15:50 / 18.10.2022
49084

Benzema Hollivud yulduzi kabi yashaydi: shaxsiy samolyot, Dubaydagi ziyofatlar, fil bilan futbol

Karim Benzema bolaligini Lion shahrining pana-pastqam joylarida o‘tkazgan. 

Foto: Instagram

O‘tgan asrning 60-70-yillarida fransuz hukumati sinov tariqasida ko‘p kvartirali arzon turar joy binolarini qurish loyihasini ishga tushiradi. Shu tarzda go‘zal fransuz shaharlari chekkasida, bir-biridan farq qilmaydigan, ko‘p qavatli, zerikarli, kulrang uylar paydo bo‘ladi. Bunday tajriba fransuzlarga unchalik yoqmadi va aholi yashash joylarini tezda muhojirlar egallab olishdi. 

80-yillarda Lion chekkasidagi shunday hududlardan birida Jazoirning kichik qishloqchasidan ko‘chib kelgan Benzema oilasi qo‘nim topdi. Biroz keyinroq oilada Karim dunyoga keldi. 

Lion chekkasidagi bunday hududlarda bolalar uchun faqat bitta xavfsiz ko‘ngilxushlik bo‘lgan – futbol. Karim ham barcha tengdoshlari qatori ko‘chada to‘p tepish bilan kun o‘tkazardi. 

Katta bo‘lgach, «Lion» o‘rinbosarlari jamoasida uzoq ushlanib qolmadi va asosiy tarkibga o‘qdek uchib kirdi. Ammo uning uchun deyarli hech narsa o‘zgarmadi. Qattiqqo‘l ota-onasi u soat 22:30 dan keyin ko‘chaga chiqishiga ruxsat bermasdi. Tungi klublar, qimmatbaho mashinalar va shubhali kimsalar Karim uchun yot bo‘lib qolaverdi. 

2009 yilda «Real»ga o‘tgandan so‘ng, uning turmush tarzi tubdan o‘zgardi: ota-onasi Lionda aka-ukalari bilan qolishdi, bank hisob-raqamiga esa yiliga 4 mln yevro tusha boshladi. 

Nihoyat, Karim o‘zi xohlagandek yashashga imkon topdi. Bir necha yil o‘tgach, GQ nashriga bergan intervyusida Karim hayotdagi shiorini so‘zlab berdi: «Men hayotni yaxshi ko‘raman. Har bir daqiqadan zavq oladigan tarzda yashashga harakat qilaman». 

Benzema sayohat fanati. U shaxsiy samolyot sotib oldi va muhim vaziyatlarni yozib olish uchun professional videografni yolladi 

Karimning asosiy sevimli mashg‘uloti sayohat qilishdir. Bir tomondan olganda siyqasi chiqqan gapdek tuyuladi, ammo yoshligini pana-pastqam joylarda va mashg‘ulotlarda o‘tkazgan yigit har qanday ko‘ngilochar tadbirdan xursand bo‘lishi tabiiy hol. 

Karim yiliga kamida ikki marta Dubayga boradi, yozda Amerikaga, dam olish kunlari esa Ibitsa oroliga (ha, uning didi shunday). 2016 yilda Karim hatto shaxsiy Gulfstream G200 Business Jet samolyotini sotib oldi. Uning narxi 4 milliondan 20 million yevrogacha va hatto «Real» futbolchisi uchun ham bu juda hashamatli edi. 2016 yilda Karim yiliga 6 millionga yaqin maosh olgan, 2019 yildan beri 7,5 – 9 million atrofida olyapti. O‘sha paytda samolyot egalarining elita klubida faqat Krishtianu, Messi va Neymar bor edi. 

Karim nafaqat sayohatni, balki hayot lahzalarini foto va videoga muhrlashni ham yoqtiradi (Instagramʻda 33,5 million obunachisi bor). U hatto professional videograf va fotosuratchi Merojye ismli yigitni ham ishga yollagan. 

«Karim qayoqqadir ketayotgan bo‘lsa, uni sezdirmasdan suratga olaman. Uni hamma joyda kuzatib boraman: uyda, sport zalida, mashinada. Shuning uchun menda juda ko‘p materiallar bor. Bir daqiqalik video tayyorlash uchun bir yarim soatlik materialni suratga olaman», deydi Merojye. 

Merojye bilan hamkorlik qilish orqali Karim ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari sonini ko‘paytira oldi. 

Benzema va Dubayning «sevgi hikoyasi»: u yerda tug‘ilgan kunini nishonlaydi, 500 dollarlik zarhal bifshteks yegan va politsiya mashinasini haydagan 

Karim Dubayga tez-tez borib turadi. 

«Nega men Dubayga tez-tez boraman? Menga muhit yoqadi. Quyosh nur sochgan, hamma narsa chiroyli va zamonaviy. U yerda hamma narsa qimmat, lekin boy odamlar uchun ajoyib joy», deb tushuntiradi forvard. 

4 yillik muntazam parvozlar davomida Benzema Dubaydagi barcha ko‘ngilochar joylarga kirib chiqqan. 

Xayolga keladigan birinchi joy – mashhur oshpaz Salt Bae restoranida kechki ovqat. Turk oshpazi oddiy bifshteks tayyorlashni ajoyib shouga aylantirgan va uning o‘ziga xos harakatlari (go‘shtga tuz sepish jarayoni) You Tubeʻda millionlab marta tomosha qilinadi. Shu sababli Instagram ahli uchun Salt Bae restoranida ovqatlanish Bali orolida ta’tilni o‘tkazish kabi muhim. Karim 500 dollarga oltin kukuni sepilgan go‘shtga buyurtma berdi. Oshpaz unga go‘shtga qaramasdan kesishni buyurdi. 

Dubayda u hatto politsiya mashinasini boshqardi. Dastlab u politsiya mashinasida olingan videoni joylab, muxlislarni qo‘rqitib yubordi (Madridda forvard muntazam ravishda jarimaga tortiladi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi). So‘ngra hammani tinchlantirdi. Politsiyachilar uni tanib qolib, «Lamborgini» mashinasini boshqarishga ruxsat berishganini aytdi. 

Benzemaning Dubaydagi eng sevimli joyi bu mashhur italyan dizayneri Roberto Kavalli franshizasi bo‘lgan Cavalli tungi klubidir. Har yili 23 dekabrda, Benzema o‘zining tug‘ilgan kunini shu joyda nishonlaydi. U klubni bir kunga ijaraga olib, shovqinli ziyofat uyushtiradi. 

«Karim o‘z ziyofatlari haqida ko‘p gapirardi, lekin ular bunchalik shovqinli ekanini bilmasdim. Men Karim bilan bir og‘iz gaplashishga ulgurdim. U asosan mehmonlar bilan band bo‘ldi va juda ko‘p zavqlandi», — deb eslaydi Modrich. 

Benzema miltiqdan o‘q otishga ishqiboz, jonivorlarni yaxshi ko‘radi va fil bilan futbol o‘ynagan 

Benzema miltiq otishni yaxshi ko‘radi. U Madriddagi uyi yerto‘lasida tir bo‘lishini orzu qiladi, ammo bunga bolalari to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun, Benzema poligonlarda shug‘ullanadi. 2018 yilda u Mayami o‘qchilar klubida o‘zini namoyon etgan. 

«Bugun mehmonimiz fransiyalik hujumchi Karim Benzema edi. U merganlik mahoratini ko‘rsatdi! Umid qilamizki, Karim yana biz bilan birga bo‘ladi», deb yozgandi klubning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi. 

Benzema jonivorlarni ham yaxshi ko‘radi (xayriyatki, u merganlik va jonivorlarga bo‘lgan qiziqishini birlashtirmagan). 

Muammo shundaki, Karim noyob jonivorlarni yoqtiradi, ular bilan suratga tushadi. Bu odati tufayli hayvonlarni muhofaza qilish tarafdorlaridan dakki yeb turadi. 

2017 yil fevral oyida Benzema Martinika milliy bog‘ida yovvoyi iguana bilan suratga tushgandi. Bu jonivor odamlarga o‘rganmagan va qo‘lga olinsa tushkunlikka tushib qoladi. 

So‘ngra Dubayda bolalari – yetti oylik Ibrohim va to‘rt yoshli Meliyaning yo‘lbars bolasi bilan o‘ynayotgani suratlarini qo‘ydi. 

«Yo‘lbarschaning onasi qayerda? Uni nima qilmoqchisiz? U tabiiy muhitda baxtiyor yashashi mumkinligi haqida o‘ylamadingizmi?» deb yozdi ish beruvchilar kasaba uyushmasining sobiq rahbari Lorens Parizo. 

Karim ustalik bilan javob qaytardi: «Hurmatli Parizo xonim, shoshilinch xulosa chiqarishdan oldin ko‘proq ma’lumot olishingiz kerakdir. Albatta, agar bu sizning shaxsiy ambitsiyalaringizni qondirish uchun bo‘lmasa». Parizo tvitiga 1,5 ming, Karimning javobiga 13 ming layk bosildi. G‘olib aniq. 

2019 yil dekabr oyida Benzema va do‘stlari Dubaydagi milliy bog‘ bo‘ylab sayohat qilishdi. Bu noyob qo‘riqxona hududi 225 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Yigitlar filni payqab qolishdi va suratga olish uchun to‘xtashdi. Kimdir to‘p olib keldi va ular fil bilan kvadrat o‘ynashdi. O‘sha kuni Merojye yo‘q edi, shuning uchun ijtimoiy tarmoqqa sifatsiz video yuklandi. 

Atrofda jonivorlar bo‘lmasa, Karim ekstremal sportga yuzlanadi. 2015 yil yanvar oyida «Real» Dubayda «Milan» bilan nazorat o‘yinini o‘tkazdi. Shundan so‘ng Benzema o‘zining sevimli shahrida bir necha kun qoldi. U qanday qilib Anchelottidan ruxsat olgani noma’lum, biroq yigit parashyutdan sakramoqchi ekanini aytmagan bo‘lsa kerak. 

Karim mashhur Skydive Dubai parashyutdan sakrash markaziga chopdi. U yerda ulkan aeroport qurilgan va 4 ming metr balandlikdan parashyutda sakrash mumkin. Chipta narxi (fotosuratchi bilan birga) 550 dollarga teng. Karimga omad kulib boqmadi. U fotosuratlarni Instagramʻga joylamadi, ammo Marca voqeadan xabar topdi va bu haqda yozdi. Natijada «Real» uni jarimaga tortdi. 

Karim – amerikalik reper Tupak Shakur ijodining ishqibozi. «Oltin to‘p»ni qabul qilish marosimiga ham aynan uning shamoyilida keldi. Buni ko‘pchilik payqadi. 

2017 yilda ikkinchi farzandi tug‘ilganidan keyin Karim o‘zini ancha bosib oldi: ziyofatlar kamaydi, farzandlari tarbiyasi bilan ko‘proq shug‘ullana boshladi, mashg‘ulotlarda faollashdi. Lekin Dubayga qiladigan sayohatlari – tig‘iz jadvalidagi yagona zaif nuqtalari bo‘lib qolaverdi.

Top