11:10 / 13.09.2022
16774

“O‘zbekiston ShHT timsolida global raqobatni emas, global hamkorlikni urg‘ulamoqda” – Kamoliddin Rabbimov

16 sentabr kuni Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti boshlanadi.

Sammit doirasida qator ko‘p tomonlama va ikki tomonlama uchrashuvlar belgilangan. Bu uchrashuvlarda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy-moliyaviy-investitsiyaviy va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishni ko‘zlovchi bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand sammiti oldidan: “o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

Mirziyoyev maqolasida ilgari surilgan fikr va tashabbuslar haqida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashamiz.

Kun.uz: Kamoliddin aka, ShHT sammitlaridan avval mezbon davlat rahbarlari shu kabi maqola yozishi odatiy holmi yo bunisi yangilik bo‘ldimi? Yangilik bo‘lsa, maqola zarurati nima edi-yu, yangilik bo‘lmasa, uning avvalgilaridan farqi nimada?

Kamoliddin Rabbimov: Avvalo, aytish kerakki, ShHT doirasida bunday an’ana mavjud emas. ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari har doim ham sammit oldidan maqola yozavermaydi.

Samarqand sammitining ahamiyati nihoyatda yuqori, sababi koronavirus pandemiyasi sababli o‘tgan uch yilda ShHT a’zolari bir stol atrofida o‘tirib gaplashmagan edi. Samarqandda mana shunday yirik uchrashuv bo‘lyapti. Unda tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlardan tashqari mehmon va kuzatuvchi davlatlar ham qatnashmoqda. Umuman olganda bu tadbirni bugungi kunda Yer yuzining diqqat-eʼtiborini tortadigan bir sammit deyishimiz mumkin.

O‘ylaymanki, maqolaning o‘zida ham bir nechta muhim nuqta bor. Ya’ni u yerda “Samarqand ruhiyati” birikmasi ishlatiladi. Bu O‘zbekiston davlatchiligi ShHT sammiti timsolida global raqobatni emas, global hamkorlikni ko‘rishini urg‘ulaydi. Maqolada aytiladiki, bugungi kunda global hamjamiyatda davlatlar va qudratli kuchlar o‘rtasidagi raqobatdan tashqari shunday bir nuqtaga yetdiki, ularning o‘rtasida ishonch yetishmasligi shunchalik kuchayib ketgani urg‘ulanadi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston aytmoqdaki, agar imkoniyat bo‘lsa, qudratli davlatlar raqobatga emas, hamkorlikka intilishi kerak. Agar hamkorlik darajasi u qadar yuqori bo‘lmasa, mana shu davlatlar o‘zlari o‘rtasidagi raqobatga mintaqani kamroq tortishi kerak degan pozitsiya bildiriladi.

Umuman, O‘zbekiston ShHT global loyihasi doirasida raqobatni emas, siyosiy yoki harbiy bloklarni emas, global hamkorlik va do‘stlikni hamda yumshoq aloqalarni rivojlantirishni urg‘ulaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top