19:23 / 14.09.2022
15747

Ta’lim, migratsiya, jamoat tashkilotlari va sukutdagi rasmiylar – urushga Rossiyadagi o‘zbeklar ham borib qolgani haqida

You Tube tarmog‘idagi "Butusov plyus" kanali 10 sentabr kuni Rossiya tomonidan urushda qatnashgan bir necha o‘zbekistonlikni Ukraina harbiylari asirga olgani aytilgan video e’lon qildi.

Video ostida joylangan izohga ko‘ra, holat Ukrainaning 25-havo desantchi brigadasi jangchilarining Balakliya ostonasida rus qo‘shinlari bilan to‘qnashuvida yuz bergan.

Qo‘lga olingan va o‘zbekistonlik ekani aytilgan 2 nafar asir so‘roq qilinishi chog‘ida biri Rossiyada migrant ekani va Moskvada noqonuniy ishlab yurgani bois urushga majburan yuborilgani, ikkinchisi esa talaba ekani va pul ishlash uchun urushga yollanganini aytadi.

Videoda asirlarning ikkisi ham samarqandlik ekani aytilgan.

Kun.uz ayni muammo va uning sabablarini izlab, tahliliy intervyu o‘tkazdi. Suhbatdoshlarimiz Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

Kun.uz: —

So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklarning turli davlatlarda bo‘layotgan urushlarda yollanma jangchi sifatida ishtirokchiga aylanayotganidek dahshatli bir muammoning sabablarini birinchi navbatda ta’lim prizmasidan qarab ko‘rsak. 

Xo‘sh, bugun yoshlarning dunyoqarashini o‘stirish, umuminsoniy qadriyatlarini mustahkamlash, katta hayotda qadriyatlar kompasini to‘g‘ri topib ololmayotganida ta’limning o‘rni qanchalik?

Kamoliddin Rabbimov: –

Men bu borada xorijiy va ayniqsa, huquqiy davlatlarning maktab va oliy ta’lim tizimini o‘rganib, uni O‘zbekiston tajribasi bilan solishtirib ko‘rdim. Hammaga ma’lumki, O‘zbekistonda vatandoshning dunyoqarashini shakllantiruvchi segment O‘zbekiston ta’limidagi eng zaif joy. Xalq ta’limida ham, Oliy ta’limda ham yoshlarga global jamiyatda kompas beruvchi fanlar soni va salohiyati nihoyatda tor, sayoz.

Masalan, G‘arbiy Yevropa davlatlari, Amerika Qo‘shma shtatlari, Yaponiya yoki Janubiy Koreyada yoshlar maktab yoki oliy ta’limni bitirganda, o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘ymasligi uchun ma’lum global bilimlar beriladi. Bu esa shu davlatlarda ta’limning eng asosiy vazifasi hisoblanadi. Ayni shu masalada O‘zbekiston ta’limida juda katta muammolar bor.

Tashqi dunyoda shu sohadagi o‘qituvchilar sinfini shakllantirish, ularning dasturlariga davlat juda katta e’tibor qaratadi. Ha, biologiya, kimyo, matematika ham muhim, lekin bular ixtisoslashgan fanlar hisoblanadi. Ya’ni ular ma’lum muddatdan keyin har qanday shaxsning yodidan ko‘tariladi. Lekin jamiyat bilan muloqot, dunyoqarash bu esdan chiqishi mumkin bo‘lmagan ish.

Shuning uchun ham huquqiy davlatlarda kuch ishlatmasdan, muloqot orqali masalani hal qilish masalasi asosiy o‘rinda turadi.

O‘zbekiston – yoshlar mamlakati va shunday davlat, jamiyatda yoshlarning dunyoqarashi qanday? Bu masalada javob berish qiyin. Qaytaraman, dunyoqarashni shakllantiradigan fanlar tarmog‘i bizda juda tor.

Abdurahmon Tashanov: —

Rus yozuvchisi Tolstoy aytadi: “besh yoshgacha shu qadar katta masofani bosib o‘tasanki, qolgan umring bir qadam”. Men masala muhokamasini biroz quyiroqdan – maktabgacha ta’limdan boshlamoqchiman.

Hozir maktabgacha ta’lim masalasi ko‘p ko‘tarilyapti, bog‘chalarda bolalar qamrovi oshdi. Buning uchun alohida vazirlik ham ochildi.

Lekin biz bundan avvalgi 30 yillik davr mobaynida bolalarimizning bolaligini boy berdik. Ularga ta’lim ham, tarbiya ham berolmadik. Bolalarimiz kattalarning qanday qiyinchilikda yashayotgani, kulfatini ko‘rib o‘sdi. Ya’ni oila prizmasidan qarasangiz, u birinchi navbatda oilaning iqtisodiy ahvolini o‘ylab o‘sdi.

Ha, Kamoliddin akaning fikrlariga qo‘shilaman, ta’limda haqiqatan ham sifat past. Shuningdek, bolalar jamiyat, global muammolar haqida fikrlab ko‘rmagan, chunki kattalarning o‘zi fikrlab ko‘rmagan. 

Intervyuni to‘ilq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid
Top