10:03 / 11.10.2022
5638

Shvetsiya Rossiyaga «Shimoliy oqim» bo‘yicha tekshiruv natijalarini bermaydi

Shvetsiyaning «Shimoliy oqim» quvurlariga yetkazilgan zarar sabablari bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruv natijalari maxfiy, biroq har bir davlat o‘z tekshiruvini o‘tkazishga haqli, dedi bosh vazir Magdalena Andersson.

Foto: Insider

Shvetsiya Rossiyaga qirollikning maxsus iqtisodiy zonasida sodir bo‘lgan «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlariga yetkazilgan zarar sabablarini o‘rganish natijalarini taqdim etishdan bosh tortdi. Bosh vazir Magdalena Anderssonning 10 oktyabr, dushanba kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Shvetsiyada surishtiruvlar «maxfiy» hisoblanadi va bu ish uchun ham amal qiladi.

Har bir davlat o‘z tergovini o‘tkazishda erkin, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi o‘rab olingan voqea joyi atrofi ochib qo‘yilganiga ishora qilib. Rossiya bir necha bor Daniya va Shvetsiyaning «Shimoliy oqim» bo‘yicha tergoviga qo‘shilish istagini bildirgan.

Ayni paytda, Germaniyada 10 oktyabrdan buyon Federal prokuratura bu ishni tergov qilmoqda. Mahkama vakilining so‘zlariga ko‘ra, «har ikkala quvur tarmog‘i ham kamida ikkita portlash oqibatida ataylab shikastlangani haqida yetarli dalillar mavjud». Federal prokuratura bu energetika infratuzilmasiga jiddiy hujum bo‘lib, mamlakat xavfsizligini xavf ostiga qo‘yganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Germaniya adliya vaziri Marko Bushman nemis rasmiylari yevropalik hamkorlar bilan birgalikda bu qo‘poruvchilik uchun kim javobgar ekanligini aniqlashiga ishontirdi. «Biz «Shimoliy oqim» gaz quvurlariga qilingan hujumdan qo‘rqib o‘tirishimizga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi u jurnalistlarga.

26 sentabrga o‘tar kechasi Daniyaning Bornholm oroli yaqinidagi Daniya va Shvetsiya maxsus iqtisodiy zonalarida «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlariga shikast yetganligi aniqlandi. Avvalroq Skandinaviyadagi ikki davlat seysmologlari ushbu hududda suv ostidagi portlashlarni qayd etgan edi.

Gaz quvurlarining shikastlanishi natijasida boshlangan gaz sizib chiqishi oktabr oyi boshida to‘xtadi. 9 oktyabr kuni Germaniya hodisa sabablarini tekshirishni boshladi: shu kuni Germaniya harbiy-dengiz kuchlarining ikkita kemasi g‘avvoslar bilan Bornholm oroliga yo‘l oldi, ular quvurlarga yetkazilgan zararni hujjatlashtirishi kerak.

Mavzuga oid
Top