20:30 / 14.09.2022
11882

ShHT kundaligi: Oliy darajali tashriflar boshlandi, tashkilot hamkorlari kengaymoqda

Bugun, 14 sentabr kuni Samarqandga Eron, Mo‘g‘uliston va Qirg‘iziston prezidentlari, Xitoy raisi hamda BMT bosh kotibi o‘rinbosari yetib keldi.

Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti oldidan Samarqandga oliy darajali mehmonlar tashrifi boshlandi. Dastlab Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux yetib keldi. U O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi, shundan keyin Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.

Bu uchrashuvdan keyin O‘zbekiston yetakchisi sammit doirasida Samarqandga kelgan BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi. Tomonlar Orol dengizi, Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi barqarorlik masalalarini muhokama qildi.

Tushdan keyin Samarqandga Eron prezidenti Ibrohim Raisiy tashrif buyurdi. Ma’lumot uchun, Eron prezidenti O‘zbekistonga oxirgi marta bundan 20 yil oldin kelgandi. Tehron ShHTning to‘qqizinchi a’zosiga aylanmoqda.

Raisiyning rasmiy tashrifi sabab faxriy qorovul saf tortib, ikki davlat madhiyalari yangradi. Shundan keyin O‘zbekiston va Eron munosabatlarida kengaytirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi, qator hujjatlar imzolandi.

Bugun Misr va Qatar Samarqandda ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini oldi. Bunday status Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Maldiv orollari va yana bir davlatga ham berilishi kutilyapti. Shu tariqa, tashkilotning muloqot hamkorlari soni ikki barobarga oshib, 12 taga yetadi.

Bugun, shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Xitoy raisi Si Jinping ham tashrif buyurdi. Xitoy yetakchisi Samarqandga kelishdan oldin Nur-Sultonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashrif davomida qator kelishuvlarga erishilgan, Xitoy tomoni Qozog‘istonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Mo‘g‘uliston, Eron va Qirg‘iziston rahbarlarini O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov kutib olgan bo‘lsa, Xitoy raisi Si Jingpingni Samarqand aeroportiga shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Eslatib o‘tamiz, Jinping O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshiryapti.

Ertaga, 15 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tashrifi kutilyapti. Shu kuni O‘zbekiston prezidenti nomidan davlat rahbarlari uchun norasmiy kechki ovqat tashkil etiladi.

Asosiy tadbirlari 16 sentabrda bo‘ladigan ShHT sammitida jami 15 ta davlat yetakchisi ishtirok etishi reja qilingandi. Bugun ma’lum bo‘lishicha, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatdagi vaziyat sabab Samarqandga safarini bekor qilgan.

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Top