08:38 / 15.09.2022
2905

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari ishlab chiqarish holatini o‘rganish maqsadida Muborak gazni qayta ishlash zavodida bo‘ldi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodida gazni qayta ishlash qurilmalarida olib borilayotgan loyihalar, qurilmalardagi ta’mirlash ishlari va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yuzasidan o‘rganish olib borildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ma’lumki, Muborak gazni qayta ishlash zavodi respublikadagi gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash bo‘yicha lokomotiv zavodlardan biri hisoblanadi. 

Yillik gazni oltingugurtdan tozalash quvvati qariyb 30,0 mlrd kub mni tashkil etadi. Zavod 1971 yildan faoliyatini boshlagan bo‘lib, respublika iste’molchilariga uzluksiz gaz yetkazib berishda katta hissasini qo‘shib kelmoqda.  

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” dastlab, zavoddagi tabiiy gazni qayta ishlash qurilmalarida amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlarini, ya’ni qurilmalarning 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi.

Zavodda tasdiqlangan rejali ogohlantiruvchi ta’mirlash jadvaliga asosan 81 ta obektda kapital va joriy ta’mirlash belgilangan bo‘lib, hozirgi kunda jami 67 ta obekt to‘liq ta’mirlanib, qurilmalar kelgusida betalafot, to‘xtalishlarsiz ishlashiga zamin yaratilgan. 

Qolgan obektlarda ta’mirlash ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Ushbu ishlar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun zarur bo‘lgan materiallar bilan ta’minlash, texnologik uskunalarni barqaror ishlatish uchun zarur ta’mirlash va diagnostika ishlarini olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Asosiy qurilmalar va yordamchi obektlarda 2022-2023 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ta’mirlash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash maqsadida chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib, bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.

Zavod hududida ishlab chiqarilgan oltingugurt mahsuloti tarkibidan mexanik aralashmalarni ajratib olish bo‘yicha zavod ichki imkoniyatidan kelib chiqib yaratilgan qurilma bilan ham tanishildi. 

Shuningdek, zavod va boshqa jamiyat tarkibidagi korxonalarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib qurilishi loyihalashtirilayotgan nordon gaz tarkibidan oltingugurt ajratib olish qurilmasini qurish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

O‘rganish davomida zavoddagi mavjud gazni qayta ishlash qurilmalari, xususan gaz tarkibidan propan-butan aralashmasi olish qurilmasi faoliyati bilan yaqindan tanishilib, gazning sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosi holati ko‘rib chiqildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Muborak GQIZ tomonidan 2022 yil uchun 8 oyida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘ldi, suyuq uglevodorodlar 277,7 ming tonna bo‘lib, reja 115% ga bajarilgan, suyultirilgan gaz 197,9 ming tonna ishlab chiqarilib, reja 110% ga bajarilgan, gaz kondensati 79,8 ming tonna yoki reja 129% ga bajarilgan, oltingugurt ishlab chiqarish 153,9 ming tonna, reja 101% ga bajarilgan.

Ushbu davrda, respublikaning aholi ehtiyojlari uchun “Hududgazta’minot” AJ korxonalariga 161,3 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti yuklab jo‘natilib, reja 104% ni tashkil etgan.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha joriy yil yakuniga qadar tasdiqlangan reja grafiklari asosida qurilmalarda ketma-ketlikda ta’mirlash ishlarini yakunlash, tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlari yanada yaxshilash hamda suyultirilgan gaz va kondensat ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha zavod rahbariyati va tegishli departament boshliqlariga topshiriqlar belgilab berildi.

 “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top