08:20 / 16.09.2022
14775

Yevrokomissiya rahbari Kiyevda: urushning 204-kunidagi asosiy voqealar

Yevropa komissiyasi rahbari Kiyevga yetib keldi. Rossiya kuchlari yana Kriviy Rig gidrotexnika inshootlariga zarba berdi. AQSh Qodirov va uning oilasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. 

Foto: Reuters

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini 204-kunida, 15 sentabr, payshanba kuni Rossiya qo‘shinlari qo‘shni davlatning qo‘lga olingan aholi punktlarini nazorat ostida ushlab turishga urinishni, Ukraina Qurolli kuchlari (UKK) va uning hududiy mudofaa bo‘linmalari esa tajovuzga qarshilik ko‘rsatishni davom ettirdi. Ukraina janubi va sharqida Ukraina kuchlarining qarshi hujumi davom etmoqda. Urishayotgan tomonlar vakillari bayonotlarini mustaqil manbalardan tekshirishning iloji yo‘q. 

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya havo va raketa zarbalari, shuningdek, yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlaridan o‘qqa tutilgan Ukrainaning 20 dan ortiq aholi punkti, xususan, Kriviy Rig, Nikopol, Bilogirka, Marinka, Vilxivka, Oskil, Mikolaiv, Ochakiv, Lyubomirivka, Gulyaypole va Mirne infratuzilmasi zarar ko‘rgan. «Sutka davomida dushman Ukraina hududidagi harbiy va fuqarolik nishonlariga 5 ta raketa, 5 ta aviatsiya zarbasi berdi va reaktiv artilleriya tizimlaridan 23 marta o‘q uzdi», — deyiladi Bosh shtabning kechki tezkor hisobotida.

Ukraina Bosh shtabi, shuningdek, «dushmanning Slobojanske yo‘nalishida sezilarli yo‘qotishlari» haqida xabar berdi. «Shu tariqa, harbiy harakatlarda qatnashgan okkupatsion kuchlarning 2-armiya korpusining 202- va 204-o‘qchi polklari Lugansk oblasti vaqtincha ishg‘ol qilingan hududiga shoshilinch ravishda olib chiqilib, tarqatib yuborildi. Shaxsiy tarkibning qolgan qismi safarbarlik rezervi bo‘linmalari o‘rtasida taqsimlandi. Novoaydar aholi punktida yaradorlar ko‘pligi sababli fuqarolik tibbiyot muassasalari, jumladan, bolalar shifoxonasi zudlik bilan harbiy gospitallarga aylantirilmoqda», deyiladi ma’lumotda. 

Bundan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiyaning harbiy xizmatchilar zaxirasini mahkumlar hamda davlat korxonalari va muassasalari xodimlari hisobidan, shuningdek, «ko‘p bolali oilalar uchun harbiy xizmatga chaqirish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish va milliy asosda tuzilgan hududiy batalonlarni majburan tashkil etish orqali» to‘ldirish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi. 

Ayni paytda, Rossiya kuchlari Kriviy Rigning muhim infratuzilmasiga ikkinchi kundan beri zarba bermoqda. «Yana ikkita zarba gidrotexnika inshootlari hududiga berildi», deb yozdi shahar harbiy ma’muriyati boshlig‘i Aleksandr Vilkul Telegram’da. U Rossiya hujumini «terrorchilik harakati» deb atadi. «Krivbasning faqat tinch aholi bilan bog‘liq muhim infratuzilmasiga qanotli raketalar bilan zarbalar berildi. Yo‘qotishlar yo‘q», - dedi u. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir kun avval tug‘ilib o‘sgan shahrining o‘qqa tutilishi, natijada Karachuni suv ombori to‘g‘oni buzilgani va shaharning muhim qismi suv ostida qolganini izohlar ekan, Rossiya harbiylarini «tinch aholiga qarshi kurashayotgan nimjonlar» deb atadi. «Tarixni insonlar yozadi, inson bo‘lmaganlar - hech qachon. Siz tarixda kim bo‘lib qolasiz? Bu raketalar bilan zarba berganlar bo‘lib. Bizning yerga kelganlar sifatida. Nimjonlar. Siz - tinch aholiga qarshi kurashayotgan nimjonlarsiz. Jang maydonidan qochib, uzoqdan zarar yetkazmoqchi bo‘layotgan qabihlar. Sizlar o‘z nabiralaringiz uyaladigan terrorchilar bo‘lib qolasizlar», dedi Zelenskiy Rossiya harbiylariga rus tilida murojaat qilib. 

Shuningdek, Rossiyaning Kirovograd oblastidagi infratuzilma obektlariga raketa zarbalari bergani xabar qilingan. «Petrovskiy hududiga dushman raketalarining kelishi qayd etilgan. Bosqinchi infratuzilma obektlarini vahshiylarcha yo‘q qilishga urinmoqda. Bitta raketa havo hujumidan mudofaa orqali urib tushirildi», deb yozdi Telegram’da oblast harbiy ma’muriyati boshlig‘i Andrey Raykovich. Raykovich qanday obektlar haqida gap ketayotganini aytmadi.

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh mintaqalarida Ukraina tomonidan o‘q uzilayotgani ham xabar qilinmoqda. Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina bilan chegaradagi «Nexoteyevka» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida yong‘in chiqqani haqida xabar berdi. «Belgorod tumani Nexoteyevka qishlog‘ini o‘qqa tutish davom etmoqda. O‘qlardan biri yonilg‘i quyish shoxobchasiga tegib, yong‘in sodir bo‘ldi. Qurbonlar yo‘q, yonilg‘i quyish shoxobchasi uzoq vaqtdan beri ishlamayotgandi. Yonilg‘i yo‘q. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalari voqea joyiga jo‘nab ketishdi», dedi u. Keyinroq Gladkov tekshiruv davomida bojxona terminaliga zarar yetkazilgani aniqlanganini aytdi. 

Kiyevga Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen tashrif buyurdi. U Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushdagi so‘nggi harbiy muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u jarayonni hali mustahkamlash kerakligini tushunadi, «lekin Ukraina qurolli kuchlarining jasorati hayratlanarli». Fon der Lyayyen Ukraina rahbarini Bryussel Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishiga ishontirdi. «Ukrainaliklar, qurbonlar ko‘lami bo‘yicha biz hech qachon siz bilan tenglasha olmaymiz, ammo shuni aytishimiz mumkinki, sizning yevropalik do‘stlaringiz qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha siz bilan birga bo‘lishadi», - deb va’da berdi YeK raisi.

Zelenskiy, o‘z navbatida, havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainani Rossiya zarbalaridan himoya qilishning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ushbu mudofaa tizimlarini yetkazib berish ehtimoli bo‘yicha Isroildan haligacha ijobiy javob olmagan. Bu Yevrokomissiya rahbarining urush boshlanganidan beri Ukrainaga uchinchi tashrifidir.

Yevroparlament Yevropa komissiyasining Ukrainaga 5 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy kredit berish haqidagi taklifini ma’qulladi. «Bu YeIning 9 milliard yevro miqdoridagi qo‘llab-quvvatlash paketining ikkinchi va eng yirik transhi bo‘lib, shundan 1 milliard yevrosi o‘zlashtirildi. Komissiya Kiyevdagi hukumatga juda qulay shartlarda kredit beradi», - deyiladi yevropalik deputatlarning ovoz berish natijalariga ko‘ra bergan bayonotida. Qonun loyihasi Yevroparlamentning shoshilinch tartibi doirasida ma’qullangan. U 534 ovoz bilan qabul qilindi, 30 deputat qarshi chiqdi, 26 nafari esa betaraf qoldi.

Shu bilan birga, Germaniya mudofaa vaziri Kristin Lambrext Berlin Ukrainaga yana ikkita MARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi (YaO‘RT) va 50 ta Dingo zirhli texnikasi yetkazib berishini ma’lum qildi. Ukraina talab qilgan piyoda jangovar mashinalari va jangovar tanklarni yetkazib berish haqida Lambrext e’lon qilmadi. 

Rossiya va Xitoy rahbarlari Vladimir Putin va Si Jinping Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tayotgan Samarqandda uchrashdi. Ukrainada urush boshlanganidan beri birinchi uchrashuvda ular birdamlikni namoyish etdi. Putin Pekinning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga nisbatan «muvozanatli» pozitsiyasini olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Pekin birgalikda «xalqaro huquq va BMTning markaziy roliga asoslangan» ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish tarafdori hamda Rossiya-Xitoy hamkorligini chuqurlashtirish uchun yangi turtkiga umid qilmoqda. 

Xitoy G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qoraladi va Putinning Ukrainadagi xatti-harakatlarini tushunishini bildirdi. Si Putinni «eski do‘st» deb atadi, Xitoy «shunday tez o‘zgarib borayotgan dunyoni barqaror va ijobiy rivojlanish yo‘lga solishi» uchun Rossiya bilan hamkorlik qilishini aytdi. 

AEXA boshqaruvchilar kengashi Rossiyadan Zaporijjya atom elektr stansiyasini (ZAES) bosib olishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda Reuters 35 davlat vakillarining yopiq majlisidagi diplomatik manbalarga tayanib. Bu - boshqaruvchilar kengashi tomonidan qabul qilingan ikkinchi qaror bo‘lib, birinchisi mart oyida, ZAES rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tishidan oldin tasdiqlangan. Reuters xabariga ko‘ra, hozirda kengashning 26 davlati hujjatni qo‘llab-quvvatlagan, yetti davlat betaraf qolgan, ikkitasi – Rossiya va Xitoy qarshi chiqqan.

Ayni paytda AQSh Checheniston rahbari Ramzan Qodirov, uning uch nafar xotini va uch nafar farzandiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Hammasi bo‘lib, yangi ro‘yxatga Rossiyaning 40 dan ortiq jismoniy shaxslari va 30 dan ortiq yuridik shaxslari kiradi. Qodirovning o‘zi ham shu kuni Rossiya mintaqalari «o‘zini safarbar qilish»ni amalga oshirishi va Ukrainadagi urushga jo‘natiladigan ko‘ngillilarni tayyorlashi kerakligini aytdi. «Kreml harbiy holat e’lon qilishini kutish yoki aksincha, Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya» tugashini poylashning hojati yo‘q, deb yozdi u Telegram’da. 

O‘z navbatida, Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Habek Ukrainani qayta tiklash uchun, aftidan, taxminan 350 milliard yevro kerak bo‘lishini aytdi. Uning tushuntirishicha, bu miqdor unga Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko tomonidan berilgan. Robert Habekning so‘zlariga ko‘ra, bunday mablag‘ni to‘plash uchun xususiy sarmoya samaradorligini oshirish jamg‘armasini tashkil etish kerak. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top