17:00 / 11.10.2022
8344

Rossiya Ukraina energetika tizimiga zarba berishda davom etayotganini ma’lum qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning muhim infratuzilmasiga zarba berishni davom ettirayotganini ma’lum qildi. 

Foto: AFP

«Bugun Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Ukrainaning harbiy qo‘mondonlik va nazorat obektlari hamda energetika tizimiga yuqori aniqlikdagi uzoq masofali havo va dengiz qurollari bilan yirik zarba berishda davom etdi», dedi Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Igor Konashenkov Moskvadagi brifingda.

Kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina shaharlariga yirik raketa hujumlari Mudofaa vazirligi taklifi va Rossiya Federatsiyasi Bosh shtabining rejasiga muvofiq amalga oshirilayotganini ma’lum qilgandi.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Ukraina hududini ommaviy o‘qqa tutishi natijasida 23 kishi halok bo‘ldi, 100 kishi yaralandi. Bu haqda Ukraina prezidenti devonining o‘rinbosari Kirilo Timoshenko ma’lum qildi.

Uning Telegram’dagi postiga ko‘ra, Kiyev shahrida eng ko‘p qurbon kuzatilgan - 7 kishi halok bo‘lgan va 49 kishi yaralangan. Donetsk oblastida olti kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi. Zaporijjya oblastida – 5 kishi halok bo‘ldi va 8 kishi yaralandi, Dnepropetrovskda – 4 kishi halok bo‘ldi va 21 kishi yaralandi, Kiyev oblastida – bir kishi halok bo‘ldi, to‘qqiz kishi yaralandi, Sumida – ikki nafar, Xarkiv, Xerson va Cherkas oblastlarida – bir kishi yaralandi.

Bundan oldin Ukrainaning butun hududi bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilingandi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 10 oktyabr kuni Rossiya tomonidan yarim kun ichida uchirilgan raketalarning o‘rtacha umumiy qiymati 400-700 million dollarga yetadi. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, kechqurun Ukrainaga 84 ta qanotli raketa va 24 ta dron uchirilgan. 

Hujumlarning X-101, X-555, «Kalibr», «Iskander», S-300 va «Tornado-S» raketalari bilan amalga oshirilganini qayd etgan Forbes, ular narxi nishonga yetib borgan raketalarning aksariyati qimmat degan faraz asosida hisoblanganiga e’tibor qaratdi. Ular - yuqori aniqlikdagi X-101 va taktik masofali raketalar (S-300, «Tornado-S»), qolganlari esa havo mudofaasini ortiqcha yuklash uchun yuborilgan. 

10 oktyabrda uchirilgan barcha dronlarning umumiy qiymati bir necha million dollarni tashkil etadi, deb yozadi nashr.

Mavzuga oid
Top