08:20 / 14.09.2022
17253

Ukrainaning Xarkiv yaqinidagi muvaffaqiyatlari: urush 202-kunidagi asosiy voqealar

Xarkiv oblastidagi qarshi hujum davomida avval e’lon qilinganidan ikki barobar ko‘p hududlar ozod qilindi. Shols Putin bilan telefonda gaplashdi. Yevroparlamentda Ukrainadagi urush muhokama qilindi.

Foto: Getty Images

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini 202-kunida, 13 sentabr, seshanba kuni rus qo‘shinlari qo‘shni davlatning bosib olingan aholi punktlarini nazorat ostida saqlashga urinishlarini davom ettirdi. Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) va uning hududiy mudofaa bo‘linmalari agressiyaga qarshilik ko‘rsatmoqda. Mamlakat sharqi va janubida Ukraina bo‘linmalarining qarshi hujumi davom etmoqda. Urishayotgan tomonlar vakillarining bayonotlarini mustaqil manbalardan tekshirishning iloji yo‘q. 

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kuchlari hali ham Donetsk oblastini to‘liq qo‘lga kiritishga urinmoqda va ukrainaliklarning ma’lum hududlardagi faol harakatlarini to‘xtatib, qarama-qarshilik chizig‘i bo‘ylab o‘q uzishni davom ettirmoqda. «Dushman xalqaro gumanitar huquq normalarini, urush qonunlari va urf-odatlarini buzgan holda tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishda davom etmoqda. Rossiyaning havo va raketa zarbalari, dushman YaO‘RT tomonidan otilgan o‘qlar Bilogorivka, Mikolaivka, Verxnokamyanske, Vesela Dolina, Zaytseve, Yurivka, Nyu-York, Pervomayskoye, Kamenka, Vremivka, Stepove, Mali Shcherbaki, Suxiy Stavok, Kostromka, Bila Krinitsya va Mirne aholi punktlari hududlaridagi infratuzilmaga zarar yetkazdi», — deyiladi Ukraina Bosh shtabining kechki hisobotida. 

Uning ma’lum qilishicha, ruslar Ukraina obektlariga 2 ta raketa, 8 ta aviatsiya zarbasi va 13 ta raketa artilleriya tizimlaridan hujum uyushtirgan. «Mudofaa kuchlari Zaytseve, Odradivka, Baxmut, Baxmutske, Vesela Dolina, Avdiivka, Bezimennoe va Novogrigorovka aholi punktlari hududlarida dushman hujumlarini muvaffaqiyatli qaytardi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Kiyev Rossiya harbiylari tomonidan talon-toroj qilishning yangi holatlari haqida xabar berdi. «Starobilsk -Lugansk magistralining Lugansk yo‘nalishidagi qismida uch yuzga yaqin fuqarolik avtomobillari qayd etildi, ular asosan Xarkiv oblastining davlat raqamlariga ega. Talon-toroj qilingan mol-mulk ortilgan tirkamali transport vositalarining aksariyati rus harbiylari tomonidan boshqarilgan», - deyiladi xabarda. Bosh shtab, shuningdek, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda 53 mingdan ortiq odamini yo‘qotganini ma’lum qildi. 

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning aytishicha, qarshi hujum davomida Ukraina harbiylari Xarkiv oblastidagi rasman e’lon qilinganidan ikki barobar ko‘p hududlarni ozod qilgan. U o‘zining Telegram-kanalida 14 sentabr kuni yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishga va’da berdi. 

Ayni paytda, Ukraina Qurolli kuchlarining Xerson oblastidagi qarshi hujumi Xarkivga qaraganda sekinroq davom etmoqda, dedi Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Britaniyaning Financial Times gazetasiga. Uning tushuntirishicha, bu - ruslar mudofaa xandaqlari sifatida foydalanayotgan ko‘plab sug‘orish kanallariga ega qishloq xo‘jaligi hududi. Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, Xarkiv oblastidagi qarshi hujum «qor uyumi»ga o‘xshardi va «kutilganidan ham yaxshi» o‘tdi. 

Lugansk oblastida Rossiya qo‘shinlari 18 aprel kuni bosib olgan Kreminna shahrini to‘liq tark etdi, biroq u yerga Ukraina Qurolli kuchlarining bo‘linmalari hali kirgani yo‘q, dedi Lugansk harbiy okrugi rahbari Sergey Gayday. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreminnada partizanlar allaqachon Ukraina bayrog‘ini ko‘tarishgan, Starobilskda «biroz o‘xshash vaziyat». Shu bilan birga, Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, Lugansk oblastini keng ko‘lamli ozod qilish Kreminna va Svatovedan boshlanadi. «Ruslar allaqachon bu shaharlarga texnikani yaqinlashtirishga kirishgan. Asosiy zarba o‘sha yerda bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina Telegram-kanallarining xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Kupyansk hududida birinchi marta Eron tomonidan Rossiyaga berilgan zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlaridan birini urib tushirgan. Xabarlar urib tushirilgan UUA fotosuratlari bilan e’lon qilindi. Gap uzoq masofaga uchuvchi Shahed-136 dron-kamikadze haqida ketmoqda. Bu suratlarni joylashtirgan ukrainalik harbiy jurnalist Andrey Tsapliyenkoning yozishicha, ruslar dron-kamikadzega rus tilida «M214 «Geran-2» deb yozib, uni yashirishga uringan, biroq vayronalarning shakli va detallari uning Eronning Shahed-136 droni ekanligini ko‘rsatadi. 

Shu bilan birga, Kiyevda Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak va NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen ushbu mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy nomidan ishlab chiqilgan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etdi. Tavsiyalarda Ukraina va kafil davlatlarni birlashtiradigan qo‘shma strategik hamkorlik hujjati bo‘lgan Kiyev Xavfsizlik shartnomasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Tavsiyalar ko‘p jihatli yondashuvni nazarda tutadi. Ittifoqchilarning asosiy guruhi Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq majburiyatlarni olishi kutilmoqda, boshqa kattaroq guruh esa noharbiy kafolatlar taqdim etadi, u sanksiya mexanizmlariga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Polsha, Italiya, Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Turkiya, Boltiqbo‘yi, Shimoliy, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari shartnomada kafil sifatida ishtirok etishi mumkin. «Biz «Buni yana qila olamiz» shiori ruslarda vahima qo‘zg‘ashiga va yomon xotiralarga sabab bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Toki ular bunga faqat «Endi hech qachon» deb javob berishlari kerak. Buning uchun bizga kuchli harbiy kuch kerak» - dedi Yermak. «Bu istak yengib bo‘lmaydigan bo‘lib chiqsa, tajovuzkorga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishga qodir. Xavfsiz kafolatlar bizga shunday yordam berishga qaratilgan», - deya qo‘shimcha qildi u.

Yevroparlamentning Strasburgdagi yalpi majlisida Ukrainadagi urush mavzusi muhokama qilindi. Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryussel Ukrainaga harbiy xarajatlar uchun ko‘proq mablag‘ ajratishini aytdi, biroq aniq raqamlarni keltirmadi. Yevropa ittifoqi allaqachon Ukrainaga jami 2,5 milliard yevro yuborgan. Borrellning idorasi aniqlik kiritishicha, bu miqdor avvalgi besh transhning har biri bilan bir xil bo‘ladi - 500 million yevrodan. «Biz Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali beriladigan harbiy yordamning oltinchi transhiga o‘tmoqchimiz», — dedi Borrel Yevropa parlamentida.  

Bundan tashqari, Finlandiya bosh vaziri Sanna Marin Yevroparlamentga murojaat qildi. U Yevropa darajasida Rossiyaga nisbatan yanada qattiqroq viza cheklovlarini joriy etishga chaqirdi. Rossiya fuqarolari Ukrainaga bostirib kirgani uchun Bryussel o‘z mamlakatlariga nisbatan qo‘llagan jazolarni his qilishlari kerak, sanksiyalar rossiyaliklarning kundalik hayotiga yetib borishi kerak, deya ta’kidladi u va fuqarolar uchun soddalashtirilgan viza tartibini bekor qilishni yetarli deb hisoblamasligini bildirdi. «Biz Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga majburmiz va bundan ham qattiqroq sanksiyalarga tayyor bo‘lishimiz kerak», dedi u Yevroparlament deputatlarining olqishlari ostida. 

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bir yarim soatlik suhbat davomida u Kremlni Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketishga, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirdi, dedi Germaniya hukumati vakili. Shols so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning xorijiy hududlarni annexia qilish bo‘yicha keyingi har qanday qadamlari «javobsiz qolmaydi va hech qanday sharoitda tan olinmaydi». Bundan tashqari, kansler Putinni asirlar bilan munosabatda xalqaro qonunlarga rioya qilishga, AEXAning Zaporijjya atom elektr stansiyasi xavfsizligi bo‘yicha talablariga rioya qilishga va Ukrainadan g‘alla yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilishga chaqirdi.

Ayni paytda, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Berlinning Kiyevga jangovar tanklar va piyoda jangovar mashinalarni yetkazib berishdan o‘jarlik bilan bosh tortganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. Bunday pozitsiya uchun «hech qanday mantiqiy dalillar yo‘q», faqat «mavhum qo‘rquv va bahonalar» bor, deb yozdi u Twitter’da. «Germaniyadan kelayotgan signallar umidsizlikka sabab bo‘lmoqda, Ukraina esa odamlarni ozod qilish va ularni genotsiddan qutqarish uchun endi «Leopard»lar va «Marder»larga muhtoj», — qo‘shimcha qildi u. 

Rossiya Ukrainada rossiyalik o‘qituvchilarning qo‘lga olinganini rad etdi. Ilgari bosib olingan hududlarga dars berish uchun borgan barcha rus o‘qituvchilari «hozirda vaziyat Rossiya harbiylari tomonidan nazorat qilinayotgan», shuningdek, o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hududlarda, dedi Rossiya ta’lim vaziri Sergey Kravsov. Avvalroq Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi davomida ozod qilingan Ukraina hududlarida Ukraina maktablariga dars berish uchun kelgan rossiyalik o‘qituvchilar qo‘lga olingani, endilikda ular urush qonunlari va urf-odatlarini buzish jinoiy moddasi bo‘yicha sud qilinishini bildirgandi.

Mariupol merining maslahatchisi Petr Andryushchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan bosib olingan shahar maktablarida o‘qituvchilar birinchi sinf o‘quvchilariga ular «Rossiyaning bir qismi», ukrainlar esa «natsistlar o‘ylab topgan xalq» ekanini aytgan. «Mariupol. Bolalarning miyasini yuvish boshlandi. Birinchi sinf o‘quvchilariga o‘qituvchilar ular Rossiyaning bir qismi ekanliklarini aytishdi. Uyga vazifa - Rossiya madhiyasini o‘rganish», - deb yozdi Andryushchenko Telegram’da. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top