun birinchi navbatda jamoa kuchli bo‘lishi kerak. Bu orada ko‘p dushman orttirib qo‘ydik. Shuning uchun bu maqsadli uyushtirilgan bo‘lishi ham mumkin deb o‘ylayman.

— Darsliklarni tayyorlash ta’lim markaziga berilmasdan avval bu vazifani kimlar bajargan?

— Bu vazifani nashriyotlar bajargan. Bu jarayonga ta’lim markazining o‘rni qisman bo‘lgan. Darsliklar akademik tilda yozilganligi uchun o‘quvchiga og‘irlik qilar edi. Darsliklarni o‘quvchini bilmagan odam yozgan. O‘qituvchining ishtiroki deyarli sezilmagan.

Bugun bizdagi 355 nafar muallifning 56 foizi amaliyotdagi o‘qituvchilar. Agar biz o‘quvchining ijtimoiy, ruhiy va jismoniy holatini inobatga olib darslik yozmasak, o‘quvchi uni o‘qimaydi. Topshiriqlar qiziq va hayot bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Shunchaki yod olishga mo‘ljallangan kontent bo‘lishi kerak emas.

O‘sha yillarda nashriyotlar bilan buni o‘zgartirishga harakat qildik. Lekin, afsuski, ko‘p muammolarga duch keldik. Mualliflar xodimlarimizni nazar-pisand qilishmagan. Hattoki mualliflardan biri ilmiy darajasini pesh qilib, metodistlarning maslahatiga quloq tutmagan vaziyatlar ham bo‘lgan. Bu vaziyatda o‘zgarish qilish qiyin edi. Bu masala davlat rahbariga ham taqdim qilindi. Eng yaxshi o‘qituvchi, metodist, olim va tarjimonlar guruhini tuzib, ularga kerakli shart-sharoitlar yaratib berib, so‘ngra davlat ta’lim standartlarini yaratish zarurati tug‘ildi.

— Ilgari darsliklarimiz «O‘qituvchi» va «O‘zbekiston» nashriyotlarida tayyorlangan. Ma’lum tipografiyalarda bosilgan. Endilikda kitoblar yangidan yangi xususiy nashriyotlarga berilayotgan ekan. Bu sifatga ta’sir qilmaydimi?

— Tenderda qatnashayotgan har bir tashkilotning salohiyati o‘rganib kelingan. Tender e’lon qilinganda hamma texnik parametrlar belgilab beriladi va shu bo‘yicha qabul qilinadi. Ba’zan qaysidir jihatdan aldamoqchi bo‘lgan vaziyatlar ham uchrab turadi. Qabul jarayonlarini bevosita vazirlik amalga oshiradi. Bu jarayonlarda bizning mutaxassislar ham ishtirok etishadi. Yaxshi tomoni — raqobat shakllanadi.

Rahbariyat topshirig‘i shunaqa bo‘lganki, agar biror nashriyot aldaydigan bo‘lsa, keyinchalik uni shu tenderlardan chetlashtirish imkoniyati berilgan. Bu barcha ishtirokchilarga aytilgan. Sifat ustuvor.

Albatta, 500-600 ming nusxada bosiladigan darslik jarayonini nazorat qilish qiyin. Buning eng yaxshi yo‘li — uni maktablarga yetkazish va o‘qituvchilardan fidbek olishdir. Monopol bosmaxonalar davrida sifat tushib ketishi kuzatilgan. Hozir raqobat bor. Bir-ikki yil kamchiliklar kuzatilishi mumkin, lekin bora-bora bu jarayon iziga tushadi.

— Nima uchun xalqaro tenderlar o‘tkazilmaydi? Masalan, Turkiyada kitoblarni bosa oladigan nashriyotlar bor. Finlandiyada bor.

— Xorijda bosilayotgan darsliklar ham bor. O‘zimizdagi bosmaxonalar kitobning qaysi qisminidir xorijda ham bosib kelishyapti. Xalqaro tender bo‘yicha hech qanday taqiq yo‘q.

— Bu yil to‘rtta sinfning darsliklari yangilanishi belgilangan bo‘lib, hozirgacha maktablarga faqat 3-sinfning kitobi yetib boribdi. Xalq ta’limi vazirligi noyabr oyigacha barcha darsliklarni yetkazib berishga va’da bermoqda. Demak, tipografiyalar ulgurishmayapti. Yoki darslik maketi ularga kech taqdim etildimi?

— Biz darsliklarni tayyorlashni yanvar oyidan boshlaymiz. Orada vaqtni oladigan jarayonlar ko‘p. Masalan, tenderlar bor. Bir darslikni tayyorlash uchun 2–3 oy vaqt kerak bo‘ladi. Sentyabrgacha 300 nomdagi darsliklarni chop etishga topshirganmiz. Bu yil 64 million nusxa o‘quv adabiyotlarini bosish reja qilingandi. Agar bizdagi bosmaxonalarning hammasi bir vaqtda ish olib borishsa, bemalol uddalay olishadi. Mana shu kechikishlarni inobatga olib, yil oxirigacha ta’minlab berish reja qilingan.

— Umuman olganda, maktab darsliklarini to‘liq yangilash qachon nihoyasiga yetkaziladi?

— 2025 yilga qadar bu jarayon yakunlanadi. Milliy o‘quv dasturi to‘liq amaliyotga joriy qilinadi.

— Umumta’lim maktablarda barchani bir xilda o‘qitmasdan, bolalarning qiziqishiga qarab, ularni turlarga bo‘lib o‘qitish, ya’ni gumanitar fanlarga, sportga qiziqadigani alohida, aniq fanlarga qiziqadigani alohida-alohida o‘qitish bo‘yicha ham ish olib borilyaptimi?

— Bir yil davomida yuqori sinflarda shunday tajriba o‘tkazildi. Ya’ni tanlab o‘qish yo‘lga qo‘yildi. Mana shu narsa bu yildan 7-sinfdan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Ammo bu borada ba’zi muammolar ham yo‘q emas. Ya’ni bola biror fandan bosh torsa, u fanni o‘qitayotgan o‘qituvchining maoshi qanday bo‘ladi? Shuning uchun hozirda o‘qituvchilarning natijaviyligiga qarab maosh to‘lash ham rejalashtirilgan.

Shuhrat Sattorov, Respublika ta’lim markazi direktori

Hozirda axborot xurujlari oqibatida ikki yildan beri qilgan mehnatimizni puchga chiqarishga harakat qilishdi. Go‘yoki bizni davlat mablag‘ini talon-toroj qilganlikda ayblashdi. Ammo biz hali bu jarayonda ishtirok etgan xodimlarning maoshlarini to‘liq bera olganimiz yo‘q. Jamoatchilikdan uylariga kirib borgan yangi avlod darsliklarini ko‘rib baho berishlarini so‘rab qolgan bo‘lar edim.

To‘g‘ri, faoliyatimizda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin. Sababi bizga berilgan vaqt juda qisqa edi. Bu ikki yilning ichida olti sinf darsliklarini yangilash hech bir davlatda kuzatilmagan hodisa. Buni ishonch bilan ayta olaman. Masalan, Finlandiyada bitta darslik loyihasi 1,5 yil loyiha sifatida yashashi kerak. Lekin biz bir yarim yil ichida oltita sinf darsliklarini yettita tilda tayyorlayapmiz. Shuning uchun baho berayotganda mana shu jihatga e’tibor berishsa yaxshi bo‘lardi.

Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.

Top