09:00 / 08.10.2022
10385

Samarqandda «Abu Ali ibn Sino va Buyuk Ipak Yo‘li» I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

7 oktyabr 2022 yil Abu Ali Ibn Sino (Avitsenna) tavalludining 1042 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Ibn Sino jamoat fondi”, “China-Uzbekistan medicine technical park” va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish Agentligi hamkorligida xalq tabobati bo‘yicha “Abu Ali ibn Sino va Buyuk Ipak yo‘li” I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Foto: SamDTU matbuot xizmati

Anjumanda O‘zbekiston, Germaniya, Isroil, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Malayziya, AQSh, Tojikiston, Turkiya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardan yetakchi tashkilotlardan ekspert va olimlar xalq tabobati sohasiga oid 50 dan ortiq ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Xalqaro anjuman va uning doirasida o‘tkazilgan mahorat darslarida mingdan ziyod zamonaviy va an’anaviy tibbiyot sohalari mutaxassislari, biologlar, kimyogarlar hamda farmatsevtlar onlayn va oflayn formatda ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev, “Ibn Sino jamoat fondi” boshqaruvi raisi Nozimxon Maxmudov, O‘zbekiston Tabobat Akademiyasi raisi prof. Ibroxim Asqarov (Uzbekistan), Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy, “Gano Excel” xalqaro korporatsiyasi prezidenti Leou Sun Seng (Malayziya), “Ibn Sino Akademiyasi” prezidenti prof. Sayyid Zillur Rexman (Hindiston), Xalqaro Avitsenna jamg‘armasi prezidenti prof. Mixael Sach (Isroil), MDH iqtisodiy rivojlanish biznes markazi bosh direktori Vadim Ganin, (Rossiya), “Shina-Uzbekistan medicine technical park” bosh direktori, kimyo fanlari doktori S.B.Abdubakiyev (Xitoy) qutlov so‘zlari bilan anjumanni ochib konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Anjumanning rasmiy ochilish marosimidan so‘ng Samarqand davlat tibbiyot universiteti va “Ibn Sino” jamoat fondi, Daegu Haany universiteti (Koreya), Yevropa tibbiyot assotsiatsiyasi (Germaniya), shuningdek, “Ibn Sino” jamoat fondi va Isroil dorivor o‘simliklar uyushmasi, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, Qozog‘iston an’anaviy va xalq tabobati tibbiyot mutaxassislari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Xalqaro konferensiya ishi 4 shu’bada davom etdi va “Ta’lim va xalq tabobati”, “Fan va xalq tabobati”, “An’analar va xalq tabobati”, “Dorivor o‘tlar va xalq tabobati” kabi yo‘nalishlarda dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan “Xalq tabobatida ekstrakt Ganoderma lucidum mahsulotining roli”, “Azotli geterosiklik birikmalar asosida yangi dori vositalarini ishlab chiqish”, “Virusli va bakterial infeksiyalarni kompleks davolashda o‘simlik vositalaridan foydalanish imkoniyati”, “Koreyada an’anaviy tibbiyot tarixi va an’anaviy va sport tibbiyoti bo‘yicha onlayn dasturlar”, “Akupunktur va osteopatiya Ibn Sino tushunchalari bilan” “O‘z-o‘ziga yordam berish va uy sharoitidagi dorixona: Rose Spa misolida”, “Avitsennaning pulsdiagnostikasini amalga oshirish tavsiyalari” mavzularida mahorat darslari ham o‘tkazildi.

Xalqaro konferensiyada “Abu Ali ibn Sino: o‘tmish falsafasi – kelajak taraqqiyot garovi” mavzusida xalq tabobati bo‘yicha navbatdagi II xalqaro ilmiy-amaliy anjumanini “Abu Ali ibn Sino va taraqqiyot” - an’anaviy XII Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari doirasida o‘tkazish rejalashtirildi.

O‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya shubhasiz buyuk merosimizni yanada kengroq o‘rganishga, an’anaviy tibbiyot sohasini rivojlantirishga,  iqtidorli yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishga, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim muassasalarida o‘qitish sifatini yanada oshirishga va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

SamDTU matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top