08:21 / 19.09.2022
6139

“O‘zbekning bag‘rikengligini chindan his qildim”. O‘zbekiston ShHT sammitida qatnashgan xorijlik muxbirlar nigohida

Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHTning 22-sammiti munosabati bilan bu qadimiy shaharga minglab mehmonlar, yuzlab muxbirlar kelishdi. Kun.uz muxbiri ularning tashkilotchilik, xususan o‘zbek oshxonasi haqida fikrlari bilan qiziqdi.

Murtazo Salangi, pokistonlik jurnalist:

– O‘zbekistonning, bu yerda yashovchilarning mehmondo‘stligiga shaxsan guvoh bo‘ldim. Tashkilotchilik ham ko‘ngildagidek, bemalol ishlashimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Taqdim etilgan taomlarga kelsak, men o‘zim Islomoboddagi o‘zbek oshxonasiga muntazam borib turaman. Ha, hayron bo‘lmang, bizda ham o‘zbek oshxonalari bor va ularning taomlari juda mazali.

Lekin O‘zbekistondagi yeguliklar mazasi haqida alohida to‘xtalmoqchiman – ular juda totli! Mamlakatingiz turizm salohiyati rivojida bu jihat alohida o‘rin tutishiga ishonaman.

 

Kozim Husayn, Eron teleradiokompaniyasi muxbiri:

– Eronda O‘zbekistonni yaxshi bilishadi, o‘ylaymanki o‘zbekistonliklar Eron haqida ham yetarli tasavvurga ega. O‘zbeklar mehmondo‘stligi a’lo darajada, taomlar esa biz o‘ylagandan ham mazaliroq ekan. Mahalliy taomlardan palov juda yoqdi. Bizning taomlarimizda o‘xshashliklar ham bisyor.

Bizni kutib olgan va hamroh bo‘lgan mezbonlar nihoyatda odamoxun ekanlar. Tanimagan hamkasblarimiz ham kelib mehmondorchiliklarga taklif qilganlarida o‘zbek bag‘rikengligini chindan his qildim. Hammasi uchun rahmat!

Gleb Ivanov, “Argumenti i fakti” nashri muxbiri, Rossiya:

– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Bunga qadar ko‘p davlatlarda, jumladan Yaponiya, Argentinada bo‘lganman. Ammo mehmondo‘stlikda, musofirga xayrixohlikda sizlardan ham o‘rganishga arziydigan jihatlar ko‘p ekan. Meni O‘zbekistonda gazetamizni muntazam o‘qib boradigan, saytimizni kuzatadigan muxlislar ko‘pligi quvontirdi.

 

Charos Akbarova, tashkilotchi:

– ShHT tadbiriga uzoq va jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Mehmonlar, xususan 600 nafardan ortiq OAV vakillariga xizmat ko‘rsatish uchun asosan Toshkentdan xodimlar jalb qilganmiz. Bundan tashqari, samarqandlik hamkasblarimiz ham bizga yaqindan yordam berishyapti.

Taomlarimiz to‘liq halol, bu jihatga alohida e’tibor berilgan. Shu bilan birga, turli davlatlar aholisining o‘ziga an’analaridan kelib chiqib ham tayyorgarlik ko‘rdik. Masalan, hindistonlik mehmonlarning aksariyati go‘sht yemasliklari, taomlari nisbatan achchiq bo‘lishini hisobga olib, ularga alohida taomlar tayyorladik.

Mehmonlarga mevalarimiz, shirinliklarimiz, taomlarimizdan oshimiz juda manzur bo‘lmoqda. Taomlar “Buyuk Ipak yo‘li” turizm markazining o‘zidagi oshxonalarda yetakchi oshpazlar tomonidan tayyorlanmoqda va idishlarda matbuot markazlariga olib kelinyapti. O‘ylaymanki, mehmonlarimizga lozim darajada xizmat ko‘rsata olyapmiz. 

Abror Zohidov, Samarqand.

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Top