16:36 / 10.10.2022
57983

Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston bilan chegara kelishuvi tafsilotlarini ma’lum qildi

Chegara masalasida kelishilmagan eng muhim joy – Kampirravot suv ombori (Andijon suv ombori) atrofidagi 5 ming gektarga yaqin yer O‘zbekistonga o‘tadigan bo‘lgan.

Foto: Kaktus media

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev mamlakat parlamentida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston bilan chegara delimitatsiyasi doirasidagi yer almashuvlari haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, kelishuv bo‘yicha O‘zbekiston 4 485 gektar, Qirg‘iziston esa 19 699 gektar yer oladi.

Tashiyevga ko‘ra, Qirg‘iziston quyidagi yerlarga ega chiqadi:

  • G‘ovasoy hududi (G‘ovasoy daryosi o‘tgan hudud) – 12 949 gektar;
  • Ola-Buqa tumanidagi Ko‘kserek qishlog‘i – 105 gektar;
  • Ola-Buqa tumanidagi Bayastan qishlog‘i – 212 gektar;
  • Ungar-Too tog‘i – 35 gektar;
  • Qorasuv tumanidagi Oqtosh qishlog‘i – 100 gektar;
  • Ola-Buqa tumanidagi Qorabeles qishlog‘i – 25 gektar (avval O‘zbekiston tarkibida bo‘lgan);
  • Shahrixonsoyning bir qismi – 19,5 gektar;
  • So‘zak tumanidan qo‘shimcha 500 gektar;
  • O‘zgan tumanidan qo‘shimcha 500 gektar;
  • O‘rta to‘qay suv ombori – 1 009,5 gektar (to‘laligicha);
  • Ola-Buqa tumanidagi Birinchi may va Ko‘kserek qishloqlari;
  • Oqsoy tumanidagi Jyetigen, Kerben va «Aeroport» qishloqlari – 571 gektar;
  • Nooken tumanidagi Shamaldisoy qishlog‘i – 1 088 gektar;
  • Aravon tumani – 148 gektar;
  • Qadamjoy tumanidagi Ko‘kdala va Pildiriq hududlari – 1 013 gektar.

Shuningdek, Tashiyev Kampirravot suv ombori yaqinidagi 4 485 gektar yer O‘zbekistonga o‘tganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv omborida suvning gorizontal sig‘imi hajmi 908 metrdan 900 metrga tushirilgach, 1 246 gektar yer bo‘shagan va bu yerlar Qirg‘izistonga o‘tgan.

«Avvallari Kampirravot suv omboridan faqat O‘zbekiston fuqarolari foydalana olardi. Endi esa boshqaruv teng yo‘lga qo‘yiladi: ikki davlatdan 4 kishidan bo‘ladi. 70 yil davomida suv omboridan foydalanishni O‘zbekiston mustaqil belgilab keldi. Endi Qirg‘iziston fuqarolari suvdan erkin foydalana oladi: [ekinlarni] sug‘orish, hayvonlarni sug‘orish, baliq ovlash va nasos bilan suv tortishlari mumkin bo‘ladi», dedi Tashiyev.

«Biz g‘alaba qozondik deya olmayman, ammo bir qarich joyimizni ham bermadik. Ba’zilar yomon yerlarni oldik deyapti, unday emas, juda yaxshi, hosildor yerlarni oldik. U yerlarda hatto oltin ham bor, O‘zbekiston o‘z vaqtida oltita litsenziya bergan, shunga qaramay bu yerlarni olishga muvaffaq bo‘ldik», dedi qo‘shni davlat MXQ raisi.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv imzolansa, Qirg‘iziston hududi 15 806 gektarga kengayadi.

10 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘izistonning O‘zgan tumanida Kampirravot suv omboridagi yerlar O‘zbekistonga o‘tayotganidan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar to‘plangani aks etgan videolar tarqaldi.

Avvalroq Sadir Japarov chegara masalasini hal qilishda birgina tumandagilarning fikri bilan cheklanib qolmasligi kerakligini aytgandi.

Qirg‘izistonda chegara delimitatsiyasi doirasida O‘zbekiston eng yaxshi joylarni olib ketayotgani haqida aytib kelishadi. O‘tgan yillarda ham aynan suv ombor atrofidagi yerlar berilishidan norozi bo‘lgan qirg‘izlar keskin e’tirozlar bildirgandi.

Mavzuga oid
Top