12:53 / 06.10.2022
9070

Shimoliy Koreya yana ballistik raketalarni uchirdi

Seul KXDR harakatlarini «jiddiy provokatsiya» deb atadi. Tokio qisqa vaqt ichida raketalarning takror uchirilishini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb hisobladi.

Foto: Kyodo

Shimoliy Koreya raketa sinovlarini davom ettirdi. 6 oktyabr, payshanba kuni KXDR Yaponiya dengizi tomon ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi, deb xabar bermoqda «Yonhap» agentligi Janubiy Koreya harbiylariga tayanib. Raketalardan biri maksimal 80 kilometr balandlikda 350 kilometr, ikkinchisi esa 60 kilometr maksimal balandlikda 800 kilometr uchgan. Bunday parvozlar Yaponiya hukumati tomonidan ham tasdiqlandi.

Janubiy Koreya qurolli kuchlari bunday xatti-harakatlarni «jiddiy provokatsiya» deb atadi va bu «nafaqat Koreya yarimorolidagi tinchlik va barqarorlikka, balki xalqaro hamjamiyatga tahdid soladi», deya ma’lum qildi. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Shimoliy Koreyaning qisqa vaqt ichida qayta-qayta raketa uchirishini «butunlay qabul qilib bo‘lmas holat» dedi.

25 sentabrdan beri KXDR oltita raketa sinovini o‘tkazdi, deb eslatadi dpa agentligi. 4 oktyabr, seshanba kuni Pxenyan o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani uchirdi. So‘nggi besh yil ichida birinchi marta raketa Yaponiya arxipelagi ustidan uchib o‘tdi va bu Tokio, Seul va xalqaro hamjamiyatning boshqa a’zolari noroziligiga sabab bo‘ldi.

Bunga javoban AQSh va Janubiy Koreya 5 oktyabr kuni ikki marta yer-yer sinfidagi raketa sinovini o‘tkazdi. «Yonhap» agentligi Janubiy Koreya Bosh shtabiga tayanib, Amerika va Janubiy Koreyaning ATACMS raketalari Yapon dengizi tomon yo‘naltirilganini xabar qildi. Ayni vaqtda Seul tomonidan otilgan raketalardan biri harbiy baza hududiga tushgan. Ushbu hodisada qurbonlar yo‘q.  

Payshanba kungi raketa uchirilishi Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik kengashiga qilgan murojaati munosabati bilan Qo‘shma Shtatlarni qoralaganidan bir soat o‘tgach sodir bo‘ldi, deya qayd etadi Reuters. Pxenyan raketa uchirilishini AQSh-Janubiy Koreya qo‘shma mashg‘ulotlariga qarshi chora sifatida ko‘rishini aytdi va bu manyovrlar mintaqadagi keskinlikni kuchaytirmoqda, deb hisobladi.  

Shimoliy Koreya, shuningdek, AQShni USS Ronald Reagan aviatashuvchi kemasini Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlariga ko‘chirgani uchun qoraladi. Bungacha kema to‘rt yil ichida birinchi marta Janubiy Koreyaga yetib keldi hamda Janubiy Koreya va Amerika qo‘shinlarining birgalikdagi dengiz manyovrlarida qatnashdi. «Yonhap» agentligi xabariga ko‘ra, aviatashuvchi Janubiy Koreya va Yaponiyaning xalqaro suvlarda o‘tkazayotgan mashg‘ulotlarida ishtirok etishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid
Top