15:19 / 21.10.2022
6957

Urgutda o‘quvchini urib quloq pardasini yirtib yuborgan maktab direktoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Direktor 6-sinf o‘quvchisi bo‘lgan 11 yoshli o‘quvchini paqildoq otganlikda gumonlab urgan. Oqibatda uning quloq pardasi yirtilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 61-maktab direktori o‘quvchini urib mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanligi sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi 61-maktab direktori o‘z lavozimidan ozod qilinganini ma’lum qilgandi.

Viloyat XTBga ko‘ra, 2022 yil 12 oktyabr kuni soat 13:30 larda 61-maktabning 6-sinfida dars o‘tayotgan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi koridorda direktorning ovozini eshitgach, chiqib unga bolalar darsga quloq solmasdan pirotexnika vositalarini portlatayotganidan shikoyat qilgan.

Direktor sinfxonaga kirib so‘rab o‘tirmasdan shu sinf o‘quvchisi D.H.ni urib ketgan. Tibbiyot xodimlari direktor urgan bolaning quloq pardasi yirtilganini qayd etishgan. Guvohlarning ta’kidlashicha, jabrlanuvchi sinfdagi bezorilikda ishtirok etmagan.

Shundan so‘ng, Urgut tumanidagi 61-maktab direktori B.R. viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilgan.

«Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi har qanday holatda ham o‘qituvchilarning o‘quvchilarga bo‘lgan agressiv munosabatlarini qoralaydi. Ustoz deganda, ko‘z oldimizda mehr-muhabbat timsoli gavdalanadi. Bejizga ustozlar haqida gap ketganda, «mehri daryo ustozlar» deya ta’rif berilmaydi. Ustozlar, maktab rahbarlari nafaqat yurish-turishi, balki, odob-axloqi, muomala madaniyati bilan ham atrofdagilarga shaxsiy namuna bo‘lishlari shart va lozimdir», deyiladi viloyat XTB munosabatida.

Mavzuga oid
Top