13:08 / 21.09.2022
14457

Yuzlab haydovchilar Rossiya-Qozog‘iston chegarasida qolib ketdi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor

Rossiya chegarasida ko‘plab haydovchilar Qozog‘istonga o‘tkazilmayapti. Sababi esa noma’lum, mas’ullar vaziyat o‘rganilayotganini aytmoqda.

Rossiya va Belorusiyadan taxta ortib, Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘l olgan ko‘plab haydovchilar hafta bo‘lyaptiki, turli chegara-o‘tkazish punktlarida qolib ketishgan. Xususan, “Mashtakova”, “Ozinki”, “Sagarchin” chegara punktlarida yuzlab yuk tashuvchilar solyarkasiz, pulsiz kun o‘tkazayotgani aytilmoqda.

“9 sentabr sanasida Rossiyaning Savinskaya viloyatidan O‘zbekistonga qarab yo‘l oldim. Yo‘lga chiqqanlar orasida rus, o‘zbek, qirg‘iz, tojik, belorus yuk mashinalari ham yo‘lga chiqib, mana hozir ushlab turilibmiz. 13 sentabr kuni barchamizga AKT tuzib berildi va biz “Sagarchin”ga qaytarib yuborildik. Bu yerda turganimga bir hafta bo‘lyapti. Lekin hech kim munosabat bildirgani yo‘q”. 

Shuningdek, yuk tashuvchilarning ta’kidlashicha, haydovchilarning barcha hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, ular majburan ushlab turilibdi.

“Chiqmaslik bo‘yicha qaror 13-sanada joriy etilgan, vaholanki, men 9-sanada yo‘lga chiqqanman. Bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tdik, deklaratsiyalarni ham berishdi, hamma hujjatlarimiz joyida, kelamiz, bu yerda Rossiya o‘tishga qo‘ymaydi”,– deydi yana bir haydovchi.

“Rossiya va Belorusiyadan taxta yuklayotganda hujjatlar berildi, lekin chegaraga kelganda “taxta bilan o‘tmaysan” – deb turishibdi. 3 sutka bo‘lyapti, hamma shu yerda yotibdi.

O‘zbek yigitlari Rossiya chegarasida “Mashtakova”da qolib ketishdi. Shunga bir chora ko‘rib, qo‘shni davlatlar bilan muzokara qilib, bizni yurtga qaytarishingizni so‘raymiz”,– deydi yana bir yuk tashuvchi.

Bundan tashqari, Rossiyaning boshqa chegara-o‘tkazish punktlarida ham ahvol shunday ekani aytilmoqda. Turli joylardan kelgan yuk tashuvchilar Qozog‘iston hududiga o‘tkazilmayapti.

Holat yuzasidan Kun.uz Transport vazirligidan izoh olishga urinib ko‘rdi.

“Rossiya Federatsiyasida yog‘och mahsulotlarini olib chiqib ketishning o‘z tartibi bor. Ya’ni yog‘och mahsulotlarini aniq belgilab berilgan nazorat-o‘tkazish punktlari orqali olib chiqib ketish belgilangan. Haydovchilar belgilanganmagan nuqtaga borgani uchun ularni to‘xtatib qolishgan.

Bu bo‘yicha elchixonaga xabar berilgan. O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ) ham bor, ular orqali ham xat chiqariladi. Shundan keyin nima bo‘lishi ma’lum bo‘ladi.

Hozircha Rossiyaning qonunchiligi bo‘yicha ularning o‘zi noto‘g‘ri ish qilgan. Bularning ko‘pchiligida yuk yuboruvchi va yuk qabul qiluvchining o‘rtasida shartnoma bo‘lishi kerak. Ko‘p holatlarda ularning qo‘lida shu narsa yo‘qligi ham muammo tug‘diradi. Shunchaki, og‘zaki kelishuvning oqibatida chegarada mana shunday holat yuzaga keladi”,– deydi matbuot kotibi. 

Mavzuga oid
Top