14:25 / 11.10.2022
4599

Belarus Yevropa ittifoqi elchisining vizasini uzaytirishdan bosh tortdi

Belarus hukumati Dirk Shubelning vizasi va akkreditatsiyasini uzaytirishdan bosh tortdi. 64 yoshli nemis diplomati Belarusda inson huquqlari buzilishini keskin tanqid qilgan. 

Foto: IMAGO

Keskin tanqidiy bayonotlar fonida Yevropa ittifoqining Belarusdagi elchisi - nemis diplomati Dirk Shubel Minskdagi o‘z lavozimini tark etdi. «Belarus hukumati viza va akkreditatsiyani yana bir yilga uzaytirmaslikka qaror qildi, bu esa mandatimni bajarishni juda qiyinlashtirmoqda», — deb yozdi Shubel 11 oktyabr, seshanba kuni o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

2019 yildan buyon YeIning Minskdagi missiyasini boshqarib kelayotgan 64 yoshli diplomat o‘z postida Belarusda 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng «inson huquqlari va xalqaro huquqning qo‘pol tarzda buzilishini» tanqid qildi. Qayd etilishicha, «saylov natijalari soxtalashtirilgan va begunoh odamlarga doimiy zo‘ravonlik bilan amalga oshirilgan». 

Shubelga ko‘ra, bugun Belarusda 1340 dan ortiq siyosiy mahbus bor, Yevropa ittifoqi ularni hech qanday shartlarsiz zudlik bilan ozod etishni talab qilmoqda. Diplomat 7 oktabr kuni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgan huquq himoyachisi Ales Belyatskiyni ozod qilishga chaqirdi. Belyatskiyga ushbu mukofot Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari tashkiloti va Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi bilan birga berildi. 

Yevropa ittifoqi hozirda Aleksandr Lukashenkoni Belarus prezidenti sifatida tan olmaydi va Belarus muxolifati yetakchilaridan biri, surgundagi Svetlana Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlamoqda. Ko‘pgina belaruslar Tixanovskayani 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘olib deb bilishadi. 

Dirk Shubelning aytishicha, bundan buyon u Ukraina, Armaniston, Gruziya va sobiq SSSRning boshqa respublikalarida fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga qaratilgan Yevropa ittifoqining Sharqiy hamkorlik dasturida ishtirok etadi. 

Mavzuga oid
Top