08:02 / 28.09.2022
17131

Germaniya va Daniya «Shimoliy oqim»dagi ehtimoliy sabotajni tekshirmoqda

«Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarida uchta shikastlanish aniqlangan. Germaniya va Daniya rasmiylari hodisa sabablarini aniqlashga harakat qilmoqda.

Foto: Shutterstock

«Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarida bir vaqtning o‘zida uchta shikastlanish aniqlanganidan so‘ng, Germaniya va Daniya rasmiylari hodisa sabablarini o‘rganishga harakat qilmoqda. Daniya harbiy-dengiz kuchlari va Germaniyadan kelgan mutaxassislar surishtiruv ishlarini olib bormoqda, deb xabar berdi dpa agentligi 27 sentabr, seshanba kuni huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, sizib chiqish sabablari hali aniqlanmagan, ammo ba’zi ma’lumotlar sabotaj ehtimolini ko‘rsatmoqda va agar gap ataylab zarar yetkazish haqida ketayotgan bo‘lsa, unda texnik qiyinchiliklarni hisobga olgan holda, zarar uchun faqat davlat javobgar bo‘lishi mumkin.

26 sentabrga o‘tar kechasi uchta sizib chiqish - bittasi «Shimoliy oqim-2»da va ikkitasi «Shimoliy oqim-1»ning ikkala tarmog‘ida aniqlandi. Uchalasi ham Bornholm orolining shimoli-sharqidagi Daniya maxsus iqtisodiy zonasida sodir bo‘lgan.

Polsha gaz quvurlaridagi sizib chiqish Rossiya provokatsiyasi bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. «Biz yuqori xalqaro keskinlik holatidamiz. Afsuski, sharqiy qo‘shnimiz doimiy ravishda agressiv siyosat olib bormoqda. Agar u Ukrainada agressiv harbiy siyosat olib borishga qodir bo‘lsa, G‘arbiy Yevropaga ham provokatsiyani inkor etib bo‘lmasligi aniq», dedi Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Markin Pshidach.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya gaz quvurlaridagi vaziyatdan qattiq xavotirda. «Haqiqatan ham, bosim sezilarli darajada kamaydi va bu haqiqatan ham misli ko‘rilmagan holat bo‘lib, shoshilinch tergov talab qiladi. Biz bu yangilikdan juda xavotirdamiz», - dedi Peskov jurnalistlarga.

Yevrokomissiyaga uchta joyda sizib chiqish ro‘y bergani haqida ma’lumot taqdim etilgan - ulardan ikkitasi «Shimoliy oqim»da va bittasi «Shimoliy oqim-2» da. YeIning energetika masalalari bo‘yicha vakili Tim Makfining so‘zlariga ko‘ra, bu Yevropa ittifoqiga gaz yetkazib berish xavfsizligiga ta’sir qilmadi. «Sizga ma’lumki, so‘nggi paytlarda «Shimoliy oqim» orqali hech narsa yetkazilmagan, «Shimoliy oqim-2» esa ishlash uchun ruxsatnoma olmagan», — deya aniqlik kiritdi u 27 sentabr kuni Bryusseldagi brifingda.

Hozirda parnik gazlar sizib chiqishi ehtimoli baholanmoqda, shuningdek, gaz quvurlaridagi sizib chiqish dengiz navigatsiyasiga ta’sir qilganmi yoki yo‘qmi o‘rganilmoqda. Voqea sodir bo‘lgan hududlarda mahalliy hokimiyatlar maxsus kirish taqiqlangan zonalarini tashkil etdi.

Rossiyadan Germaniyaga olib boradigan «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri 2021 yilning kuzida qurib bitkazildi, biroq ishga tushirilmadi. 22 fevral kuni Germaniya Rossiyaning o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» mustaqilligini tan olishiga javoban uni ishga tushirish jarayonini to‘xtatdi. Shu bilan birga, ShO-1 gaz quvuri 24 fevralda Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi boshlanganidan keyin ham ishlashda davom etdi.

Rossiya bu quvur orqali gaz oqimini avvaliga kamaytirdi, keyin esa yagona ishlaydigan turbinaning nosozligini aytib, butunlay to‘xtatdi. Kreml Rossiyadan uning agregatlariga texnik xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgan sanksiyalar bekor qilinmaguncha gaz quvuri ishga tushirilmasligini bildirdi.

Top