17:54 / 15.09.2022
6808

Toshkentda 156 ta tender savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Aksilmonopol qo‘mitaga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida Toshkent shahrida jami boshlang‘ich qiymati 107,12 mlrd so‘mlik 156 ta tanlov (tender) savdolari qonunga zid tarzda o‘tkazilgan.

2022 yilning 8 oyi davomida, Toshkent shahridagi budjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan boshlang‘ich narxi jami 2 590,9 mlrd so‘mlik 1974 ta tanlov (tender) savdolari o‘tkazilib, shundan 156 ta tanlov (tender) savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar bermoqda.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga zid tarzda o‘tkazilgan tender savdolarining umumiy boshlang‘ich qiymati 107,12 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Rasmiy xabarda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan tashkilotlarning ayrimlari sanab o‘tilgan: 66-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabi, Bektemir, Mirobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari, Yashnobod tuman xalq ta’limi bo‘limi, “Uzbekistan Airways Technics” MChJ, R.Gliyer nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Ko‘prikqurilish tresti” UK qoshidagi 13-Ko‘prikqurilish otryadi, Olmazor tuman hokimligi, Mirobod tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, “Toshkent issiqlik markazi” DUK Toshkent ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi, “Uz Chasys” MChJ, “Otel O‘zbekiston” MChJ, ko‘zi ojizlar maktab-internati, Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasi, Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litseyi va boshqalar.

Yuqorida sanab o‘tilganlar va yana 52 ta tashkilotga ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

23 ta xarid buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilingan, 81 ta xaridda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar yuzasidan chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot kiritilgan.

Avvalroq, Senatning 32-yalpi majlisida Tanzila Norboyeva hududlarda qurilish kompaniyalari bir vaqtning o‘zida 10-20 talab qurilish loyihalarini yutib olayotgani, bu esa sifatni tushirayotganini aytgandi. Uning savollariga javoban qurilish vaziri o‘rinbosari Shukrullo Jahongirov “-5” tizimi ishga tushishini ma’lum qilgandi.

Top